Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 01:12

Yangi vazir pora olgan 16 nafar "gaishnik"ni ishdan haydadi


O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri Adhamjon Ahmadboyev seshanba kuni Toshkent shahri va viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmalari xodimlaridan 16 kishini pora olganlikda ayblab yoppasiga ishdan haydadi. Toshkentning "Turkiston" san‘at saroyida bo‘lib yig‘ilishda inspektorlarning haydovchilardan pora olayotgan lahzalari videotasvirda ko‘rsatildi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri Adhamjon Ahmadboyev 20 may kuni Toshkentdagi "Turkiston" san‘at saroyiga Toshkent shahri va viloyati Yo‘l xavfsizligi boshqarmalarining barcha shaxsiy tarkibini yig‘ib¸ bu tizimdagi poraxo‘rlikka oid faktlarni ochiqladi.

Majlisda ishtirok etgan Ozodlik manbasiga ko‘ra, vazir Toshkent shahar Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasiga qarashli brigadalarda xizmat qilayotgan inspektorlarning haydovchilardan pora olayotganiga oid videotasvirlarni namoyish qildirgan:

“San‘at saroyining katta ekranida yashirin kamerada tasvirga tushirilgan holatlar namoyish etildi. Bu tasvirlarda Yo‘l harakati xavfsizligi inspektorlarining haydovchilardan turli xil holatlarda pora olayotgani aks etgan edi”, dedi Ozodlik manbasi.

Manbaga ko‘ra, tomoshadan so‘ng vazir videostavirlarda ko‘rsatilgan barcha xodimlarni sahnaga chiqartirgan:

“Pora olgan inspektorlar 16 kishi ekan. Hammasi ham yo‘q ekan yig‘ilishda. Vazir borlarini sahnaga chiqarib hammaning oldida izza qildi va ularning shu soatdan boshlab ishdan haydalganini aytdi”, dedi manba.

Ismi sir qolishini istagan O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi mulozimi ham shunday voqea bo‘lganini Ozodlikka tasdiqlar ekan, bu holatlarni tekshirish yuzasidan maxsus komissiya tuzilganini aytdi:

“Hozir videotasvirlarda ko‘rsatilgan inspektorlarning pora olganiga oid har bir holat alohida tekshirilayapti. Ikki-uch kun ichida bu tekshiruv poyoniga yetadi va holatlarning og‘ir va yengilligiga qarab¸ ular ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atish masalasi hal etiladi”, dedi mulozim.

Toshkent shahrida kirakashlik qiladigan Sayfiddin inspektorlarning yoppasiga ishdan haydalganidan xursand ekanligi aytadi:

- O‘zi bular juda nagliy bo‘lib ketgan edi. Qoidani buzsang yoki moshinangda aptechka bo‘lmay qolsa¸ pora berib qutulish mumkin. Keyin huda-behudaga ham to‘xtatishaveradi, deydi Sayfiddin.

Biroq Toshkent shahridagi boshqa bir haydovchi fikricha, inspektorlarning poraxo‘r bo‘lishiga haydovchilarning o‘zlari ham aybdor:

- Hozir yo‘l harakati qoidasini buzganlar uchun jarimalar otning kallasiday bo‘lib ketgan. Shuning uchun haydovchilarning o‘zlari aka protokol yozmang, mana buni olib qo‘ying deb, inspektorlarga yalinishadi. Yoki inspektorning o‘zi jarimang buncha, shuncha bersang javob beraman deb aytadi, deydi yana bir toshkentlik haydovchi.

Toshkentlik jamiyatshunos Komron Aliyev, inspektorlarni namoyishkorona ishdan haydash yangi vazirning korruptsiyaga qarshi kurashayotganini ko‘rsatish uchun qilingan tomosha ekanini aytadi :

- Ichki ishlar vaziri yangi kelgan odam. Albatta¸ yangi kelgan odam o‘zini ko‘rsatishi, avvalo vazirlik tarkibida tartib o‘rnatishi, korruptsiyaga qarshi kurashishi kerak. Odamlar ana yangi vazir keldi, endi yaxshi bo‘ladi deb aytadi. Lekin poraxo‘rlikni kamaytirish faqat vazirga bog‘liq emas. Bu illatni hukumat darajasida bir dastur tuzib tugatmasa¸ 10-15ta melisani ishdan haydash bilan ish bo‘lmaydi. Korruptsiyaga qarshi kurash qo‘mitasimi, agentlikmi yoki vazirlikmi tashkil qilib, bu ishga qattiq kirishilmasa, ijobiy natijaga erishish qiyin, deydi Komron Aliyev.

Feysbukdagi "Toshkent haydovchilari" guruhida ham ushbu voqea qizg‘in muhokama qilinmoqda. Muhokamada ishtirok etganlarning aksariyati bu bilan ichki ishlar tizimidagi korruptsiyaga chek qo‘yib bo‘lmasligi haqida yozadilar:

“Bularning o‘rniga yana 16 tasini ishga olishadi va tamom”.

“Toshkent va Toshkent vilyaoti bo‘yicha bor-yo‘g‘i 16 tasini ishdan haydabdimi? Xa, xa, xa.... kulgili...”

“Ularning orqasini vazirlari yopyapti. Qonun bo‘yicha ularni poraxo‘rligi uchun qamoqqa tashlash kerak edi. Biroq, ularni shunchaki ishdan bo‘shatgan, xolos.”

“Baliq boshidan chiriydi...”

“Axir ular “ishlashayotganini” ko‘rsatishlari kerakku. Albatta uzatmaganlar ishdan haydalgan bo‘lishi kerak...”
deb yozdi bu voqeani ijtimoiy tarmoqda sharhlagan oddiy o‘zbekistonliklar.
XS
SM
MD
LG