Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 06:55

“Sport” telekanali: Yevropa chempionatlarini namoyish qilmaymiz!


O‘tgan yili "Sport" telekanali Osiyo Futbol Konfederatsiyasi Chempionlar ligasi o‘yinini Al-Jazira telekanalidan yozib olib ko‘rsatdi. (Surat Sanjar Rizayevning Twitter sahifasidan olindi)
O‘tgan yili "Sport" telekanali Osiyo Futbol Konfederatsiyasi Chempionlar ligasi o‘yinini Al-Jazira telekanalidan yozib olib ko‘rsatdi. (Surat Sanjar Rizayevning Twitter sahifasidan olindi)
"Sport" telekanali Yevropaning futbol bo‘yicha kuchli beshlik chempionatlarini 1 martdan boshlab yana efirga uzatishi mumkinligi haqidagi xabarni inkor qildi. Mahalliy matbuot orqali telekanalda Angliya, Germaniya, Ispaniya, Italiya va Frantsiya chempionatlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatishga hozirlik borayotgani xabar qilingan edi. Telekanal rahbariyati Yevropa chempionatlari o‘tkazilayotgan paytda jonli efir orqali faqat maxsus ko‘rsatuv namoyish qilishga qaror qilgan.

"Sport" telekanali rahbariyati Ozodlik muxbiriga futbol bo‘yicha Yevropa chempionati musobaqalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatish yo‘lga qo‘yilishi haqidagi mahalliy matbuot xabarini inkor qildi.

Telekanalning 25 fevral kuni Ozodlikka so‘zlagan ismini oshkor qilmayotganimiz mulozimiga ko‘ra, "Sport" telekanali Yevropa chempionatlarini namoyish bo‘yicha shartnomaga ega emas.

"Bizda hech qanday hujjat yo‘q. Bu borada shartnomaga ega emasmiz. Biz Yevropa chempionatlarini translyatsiya qilish huquqiga ega emasmiz. Reja bor. Lekin hali amalga oshganicha yo‘q", dedi telekanal mulozimi.

Uning aytishicha, chempionatlar payti jonli efirda maxsus ko‘rsatuv namoyish qilinib, o‘yindan lavhalar olib beriladi.

"O‘yin payti to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatiladigan ko‘rsatuvda o‘yindan 15 daqiqa olib ko‘rsatiladi. Keyin studiyaga taklif qilingan futbol mutaxassislari o‘yin borasida fikrlarini bildirishadi. Yana 15 daqiqa va yana mutaxasislar fikri. Har bir o‘yinda shu shakldagi ko‘rsatuv to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatiladi", dedi "Sport" telekanali mulozimi.

18 fevral kuni Uff.uz, Stadion.uz saytlari, "Erudit Sport” gazetasi kabi bir qancha mahalliy nashrlar 1 martdan boshlab "Sport” telekanali orqali Angliya, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Frantsiya chempionatlarini, Yevropa va Osiyo chempionlar ligasi, Yevropa Ligasi musobaqalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatish yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar tarqatgan edi.

“Sport” telekanali O‘zbekiston hududida mahalliy va xalqaro sport musobaqalarni translyatsiya qiladigan yagona telekanal hisoblanadi.

Biroq o‘tgan yilning bahorida "Sport" telekanali futbol bo‘yicha Ispaniya kubogi finali va Angliya chempionatining so‘nggi tur o‘yinlarini namoyish qilishni to‘xtatdi.

Stadion.uz muxbiri Cardor Yusupov Yevropa chempionati o‘yinlari namoyishining to‘xtatilish sabablarini mustaqil tahlil qilib, buni translyatsiyalar uchun pul talab qilinganiga bog‘ladi.

Sardor Yusupovga ko‘ra, "Sport" telekanali yillar davomida xorijiy chempionatlar translyatsiyasi uchun bir tiyin to‘lamasdan o‘yinlarni namoyish qilib kelgan.

Tasdiqlanmagan ma‘lumotlarga ko‘ra, “Sport” telekanalining xorijiy chempionatlarni bepul namoyish qilib kelgani uchun telekanalga katta miqdorda jarima solingan va shundan so‘ng xalqaro musobaqalar translyatsiyasi to‘xtatilgan.
XS
SM
MD
LG