Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:46

Blog: Yashasin senzura!


Shu turklarga qoyil qolmadim-da. Sirkasi suv ko‘tarmaydigan xalq ekan. Hadesa qo‘lida allambalo plakatlar ko‘tarib, namoyishga yig‘iladi. Bekorchixo‘jami, qiladigan ishi yo‘qmi? Yo bu namoyish degani bir ermak – hobbi bo‘lib qoldimi ularga?

Televizorda ko‘rsatdi, tunov kuni Istanbulda yana namoyish bo‘ldi. Taqsim maydonini tumonat odam bosdi. Bultur xiyobonni deb ko‘chaga chiqqandi minglab odam (Tavba, bitta xiyobondagi daraxtlar kesilsa kesilibdi, shungayam ota go‘ri qozixonami?! Ana, Toshkentda 150 yoshli chinorlarga qiron keltirildi, birov g‘ing demadi-ku!).

Bu gal internetda tsenzura joriy etilgani ommaning noroziligiga sabab bo‘ldi. Turkiya hukumati internetdagi terrorchilik, pornografiya va boshqa mavzudagi saytlarni sud qarorisiz yopib qo‘yish (blokirovka qilish) huquqiga ega bo‘ldi. Parlament bu haqdagi qonunni 6 fevralda qabul qilgandi. Prezident Abdulloh Gul ham paysalga solmay, temirni qizig‘ida bosdi: qonunni azza-bazza imzolavordi.

Turk muxolifati hukumatga internet saytlarini mahkama iznisiz yopib qo‘yish huquqi berilishini “so‘z erkinligining cheklanishi”, deb baholadi. Bu, ayniqsa, o‘tyurak yoshlarga ko‘p-da xush kelmadi. Qarabsizki, yana bir necha ming yalangto‘sh yosh-yalang Taqsim maydonida jam bo‘lib turibdi-ku.

O‘lmagan o‘zbekning joni ekan-da!

Turk hukumati-ku internet tsenzurasiga qonuniy tus beribdi – bu haqdagi qonunni parlament yo‘li bilan tasdiqlatib olibdi. O‘zbekistonda internet degani qachonlardan beri parlament-marlamentning qonunisiz, sud-pudning qarorisiz blokirovka qilinyapti-ku.

Turklar hadeb gustohlik qilavermay, Rajabboy akaga (Turkiya bosh vazirini aytyapman) rahmat desin. Bu yog‘ini so‘rasangiz, Rajabboy akamiz asli shu oddiy xalqni o‘ylab, internetni tsenzuralamoqchi-da. “Odamlarning qulog‘i tinch bo‘lsin, asabi buzilmasin” degan muddaoda yopmoqchi-da nobop saytlarni.

E-e, baribir tushunolmadim shu turklarni. Boshidan oftob uradimi, sharros yomg‘ir quyadimi, farqi yo‘q – haq deb turaverarkan namoyishda. Jonini huzurini bilmagan anoyilar! Undan ko‘ra, choyxonaga borib, oyoqni osmondan qilib yotmaysanmi, palovxonto‘rani paqqos tushirib, chilimni qurillatib tortib...

Ha-ya, chilim deganda yodimga tushib ketdi. G‘afur G‘ulomning “Shum bola”sida takyaxonadagi portlash sahnasi esingizdami? Manqaldondagi shisha qizib ketib, bexos portlab ketadi-ku. O‘shanda jon achchig‘ida yerga uzala tushib yotvolgan bangi Hoji bobo aytgan gap ham esingizdadir? “Aytgandim-a, hukumatning ishiga aralashmaylik, deb” deydi-ku joni ko‘ziga shirin ko‘rinib ketgan giyohvand chol.

Hoji bobo bekorga shunday demagan. Hoji bobo mansub o‘zbek xalqining ham bilgani bilgan. Arzimas masalalarni deb namoyishga chiqmaydi, jonini koyitmaydi. To‘g‘ri qiladi! Bundan naf yo‘qligini biladi-da.

Tsenzurani yo‘qotib bo‘larkanmi? O‘tda yonmaydigan, suvda cho‘kmaydigan o‘lmas Koshchey-ku u! Ura! Yashasin senzura!

Sobiq demokrat, sodiq avtokrat
XS
SM
MD
LG