Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:17

FMS Rossiyaga kirishi taqiqlangan 800 ming muhojirni "qora ro‘yxat"ga kiritdi


Federal migratsiya xizmati Rossiya Federatsiyasi hududiga noqonuniy kirib kelgan va yashayotgan 800 ming mehnat muhojirini “qora ro‘yxat”ga kiritdi. Idora mutasaddilari bu ro‘yxatga migratsiya qonunchiligini ikki va undan ortiq marotaba buzganlarni kiritganini ma‘lum qilmoqda. Internetda esa deportatsiya qilingan yoki kirish ta‘qiqlangan fuqarolarga “Rossiya qaytib kirishga ruxsat olib beruvchi” firibgar-“advokat”lar soni ham oshmoqda.

Rossiya FMS noqonuniy muhojirlarga karshi kurash doirasida 800 ming kishining ismi-familiyasi kiritilgan “qora ro‘yxat”ni tuzdi.

“Izvestiya” nashriga bergan intervyusida Moskva viloyati bo‘yicha FMS rahbari Oleg Molodiyevskiy migratsiya qonunchiligini buzganlarning 200 mingi Moskva viloyatiga to‘g‘ri kelishini ma‘lum qildi.

Rossiyaga kirish taqiqlangan xorij fuqarolari asosiy qismini ikki yoki undan ortiq marotaba qonunbuzarlik sodir etgan va mamlakatda belgilangan yashash muddatini oshirganlar tashkil etayotgani aytildi.

- Tegishli qayd bazalari asosida tashkilotimiz operatorlari xorij fuqarosini qonunlarni buzgani-buzmagani yuzasidan tekshiradi. Agarda xodimimiz migrant, masalan, 90 kundan ortiq yashab, chiqib ketmagani, ikki yoki undan ko‘p huquqbuzarlik sodir etgani, jarimani to‘lamaganini aniqlasa, tegishli hujjatlarni yig‘ib, FMS Bosh boshqarmasiga yuboradi. Masalan, o‘tgan bir yilda operatorlarimiz Podmoskov eda noqonuniy mehnat qilayotgan 200 ming shaxsni aniqladi, - dedi jurnalistlarga Moskva viloyati FMS boshlig‘i Oleg Molodiyevskiy.

Migratsiya xizmati rahbarining bildirishicha, endilikda mamlakat bo‘ylab maxsus qidirish amaliyotlari o‘rniga hujjat tekshirish kuchaytiriladi va shunday tekshirish vaqtida “qora ro‘yxatda” ekani aniqlangan shaxs mamlakatdan chiqarib yuboriladi.

FMS noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashda joriy qilingan yangi qoidalar allaqachon o‘ziga yarasha natija bera boshlaganini ham ovoza qilmoqda. Sankt-Peterburg hukumati Rossiyaning shimoliy poytaxtida mamlakat migratsiya qonunlariga xilof ravishda mehnat qilayotgan migrantlar soni 4 barobarga kamaygani va o‘tgan 2013 yilda sud orqali deportatsiya qilinganlar soni ikki barobarga ko‘paytganini e‘lon qildi.

Moskvada hamshiralik qilayotgan Sayyora Moskvada mavjud qoidalarni buzmasdan ancha yillardan beri ishlab kelayotganini aytadi. U muhojirlar orasida deport qilinganlarga “qayta kirish yo‘lini ochib bera oladigan advokatlar” paydo bo‘lgani to‘g‘risida mish-mishlar yurganini aytdi.

- “Chyorniy spiskaga” tushayotganlar, masalan, GAIdan shtrafi borlar, o‘z vaqtida chegaraga chiqib kelmagan va shunaqa narusheniye qilganlar kiritilyapti. Qonunni buzmasdan yursa bo‘ladi: hech kim hech narsa demaydi! Mening dokumentlarim toza, ikki marotabalab Ukrainaga chiqib keldim. Men oxirgi marotaba dekabrda borganimda Ukrainaga platskartada to‘liq o‘zbeklar borishdi. Unda spiskalar yo‘q edi, urush ham bo‘lmayotgandi. Yangi yildan keyin chiqdi. Hamma joydan- Tojikiston, O‘zbekiston, Qirg‘izistondan bor odamlar. Chiqib kirib kela olmayotganlar qanchayu! Hozir advokatlar chiqaryapti ekan – 20 ming rubl to‘lasa chiqarib kelyapti ekan, - deydi shunday gap-so‘z yurganini Ozodlik bilan suhbatda aytgan 26 yoshli Sayyora.

Bundan oldin ham bir qancha o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari “allaqanday advokatlarga” pul bergani-yu, na pulsiz, na yuridik xizmatsiz qolganini xabar qilgan edi.

Vaziyatni oydinlashtirish maqsadida Ozodlik muhojirlarga Rossiyaga kirish ta‘qig‘ini bekor qilishga ko‘maklashuvchi Moskvadagi advokatlik idorasiga murojaat qildi. Ismini sir saqlashni so‘ragan advokat xorij fuqarolarining hammasini ham “qora ro‘yxatdan” o‘chirishning iloji yo‘qligini gapirib berdi.

- Asos kerak buning uchun. Asos bo‘lib Rossiya fuqarosi bo‘lgan yaqin qarindoshlarning mavjudligi yoki bu shaxsga yanglish holda kirish yo‘li berkitilgan bo‘lsa, shu sababli, avval kirishga man etilishi sabablari aniqlanadi. Ko‘p hollarda haqiqatan bu odamlarga “yashash muddatini buzgan”, deb ayb qo‘yiladi, ularda esa patent yoki ishga ruxsatnomasi bor. Biz 5 ming rubl ga sabablarini aniqlab berishimiz mumkin. Rossiyaga kirishga taqiqni bekor qilish uchun esa 25 ming rubl xizmat haqi olamiz, - deya tushuntirish berdi moskvalik advokat.

Xorij fuqarolari masalalariga ixtisoslashgan tashkilot a‘zosi Ozodlik bilan suhbatda qiyin ahvolga tushib qolgan mehnat muhojirlari ahvolidan ustamonlik bilan foydalanayotgan soxta “huquq himoyachilari” soni ham keskin ko‘payib ketganini ma‘lum qildi. U “deport qilingan har qaysi migrantni “qora ro‘yxatdan” o‘chirib beraman” degan firibgarlardan ehtiyot bo‘lishni so‘radi.

Federal migratsiya xizmati Rossiyada 3,7 million noqonuniy mehnat muhojiri mavjudligini taxmin qilayotganini ma‘lum qildi.
XS
SM
MD
LG