Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:34

O‘zbek muhojiri fabrikadan o‘g‘irlagan 5 tonna konfetni "eb qo‘ydi"


Moskva politsiyasi zavoddan 5 tonna shirinlik o‘g‘irlaganlikda gumon qilingan o‘zbek muhojirini qo‘lga oldi. Politsiyaning "konfetlar qani", degan savoliga 27 yoshli o‘zbekistonlik migrant shirinliklarni "eb qo‘ydim", deb javob berdi.

27 fevral kuni Moskvaning Markaziy ma‘muriy okrugida joylashgan “Rot-Front” qandolatchilik xoldingi vakillari shirkat omborlaridan 5 tonnadan ziyod shirinlik mahsulotlari yo‘qolgani to‘g‘risida politsiyaga murojaat qildi.

Mahsulotlar yo‘qolgani shirkat ma‘murlari tomonidan omborda o‘tkazilgan tekshiruv paytida aniqlangan.

Moskvaning 2-chi Novokuznetskiy ko‘chasida joylashgan qandolatchilik sexlari omboridan yo‘qolgan shirinlik 1,5 million rubl (40 ming AQSh doll.-tahr.)ga baholandi, deya ma‘lum qildi hodisa yuzasidan tergov boshlanganini Ozodlikka aytgan Rossiya poytaxtining Markaziy ma‘muriy okrug bo‘yicha IIBsi rasmiy xodimi Yelena Selyutina.

U ombor atroflaridagi videokameralar yozuvlaridan o‘g‘irlikni shu omborda hammol bo‘lib ishlab kelgan 27 yoshli O‘zbekiston fuqarosi sodir etgani aniqlanganini ma‘lum qildi.

- U O‘zbekistondan kelgan ekan, shu shirkatda yuk tashish bilan shug‘ullangan. Rasman qaydda turgan, ishga ruxsatnomasi bo‘lgan. Asosan konfet mahsulotlari o‘g‘irlangan. Qizig‘i, uning sherigi borligini aniqladik. Kamera yozuvlarida u konfet qutilarini panjaradan oshirib, tashqariga otayotganini ko‘rish mumkin. U ancha vaqtdan beri ombordan qutilarni olib chiqqanlikda ayblanmoqda, deydi Yelena Selyutina.

Videoyozuvlar asosida politsiya o‘zbek muhojiri yashayotgan kvartiraga kirib borib, uni qo‘lga olgan.

“Biroq u yerda biror dona shirinlik topilmadi”, deya davom etadi politsiya vakilasi.

- Konfetlar hozirgacha topilmadi. U sotishga o‘g‘irlagan ko‘rinadi, ammo politsiyachilar savoliga u konfetlarning hammasini yeb qo‘yganini aytgan. Ko‘rinishidan soppa-sog‘, shuncha shirinlikni yeb qo‘yganini gapirayotgan bo‘lsa ham,- deya kulgisini yashira olmaydi politsiya vakili.

Hozircha tergov tugamagani bois o‘zbekistonlikning ismini oshkor etmasligini ham qo‘imcha qildi Moskva shahri Markaziy ma‘muriy okrugi bo‘yicha IIBsi rasmiysi Yelena Selyutina.

Politsiya shirinlik o‘g‘riligida ayblanayotgan ikkinchi shaxsni ham hozircha topa olmagan.

Shirinlik mahsulotlarini o‘g‘irlashda sherigini borligini inkor etib kelayotgan 27 yoshli O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 158 moddasi – “o‘g‘irlik” asosida jinoiy ish ochildi. Muhojir sud qarori bilan tergov tugagunicha hibsda qoladigan bo‘ldi.
XS
SM
MD
LG