Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 20:10

To‘raqo‘rg‘on qo‘ylari bo‘rilar hujumiga uchrayapti


Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumani hududidagi qishloqlarda bo‘rilar galasi aholi chorvasiga hujum qilib, qo‘ylarini bo‘g‘izlab ketayapti. Tuman hokimligidagi bo‘rilarga qarshi kurash bo‘yicha ishchi guruh ma‘lumotiga ko‘ra, so‘nggi qariyb yigirma kun ichida jami 77 ta yovvoyi hayvon otib, o‘ldirilgan.

Kunlar isishi bilan To‘raqo‘rg‘on tumani hududida bo‘rilar galasi aholining chorva mollariga hujum qilayapti.

Bu haqda Ozodlikka ma‘lum qilgan to‘raqo‘rg‘onlik manbaga ko‘ra, bo‘rilar hujumi, ayniqsa, tumanning Ibrat jamoa xo‘jaligi hududida ko‘proq kuzatilayapti.

- Qir tomonlarimiz bor. Ibrat jamoa xo‘jaligi hududi bor. O‘sha tomonlarda bo‘ldi shunaqa holatlar. 5-6 ta xonadonlarga kirib, 2-3 ta qo‘ylarini bo‘g‘izlab, yeb ketayapti. Ibrat xo‘jaligi bu markazning o‘zida. To‘raqo‘rg‘onning o‘zida. Tuman markaziga yaqin, uzoq bo‘lmagan joylarda qo‘ralar ichiga kirib yeb ketayapti ekan. Bizda tog‘ va o‘rmonlar yo‘q. Bilmadim qayerdan kelayapti ular. Qirdan tushayaptimi yoki Kosonsoy tomonlardan kelayaptimi. Kosonsoyda tog‘ bor. Bizdan taxminan 25-30 kilometr uzoqlikda, deydi ismini ochiqlamayotganimiz to‘raqo‘rg‘onlik.

To‘raqo‘rg‘on tuman hokimligidagi ismini ochiqlamayotganimiz manba bu xabarni tasdiqlab, talafotlar ko‘lami borasida aniq raqamlar yo‘qligini ta‘kidladi.

- Bundan xabardormiz. Hokimlikda ishchi guruh tuzilgan. Obodonlashtirish bo‘limi va tabiatni muhofaza qilish bo‘limlari hamkorligida bo‘rilarni ovlash uchun maxsus otryad tashkil qilingan, dedi hokimlik mulozimi.

Uning aytishicha, maxsus otryad a‘zolari joriy yilning 21 fevralidan buyon bo‘ri, chiyabo‘ri, yovvoyi mushuk, it kabi jami 77 ta yovvoyi hayvonni otib, o‘ldirgan.

Hokimlik mulozimiga ko‘ra, chorvasiga bo‘rilar hujum qilgan aholiga davlat tomonidan hech qanday moddiy yordam ko‘rsatilmagani uchun odamlar bo‘rilar hujumi borasida militsiyaga murojaat qilmaydi.

Aynan shu bois bo‘rilar tomonidan bo‘g‘izlangan chorva mollari sonini aniqlash imkoni kamligini qo‘shimcha qildi hokimlik mulozimi.

O‘tgan yilning bahorida ham tog‘li hududlaridagi qishloqlarda bo‘rilar gala-gala bo‘lib, aholining qo‘y va otlariga hujum qilgani kuzatilgan edi.

Jumladan, Toshkent viloyatining Chirchiq, Qibray va Bo‘stonliq tumanlaridagi tog‘li qishloqlarida yashovchi aholining chorvasiga bo‘rilar hujum qilib, qo‘y va otlarni bo‘g‘izlab ketgan edi.

Shuningdek, O‘zbekiston Adliya vazirligining rasmiy nashri “Inson va qonun” gazetasi ham Jizzaxning G‘allaorol va Forish tumanlarida bo‘ri va tulkilar ko‘paygani haqida xabar qilib, bo‘rilarning aholi xavfsizligiga daxl qilgani bois ayrim qishloqlarda tungi navbatchilik tashkil qilingani haqida yozgandi.
XS
SM
MD
LG