Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:39

Shvetsiya hukumati ham Gulnora Karimovani gumonlanuvchi deb e‘lon qildi


Gulnora Karimova Shvetsiya va Shveytsariya hukumatlari tomonidan pul yuvish va poraxo‘rlikda gumon qilinmoqda.
Gulnora Karimova Shvetsiya va Shveytsariya hukumatlari tomonidan pul yuvish va poraxo‘rlikda gumon qilinmoqda.
Shvetsiya bosh prokuraturasi O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovani katta miqdorda pora olganlikda gumon qilmoqda. Shvetsiya tergovchilarining Ozodlikka aytishicha, mamlakatning TeliaSonera shirkati Gulnora Karimova nazoratidagi firmalar orqali unga pora berganini ko‘rsatuvchi dalillar qo‘lga kiritilgan. Ikki hafta avval Shveytsariya prokuraturasi ham O‘zbekiston rahbarining qizi katta miqdorda pul yuvish jinoyatida gumon qilinayotganini e‘lon qilgan edi. Gulnora Karimova shaxsi bilan bog‘liq jinoyat tergovlari hozirda Yevropaning bir necha mamlakati va AQShda olib borilayotgani ma‘lum.

Dushanba kuni Stokholmda o‘tkazilgan matbuot anjumanida bu haqda ma‘lum qilgan Shvetsiya Bosh prokuraturasining korruptsiyaga qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i Gunnar Stetlerning Ozodlikka aytishicha, tergovchilar ixtiyorida bu gumonlarga yetarli asos beradigan dalillar bor.

- Gulnora Karimova biz tergov qilayotgan poraxo‘rlikka aloqadorligini ko‘rsatuvchi yetarli dalillar bor. Bu dalillar qanday ekanini sizga ochiqlay olmayman, lekin shuni aytishim mumkinki, oxir-oqibat TeliaSonera Gulnora Karimova nazorat qilgan shirkatlar hisob raqamlariga pul o‘tkazganini ko‘rsata olishga muvaffaq bo‘lamiz. Bu bizning gumonlarimiz va bu gumonlarimizga asos bo‘la oladigan yetarli dalillarimiz bor. Biz yana qo‘shimcha dalillarni qidirishda davom etamiz. Hozirda Gulnora Karimovani ayblash uchun yetarli dalillarimiz yo‘q, lekin uni gumonlash uchun yetarli dalillarimiz bor, dedi shved tergovchisi.

O‘zbekiston prezidentining qizi katta qismi Shvetsiya va Finlyandiya hukumatlariga qarashli TeliaSonera telekom kompaniyasidan 350 million AQSh dollari miqdorida pora olganlikda gumon qilinmoqda.

Shvetsiya tergovchilari TeliaSonera shirkati katta miqdordagi porani O‘zbekistonda biznes qilish va u yerdagi sho‘‘basi Ucell mobil operatori faoliyati uchun tegishli litsenziyalarni qo‘lga kiritish evaziga bergan, demoqda.

Gulnora Karimova allaqachon Shveytsariyada tergov qilinayotgan va TeliaSonera ishiga bevosita bog‘liq bo‘lgan, yirik miqdorda pul yuvish jinoyatiga doir ishda rasman gumonlanuvchi deb e‘lon qilingan. Shveytsariya prokuraturasi 12 mart kuni Ozodlik so‘roviga javoban Gulnora Karimova 2013 yil sentyabrida gumonlanuvchiga aylangani, lekin bu haqda endi ochiq e‘lon qilishga qaror qilinganini bildirdi.

"O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili sifatida, Gulnora Karimova o‘tgan yilning yoziga qadar diplomatik immunitetga ega bo‘lgan. 2013 yilning 16 sentyabrь kuni jinoyat tergoviga O‘zbekiston prezidenti qizini ham pul yuvish gumonlariga asoslangan holda jalb qilishga qaror qilindi", deyiladi Shveytsariya prokuratuarsi javobida.

Shveytsariya prokuraturasining Ozodlikka ma‘lum qilishicha, bu mamlakat banklarida Gulnora Karimovaga aloqasi borligi gumon qilinayotgan 1 milliard AQSh dollariga yaqin mablag‘ muzlatilgan.
...oxir-oqibat TeliaSonera Gulnora Karimova nazorat qilgan shirkatlar hisob raqamlariga pul o‘tkazganini ko‘rsata olishga muvaffaq bo‘lamizWrite Your Quote Here ...
Gunnar Stetler

Gulnora Karimovaning Shvetsiyada gumonlanuvchiga aylangani ehtimollari haqida Ozodlik o‘tgan yilning iyunь oyida xabar qilgan edi. O‘shanda Shvetsiya prokuraturasi Ozodlik va Shved jamoat televideniyesi ochiqlagan Gulnora Karimovaga tegishli ekani mutaxassislar tomonidan tasdiqlangan hujjatlar tergovchilarga taqdim qilinishini so‘rab, sudga murojaat qilgan edi. Prokurorlar aniq bir shaxsning ismini keltirmagani bois, Gulnora Karimova TeliaSonera shirkatidan pul tama qilganiga ishora qiluvchi bu hujjatlarni sud orqali qo‘lga kirita olmagan edi.

O‘zbekiston fuqarosi Gulnora Karimovani hibsga olish orderi beriladimi yoki uni so‘roqqa chaqirtirish uchun Toshkent rasmiylariga murojaat qilinadimi, yo‘qmi, bu haqda Shvetsiya va Shveytsariya rasmiylari izoh bermayotir.

Lekin TeliaSonera va Gulnora Karimova o‘rtasidagi shubhali oldi-berdilar yuzasidan Ozodlik bilan birga surishtiruv o‘tkazgan jurnalist Yoaxim Divfermark shved huquq-tartibot idoralari bunday so‘rovni allaqachon yuborgan bo‘lishi kerak, deya taxmin qiladi.

- Menimcha, agar buni allaqachon qilishmagan bo‘lsa, shvedlar yaqin orada Gulnora Karimovani so‘roq qilish imkoni berilishini so‘rab O‘zbekistonga rasman so‘rovnoma yuborishadi. Albatta, bunday imkon berilishiga shubhalarim bor, lekin bunday so‘rovnoma yuborilishiga ishonchim komil, deydi jurnalist.

Gulnora Karimovaga aloqador jinoyat ishlari Shvetsiya va Shveytsariyadan tashqari Frantsiya, Hollandiya, Finlyandiya, Latviya va AQShda ham tergov qilinmoqda.

Shu oy boshrog‘ida Hollandiya bosh prokuraturasi Rossiya va Norvegiyaga qarashli O‘zbekistondagi Beeline mobil operatori egasi Vimpelcom shirkati ustidan tergov boshladi. Hollandiya tergovchilari bosh qarorgohi Asmterdamda joylashgan Vimpelcom bilan birga TeliaSonera shirkatini ham tergov qilmoqda.

Hollandlar bilan parallel tarzda AQSh Adliya vazirligi va Qimmatbaho qog‘ozlar va birja operatsiyalari bo‘yicha komissiyasi ham Vimpelcom, TeliaSonera hamda Rossiyaning MTS shirkati ustidan taftish boshladi.
Vimpelcom va TeliaSonera Gulnora Karimovaning xos yordamchisi Gayane Avakyan nomiga Gibraltarda rasmiylashtirilgan Takilant Ltd. firmasi bilan oldi-berdi qilgan.
Vimpelcom va TeliaSonera Gulnora Karimovaning xos yordamchisi Gayane Avakyan nomiga Gibraltarda rasmiylashtirilgan Takilant Ltd. firmasi bilan oldi-berdi qilgan.
Bu uch yirik shirkatning kamida ikkisi Vimpelcom va TeliaSonera Gulnora Karimovaning xos yordamchisi Gayane Avakyan nomiga Gibraltarda rasmiylashtirilgan Takilant Ltd. firmasi bilan oldi-berdi qilgan. Shved tergovchilari aynan Takilant Ltd. TeliaSonera bilan Gulnora Karimova o‘rtasida pora oldi-berdisi vositasi bo‘lgan, deya gumon qilmoqda.

Shvetsiya prokuratuarsi tergovchisi Gunnar Stetler 12 mart kuni Ozodlikka bergan intervьyusida TeliaSonera ham, Vimpelcom ham O‘zbekistonda shubhali oldi-berdilarni amalga oshirish uchun ayni sxemalardan foydalanganini ta‘kidlagan edi.

Gunnar Stetlerning 25 mart kuni Ozodlikka aytishicha, Gulnora Karimova yuzlab million AQSh dollarini pora sifatida olganiga doir jinoyat ishini tergov qilishda bir necha mamlakat hamkorlik qilmoqda.

- Biz Shveytsariya, Frantsiya, Hollandiya, AQSh va boshqa mamlakatlar bilan muloqotdamiz. Bunday ishni tergov qilish boshqotirmadek bir gap. Biz bitta ishning turli bo‘laklarini bir joyga to‘plashga majburmiz. Hozirda bu bo‘laklarning ko‘pini bir joyga yig‘dik, lekin qolganlarini ham topishimiz kerak. Lekin sizga qaysilarini topganimiz va qaysilarini qidirayotganimizni ayta olmayman, albatta, deydi Shvetsiya prokuraturasining korruptsiyaga qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i Gunnar Stetler.

Ayni paytda, O‘zbekiston prokuraturasi ham o‘tgan oyda prezident qiziga yaqin bo‘lgan 10 kishini hibsga olib, ular ustidan mamlakat jinoyat kodeksining 184-modasi 3-qismi (Soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) va 178-moddasi 2-qismi (Chet el valyutasini yashirish) va boshqa ayblovlar bo‘yicha tergov boshladi. Ular orasida Shvetsiya va Shveytsariyada Gulnora Karimova bilan gumonlanuvchi sifatida o‘tayotgan Gayane Avakyan va uning fuqaroviy eri ekani aytiladigan Rustam Madumarovlar bor.

Ba‘zi tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘ra, Gulnora Karimovaning o‘zi uy qamog‘iga olingan.
XS
SM
MD
LG