Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:00

Rossiyaga ketgan eriga xiyonat qilgan ayol va uning o‘ynashi akasi tomonidan pichoqlandi


Xorazm viloyati Shovot tumanining Chatqala qishlog‘ida istiqomat qilgan aka singlisini o‘ynashi bilan to‘shakda ushlab olgandan so‘ng, ularni ikkalasini ham pichoqladi. Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ olingan tan jarohatidan 33 yashar ayol og‘ir holatda kasalxonaga yotqizilgan, 34 yoshdagi o‘ynashi esa voqea joyida jon bergan.

Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha¸ fojia 8 iyundan 9 iyunga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan.

Shovot tumanidagi "Guliston" qishloq fuqarolik yig‘inining ismi sir qolishini so‘ragan faollaridan birining aytishicha, akaning qotillik qilishiga singlisini o‘z uyida o‘ynashi bilan ushlab olgani sabab bo‘lgan:

- Ayolning eri Rossiyaga ishlagani ketgan. Menimcha bir yarim yildan buyon kelgani yo‘q. O‘sha kechasi akasi uning uyiga borib, singlisining o‘ynashi bilan to‘shakda ushlab oladi. Keyin alam ustida avval bolani pichoqlaydi, keyin singlisiga pichoq uradi. O‘ynash o‘sha joyda o‘lgan, singil esa uch kundan buyon kasalxonaning reanimatsiya bo‘limida yotibdi. Ahvoli juda og‘ir, deyishyapti, dedi mahalla faoli.

Xorazm viloyati ichki ishlar boshqarmasining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimi shunday voqea bo‘lganini Ozodlikka tasdiqladi. Uning aytishicha, qotil aka hozir hibsga olingan va Shovot tumani ichki ishlar bo‘limi izolyatorida saqlanmoqda.

Odam o‘ldirishda ayblanayotgan aka ustidan ochilgan jinoyat ishini Shovot tumani prokuraturasi olib bormoqda.

Iqtisodiy muammolarni xorijga ketib¸ ortida qolganlarga pul yuborish orqali hal qilishga ahd qilgan o‘zbek erkaklari¸ kuzatuvchilar fikricha¸ o‘z ortida yangi ijtimoiy muammolar o‘pqonini ochib berdi va bu oila instituti tanazzulidir.

28 may kuni Samarqand viloyati Narpay tumanidagi Zirabuloq qishlog‘ida 30 yashar er (er-xotinning kimligi Ozodlikka ma‘lum¸ ammo bu ma‘lumotni e‘lon qilmaslikka qaror qildi - tahr.) ikki farzandining 27 yashar onasini bo‘g‘ib o‘ldirdi va ichki ishlar bo‘limiga o‘zi borib¸ taslim bo‘ldi. Janozada qatnashgan qishloqdoshlarining Ozodlikka hikoya qilishicha¸ fojiaga erning o‘z xotini mobil telefonidan begona erkak tomonidan yozilgan SMS va tungi qo‘ng‘iroqlarni topgani sabab bo‘lgan.

Fojia ro‘y bergan oilaga yaqin yashovchi zirabuloqliklardan birining Ozodlikka aytishicha¸ qotillik 28 may kuni peshinga yaqin sodir bo‘lgan.

O‘ldirilgan ayol yaqinlarining qishloqdoshlariga aytishicha¸ er ikki bolasini olib otasining uyiga ketgan xotiniga ertalab telefon qilib¸ undan mahalla oqsoqoli chaqirtirayotgani va shuning uchun uyga qaytishni so‘ragan. Eridan ajralish uchun mahalladan qog‘oz to‘plab¸ sudga murojaat qilgan kelinchak bu gapga ishonib¸ erining uyiga kelgan.

Uyga kelgan xotinini bo‘g‘ib o‘ldirgan er o‘sha kuniyoq militsiya bo‘limiga o‘z oyog‘i bilan borib¸ jinoyatiga iqror bo‘lgan; ayol ertasiga dafn etilgan.

Narpay tuman ichki ishlar tizimidagi manba ta‘kidicha¸ hozirda er qamoqqa olingan¸ tuman prokuraturasi qasddan odam o‘ldirish yuzasidan jinoyat ishi ochgan.

Qishloqdoshlarga ko‘ra¸ o‘z qotilligiga iqror bo‘lgan er shu yil mart oyining o‘rtalarida Rossiyada qariyb bir yil ishlab uyiga qaytgan.

“Uyga qaytishi bilan uni qishloqda qolgan o‘rtoqlari xotiniga qarshi qayray boshlagan. Unga xotining sen yo‘g‘ingda falonchi taksichiga o‘ynash bo‘ldi¸ deyishgan. Bu gaplardan keyin er borib o‘sha taksichi bolani tutib urgan¸ ish melisaga oshirilgan edi. Xotinining xiyonatini isbotlash uchun er Paynetga 1 million 800 ming so‘m to‘lab¸ o‘zi yo‘q oylarda xotinining kim bilan qancha gaplashgani¸ SMS yozishmalarini chiqartirib olgan. Shundan keyin oilada tinchlik yo‘qolib¸ har kun janjal boshlandi. Mahalla faollari bir necha marta aralashib¸ ularni kelishtira olmadi. Oxir kelinchak ikki yarim va to‘rt yashar bolalarini olib otasinikiga ketib¸ ajralish haqida sudga ariza topshirgan edi”¸ deydi zirabuloqliklardan biri Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.

29 may kuni tuproqqa qo‘yilgan kelinchak ham¸ uning Rossiyadan qaytgach¸ ishsiz o‘tirgan eri haqida ham narpayliklar orasida har xil mish-mishlar tarqab ulgurgan. Oqtosh bozorida¸”kelinchak eri Rossiyadan qaytganida homilador bo‘lgan va er bunday xiyonat va sharmandalikka chiday olmay qotillikka qo‘l urgan” degan gaplarni eshitdim¸ deb yozdi Ozodlikka oqtoshliklardan biri.

Ammo Ozodlikning zirabuloqlik manbasi¸ bu mish-mishlarning asossiz ekani¸ xotin o‘zining eri yo‘g‘ida tungi soat 12 dan keyin boshqa erkak bilan soatlab gaplashganini bo‘yniga olgani¸ biroq unga jismonan xiyonat qilmaganini aytganini ta‘kidladi. “Kelinchakning hatti-harakatidan uning buzuq ekanini sezmagan edik. Uning eri ham aroqxo‘r yo narkoman bola emas edi”¸ deydi qo‘shnilardan biri Ozodlikka.

Endilikda qasddan odam o‘ldirishda ayblanayotgan er¸ sud hukmi bilan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

“Endi er qamoqda¸ xotin go‘rda¸ikki nafar bola ko‘chada qoldi”¸ deyiladi Ozodlik WhatsAppiga kelgan xabarda.

Zirabuloqliklarning Ozodlikka bildirishicha¸ rashk orqasidan payhon bo‘lgan bu yosh oilaning ikki farzandini kelinchakning onasi olib ketgan.

Bu fojia bir oila emas¸ butun o‘zbek jamiyati fojiasidir!

Aksar ishga layoqatli erkaklar yoppasiga Rossiya¸ Qozog‘iston va boshqa uzoq-yaqin xorijga ish izlab muhojiratga ketgan¸ ortida qolgan xotin-bolalarini ko‘pi bilan bir yilda bir marta¸ ba‘zi hollarda yillab ko‘rmaydigan bo‘lib qolgan hozirgi sharoit o‘zbek jamiyatidagi oila institutini ichdan barbod qildi¸ degan fikrda Ozodlik suhbatlashgan kuzatuvchilar.

Bunday vaziyatda yillab ersiz qolgan ayollarning yolg‘izlik¸ zerikish va boshqa jismoniy va ma‘naviy ehtiyojlar turtkisida xiyonat yo‘liga o‘tishi¸ Rossiyadagi erlarning u yerda boshqa ayol bilan yashashi kabi¸ keng tus olmoqda¸ deydi o‘zbekistonlik blogger Gulasal Kamolova:

-Men to‘y-ma‘rakalarda ko‘p yuraman¸ ayollarning yurish-turishini ko‘p kuzataman. Hammasi deya olmayman¸ albatta¸ ammo ko‘pchiligi hozir Rossiyada ishlab pul jo‘natib turgan eriga xiyonat qilishdan tortinmay qolgan. Balki¸ jismonan xiyonat qilish u qadar ko‘pmasdir¸ lekin telefondagi behayo qiliqlar juda keng tarqalgan. Menga eri Rossiyada¸ o‘zi yosh bolalari bilan uyda o‘tirgan kelinlarning begona yigitlarga telefon¸ WhatsApp orqali yuborgan yalang‘och suratlarini ko‘p ko‘rsatishadi. Telefonda bunday kelinlar bilan soatlab gaplashish¸ ulardan shunaqa rasm so‘rash¸ yosh yigitlar orasida urf bo‘lgan hozir. Bu ham¸ nazarimda¸ oilaga xiyonatning yangi ko‘rinishi¸ deydi buxorolik blogger.

Jismoniy va telefondagi xiyonatlar ortidan eri Rossiyaga qatnaydigan oilalardagi ajralishlar va Narpaydagiga o‘xshagan qotilliklar ko‘paymoqda¸ der ekan bu suhbatdosh¸ Buxoroda o‘tgan bir necha oy ichida aynan xiyonat bois Rossiyadan qaytgan ikki erkakning o‘z xotinini o‘ldirganini tilga oladi.

Iqtisodiy-ijtimoiy tanazzul o‘zbek oilasini ham tanazzulga tortgan bunday sharoitda¸ kuzatuvchilar¸ muammoning yechimi sifatida ko‘p erkaklarning endilikda mehnat muhojiratiga nafaqat o‘zi¸ balki xotini¸ ba‘zi hollarda esa¸ bolalarini ham olib ketayotganini qayd etmoqdalar.
XS
SM
MD
LG