Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:20

Tojikistonlik “Mama Roza” Gruziyada hibsga olindi


Gruziyada tojikistonlik ayol o‘z vatandoshini aldov yo‘llar bilan Batumi shahriga olib kelib, uni fohishalikka majburlaganlikda ayblanib hibsga olindi. Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, birgina o‘tgan yilning o‘zida 72 nafar tojikistonlik ayol aldov yo‘li bilan xorijga olib ketilib¸ fohishalikka majburlangan.

Gruziya Ichki ishlar vazirligi tarqatgan xabarga ko‘ra, Batumi shahrida o‘tkazilgan tezkor amaliyot chog‘ida 40 yoshli Tojikiston fuqarosi Zarina A. qo‘lga olingan.

Gurziya Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatiga ko‘ra¸ Zarina A. 1988 yilda tug‘ilgan Bargigul. R.ni 2012 yilda Tojikistondan aldov yo‘li bilan olib kelgan.

"Zarina Bargigulning pasportini olib qo‘yib, shantaj va zo‘ravonlik bilan uni fohishalik qilishga majburlagan. Zarina A. bir yil davomida Bargigulning tanfurushlikdan topgan pullarini o‘zlashtirib olgan", deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Gruziyada tojik ayolining odam savdosida ayblanib hibsga olinishi ilk bor kuzatilmoqda. Bundan avval tojikistonlik xotin-qizlarning Rossiya, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Eron, Afg‘oniston kabi davlatlarda odam savdosi qurboni bo‘lganligi qayd qilingan edi.


Tojikistonlik ayollar Rossiyada “seks-industriya” yaratdi

Tojikistonlik mehnat muhojirlarining Rossiyaga selday oqib borishi ortidan bu mamlakatda tojikistonlik qo‘shmachi va fohishalarning o‘ziga xos “seks-industriya” yaratgani aytiladi.

Rossiyaning Markaziy Osiyo, Kavkazdan borgan mehnat muhojirlari zich yashaydigan mintaqalarida¸ rasmiy va norasmiy manbalar ta‘kidicha¸ yashirin islovotxonalar amal qiladi va bu joyda Tojikistondan aldov yo‘li bilan olib borilgan ko‘plab yosh qizlar tanfurushlikka majburlanmoqda.

O‘tgan yil yozida Sankt-Peterburg shahri politsiyasi Yaroslav Hashek ko‘chasidagi yashirin islovotxonalardan birida reyd o‘tkazib¸ bir tojik ayolini ushlagan edi. 2009 yilda esa Qozog‘istonning Olmaota shahrida 17 nafar o‘zbekistonlik va tojikistonlik xotin-qizlar qo‘lga olingan edi. Qozoq rasmiylarining aytishlaricha, “Jibek jo‘li” mehmonxonasida tashkil etilgan fohishaxonada bu qizlar tanfurushlik bilan shug‘ullangan.

Bugungi kunda, rus tilidagi Internet saytlarida “massaj saloni”, “sauna”, “eskort xizmati” singari nomlar bilan berilgan fohishabozlik xizmatlarini ko‘plab topish mumkin. Bu xizmatlar mijozlarining aksariyati tojikistonliklar ekanligi aytiladi. So‘nggi paytda Internetda “seks s tadjichkoy” nomi bilan berilayotgan shahvoniy videolar ham ko‘paygan.


Tojik qizlari Bobulda

Shu o‘rinda tojikistonlik tanfurushlarning Afg‘oniston hududida, jumladan Kobul shahrida ham ko‘payayotgani aytiladi. Ma‘lumotlarga ko‘ra, tojik fohishalari Kobul markazidagi Bobul bog‘ida o‘z “xizmat”larini taklif etishadi.

Afg‘onistonlik ruhoniylardan biri Mavlaviy Azizulloh Muflih aprelь oyida qilgan o‘z ma‘ruzalaridan birida shunga ishora qiladi:

“Tojikistonlik qizlarning Bobul bog‘ida sayr qilib yurishlaridan bexabar emasmiz. Bizning ko‘chalarimizni raqsu o‘yinlar va islovotxonalar bosib ketdi. Muhtaram buyuk davlat, axborot va madaniyat vazirliklari qayerda uxlab yotibsan, nega uxlab yotibsan?”, degan edi afg‘on ruhoniysi.

Ruhoniyning aytishicha, Kobuldagi “Kelinlar saloni” nomi bilan faoliyat yuritadigan salonlarda Tojikistondan olib kelingan qizlar fahsh ishlar bilan shug‘ullanadi.

Tojikiston Xotin-qizlar va oila qo‘mitasi ma‘lumotiga ko‘ra, o‘tgan yilda 679 kishi odam savdosi qurboni bo‘lgan. Bular orasidagi 72 nafar ayol aldov yo‘li bilan xorij mamlakatlariga olib chiqib ketilgan.
XS
SM
MD
LG