Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:26

JCh-2014: Ravshan Ermatov finalni boshqaradimi?


O'zbekistonlik futbol hakami Ravshan Ermatov.
O'zbekistonlik futbol hakami Ravshan Ermatov.

FIFA hakamlar departamenti Braziliyada o‘tayotgan Jahon chempionatining qolgan o‘yinlarini boshqarishi mumkin bo‘lgan hakamlar ro‘yxatini e‘lon qildi. Dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan 15 nafar hakam o‘rin olmish bu ro‘yxatga o‘zbekistonlik Ravshan Ermatov ham kiritilgan.

Ro‘yxatning to‘liq ko‘rinishi quyidagicha:

Yuiti Nishimura (Yaponiya), Ravshan Ermatov (O‘zbekiston), Numandez Due (Kot-d'Ivuar), Jamel Haymudiy (Jazoir), Mark Geyger (AQSh), Marko Antonio Rodriges (Meksika), Enrike Osses (Chili), Sandro Richchi (Braziliya), Vera Rodriges (Ekvador), Juneyt Chaqir (Turkiya), Yunas Eriksson (Shvetsiya), Pedru Proensa (Portugaliya), Nikola Ritssoli (Italiya), Karlos Velasko Karbalyo (Ispaniya), Hovard Uebb (Angliya).

Meksikalik Marko Antonio Rodriges va turkiyalik Juneyt Chaqirga yarim final o‘yinlarini boshqarish topshirilgani, amerikalik Mark Geyger va shvetsiyalik Yunas Erikssonlar ushbu o‘yinlarga zahira hakamlari sifatida tayinlanganini hisobga olsak, final va uchinchi o‘rin uchun o‘tadigan uchrashuvni boshqarishga 11 nafar hakam da‘vogarlik qilayotgani oydinlashadi.

Mazkur Jahon chempionatida shu kungacha to‘rt uchrashuvni boshqargan Ravshan Ermatovning final o‘yiniga tayinlanish imkoniyati turlicha baholanmoqda.

Ayrimlar Osiyoning to‘rt karra eng zo‘r hakami final o‘yiniga eng loyiq referi ekanini aytsa, qolganlar FIFA ehtiyotkorlik qilib, final o‘yiniga yirik uchrashuvlarni boshqarishda tajribasi ko‘proq bo‘lgan yevropalik hakamlar tayinlanishini aytmoqdalar.

FIFAning JCh-2014 o‘yinlariga hakamlar tanlashda qit‘alar prinsipiga amal qilmayotgani esa Ermatovning finalga chiqish imkoniyatini yanada pasaytiradi, albatta.

Bukmekerlik shirkatlari to‘rt hakamning JCh-2014 final uchrashuvini boshqarish imkoniyatlarini yuqori baholamoqdalar. Ular angliyalik Hovard Uebb, italiyalik Nikola Ritssolli, ispaniyalik Karlos Velasko Karbalyo va o‘zbekistonlik Ravshan Ermatovlardir.

Evropa sport nashrlarining aksariyati 2010 yilgi mundialda final uchrashuvini boshqargan Hovard Uebning bu gal ham chempionlik uchrashuviga tayinlanishi amri mahol ekanidan bahs qilib, ispaniyalik hakam Karbalyoning imkoniyatini yuqoriroq baholashmoqda.

Aytib o‘tish joizki, 36 yoshli o‘zbekistonlik referi Ravshan Ermatov Jahon chempionatlaridagi boshqargan uchrashuvlari sonini 9 taga yetkazib, bu borada Jahon rekordini yangiladi.

2010 yilda Janubiy Afrikada o‘tgan mundialda Ermatov beshta uchrashuvda, jumladan, ochilish o‘yinida hakamlik qilgan edi.

Eslatamiz, Braziliyada o‘tayotgan Jahon chempionatining yarim final bosqichida Braziliya va Germaniya (8 iyul) hamda Argentina va Hollandiya (9 iyul) jamoalari o‘zaro bellashadi. Final uchrashuvi 13 iyul kuni Rio-de-Janeyro shahridagi taniqli Marakana stadionida bo‘lib o‘tadi.

Aziz mushtariy, siz o‘zbekistonlik hakamning JCh-2014 finalini boshqarishiga ishonasizmi? Marhamat qilib, o‘z mulohazalaringiz bilan o‘rtoqlashing.

XS
SM
MD
LG