Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:42

Xo‘jaylilik quruvchi: Namunaviy uylar 4-5 yilda to‘kilib tushadi!


Islom Karimov namunaviy uylar tomlari cherepitsadan bo‘lishi kerak deb aytgandi, biroq hozir bu uylar tomlari arzon tunukalar bilan yopilmoqda.
Islom Karimov namunaviy uylar tomlari cherepitsadan bo‘lishi kerak deb aytgandi, biroq hozir bu uylar tomlari arzon tunukalar bilan yopilmoqda.
Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumanidagi To‘kesh ovulida qurilgan namunaviy uylar sifati juda pastligidan Ozodlikka shikoyat kelib tushdi. Bu uylar qurilishida ishlagan suvoqchining aytishicha, qurilish materiallari o‘g‘irlangani sifatsizlikning asosiy sababidir. Xo‘jayli tumani hokimligi bosh mutaxassisi Taksiboy Narimboyev bu ma‘lumotni qisman tasdiqladi va yangi uylar komissiya tomonidan qabul qilinmaganini aytdi.

Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumanida istiqomat qiladigan 35 yoshli Saparali (ismi o‘zgartirilgan) quruvchi bo‘lib ishlaydi. U o‘n yil Toshkent shahri va Qozog‘istonda turli xil ob‘ektlar qurilishida suvoqchi, g‘isht teruvchi bo‘lib ishlagan.

O‘tgan yili Saparali va uning ukasi Xo‘jayli tumanining Oybek massividagi To‘kesh ovulida qurilgan namunaviy uylarda "Mahalla qurilish" tashkiloti bilan og‘zaki shartnoma tuzib, suvoqchilik qilgan.

Bu qurilish ortida turgan kamchilik va o‘g‘irlikka guvoh bo‘lgan Saparali prezident nomi bilan qurilayotgan bu uylarning sifatsiz bo‘lishi ortida turgan qing‘ir ishlar haqida Ozodlikka birma-bir aytib berdi.


“Poydevor mustahkam emas”

Saparalining aytishicha, namunaviy uylarning sifatsizligi avvalo ularga qo‘yilgan poydevordan boshlanadi:

- Fundament yaxshi qo‘yilmaydi. Kerakli chuqurlik kavlanmasdan, shunday qoq yerning ustiga fundament qo‘yishadi. Rastvorda tsement juda kam. Bu uylar juda ko‘p bilan 3-4 yil turadi, keyin cho‘kadi. Men hali qurilib bitmasdan o‘rtasidan tars yorilib ketib, g‘ishtlari ko‘rinib qolgan uylarni ham ko‘rdim, - deydi Saparali.


“Bir KamAZ qumga 10 qop tsement”

Quruvchiga ko‘ra, namunaviy uylar poydevorining cho‘kib, devorlardagi suvoqlarning to‘kilib ketishiga tsementning eritmaga yetarli miqdorda qo‘shilmagani sabab bo‘lmoqda.

- Tsement yetarli miqdorda qo‘shilmaganidan so‘ng hech narsa ushlamaydi. G‘isht terishda tayyorlaydigan rastvorimiz shunday qum bo‘lib yotardi. Tasavvur qiling, bir KamAZ mashina qumga 10 qop tsement beradi. Bu rastvor bo‘ladimi keyin? Toza qum yetmagandan keyin tuproq ham ishlatdik. Tualet vannaga bosilgan kafellar ham tushib ketyapti. Polning ahvoliga esa qarab bo‘lmaydi. DSP qoqilgan, yursangiz lapanglaydi, - deydi Saparali.


“Qurilish materiallari o‘g‘irlanadi”

Saparalining aytishicha, uylarning sifatsizligiga qurilish materiallarining o‘g‘irlanishi sabab bo‘lmoqda.

- Prorablar, brigadirlar qurilish materiallarini bozorga olib chiqib sotishadi. Mening brigadir bo‘lib ishlaydigan tanishim bor. Bozorda uning qurilish mollari sotadigan do‘koni ham bor. To‘kesh ovulidagi namunaviy uylarga berilgan qurilish mollarini ana o‘sha magazinida sotadi.


Ishchilar va maosh

Namunaviy uylar qurilishida, asosan yollangan mardikorlar ishlaydi va ular bilan faqat og‘zaki shartnoma tuziladi. Saparalining aytishicha, ish haqining juda ozligi bois, yollangan quruvchilar ham ishni qo‘l uchida qilishadi.

- Masalan men uch qavat suvoq qilardim. Bir kvadrat metrga 1000 so‘mdan haq berardi. Bir uyning suvog‘i uchun 700-800 ming so‘m haq olardik. Uch-to‘rt usta shuni bo‘lishib olamiz. Agar shu ishni biz Qozog‘istonda qilsak kamida 4-5 ming dollar olgan bo‘lardik. Shuning uchun ustalar ham apil-tapil qilib, chiqib ketishaveradi. Keyin nima bo‘ladi, u bilan hech kimning ishi yo‘q, - deydi Saparali.


Hokimiyat: "Bu uylarni hali davlat komissiyasi qabul qilgani yo‘q!"

Xo‘jayli tumani hokimligining qurilish ishlari bo‘yicha bosh mutaxassisi Taksiboy Narimboyev Ozodlik bilan suhbatda haqiqatan ham qurilish ishlarida kamchiliklar borligini tan olar ekan, To‘kesh ovulidagi namunaviy uylar hali davlat komissiyasi tomonidan qabul qilinmaganini aytdi:

- To‘g‘ri, kamchilik bor. Lekin bu uylarga hali odamlar ko‘chib kirgani yo‘q. Hali davlat komissiyasi, ishchi komissiyasi qabul qilib olgani yo‘q. Bu uylar qurilishlarini pudratchi tashkilotlar tenderdan yutib olgan. O‘shalarning quruvchilari ishlayapti. 2013 yil qurilgan uylar hali rasman topshirilgani yo‘q, - dedi Taksiboy Narimboyev.


Usti yaltiroq, ichi qaltiroq

Ozodlikka murojaat qilgan ko‘plab o‘zbekistonliklar so‘nggi yillarda prezident topshirig‘i bilan qurilayotgan namunaviy uylarning aksariyati sifatsiz ekani va bu uylar qurilishi uchun asli kasbi quruvchi bo‘lmagan shaxslar jalb qilinayotganidan shikoyat qiladilar.

Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanidagi Namunaviy uylarni tashkilotlar yollagan mardikorlar quryapti. Ozodlik manbalariga ko‘ra, uylarning tomiga cherepitsa o‘rniga arzon tunukalar yopilmoqda, uylarning g‘ishti esa loy bilan terilayapti.

Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida o‘tgan yili qurilgan namunaviy uy egalariga ko‘ra¸ uy devorlari ayni kunlarda ërilib¸ suvoqlar uqalanib tushgan, issiqlik batareyalaridan suv oqib, pol taxtalari qayishib ketgan.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Vazirlar Mahkamasida 17 yanvar kuni qilgan chiqishida 2013 yilda qishloq joylardagi 353 ta massivda umumiy maydoni 1 million 500 ming kvadrat metr bo‘lgan 10 mingta shinam uy-joy barpo etilgani va bu maqsadlar uchun 650 million dollar miqdoridagi mablag‘ yo‘naltirilgani haqida maqtandi.

Ozodlik o‘rgangan ma‘lumotlarga ko‘ra, namunaviy uylar qurilishi uchun o‘qituvchi va shifokorlar oyliklaridan ushlab qolinayapti.

Xususan¸ 22 yanvar kuni Ozodlikka gapirgan jizzaxlik o‘qituvchilarga ko‘ra, mahalliy hokimlik o‘zlari va hatto o‘quvchilarga namunaviy uylar qurilishi uchun o‘lpon solmoqda.
XS
SM
MD
LG