Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:32

"Bolam ruscha o‘qisin..."


2 sentabr kuni O‘zbekiston maktablarida yangi o‘quv yili boshlandi. Yarim million o‘zbekistonlik bola o‘rta maktablarda bilim olishga kirishdi. ularning aksari o‘zbek tilida saboq oladi. Ammo, yildan-yilga o‘z farzandlarini rus tilida o‘qitishga ishtiyoqmand bo‘lgan ota-onalar ko‘paymoqda. Buning sababi nimada?

Rus tilini o‘qitishga ehtiyoj oshmoqda

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda rus tilidagi ta‘limga talab kuchayayotgani sezilmoqda. O‘zbekiston Respublikasida 130 ziyod millat va elat vakillari yashaydi. Davlat tili sanalgan o‘zbek tilidan keyingi o‘rinni mavqei jihatidan rus tili egallaydi.

Ko‘plab o‘rta ta‘lim muassasalarida rus sinflari asosan rus tili ona tili bo‘lmagan bolalar bilan to‘ldirilmoqda.

Toshkent viloyatidagi maktablardan birida o‘qituvchilik qiladigan Shahnoza farzandlarini rus maktabiga berganini rus tili va madaniyatiga bo‘lgan shaxsiy hurmati bilan tushuntirdi.

- Birinchi o‘rinda, til bilishi uchun rus tiliga topshirdim. Menda rus tiliga, ruslarning hayotiga nisbatan hurmatim juda katta. Ulardan o‘rganishi mumkin bo‘lgan ko‘p jihatlari bor deb hisoblayman. Ularning xarakteri, hayotga bo‘lgan munosabati yoqadi. Ruslarning hamma narsani o‘z nomi bilan ayta olishi, to‘g‘riso‘zligi yoqadi. Bizda o‘zbeklarda bu narsalar o‘rgatilmaydi. Mana 23 yildan beri “Mustaqillik, mustaqillik”, deyishadi. Men o‘zim o‘qituvchiman. “Milliy istiqlol g‘oyasi”, “Vatan tuyg‘usi” degan fanlar kuchaysa kuchayyaptiki, lekin biror natijasini sezmayapman! dedi toshkentlik o‘qituvchi Shahnoza.

Шаҳноза билан суҳбат
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:21 0:00
Бевосита линк

Farzandlarini boshqa sabab, bugun Rossiyada mehnat qilayotgan millionlab muhojir boshdan kechirayotgan qiyinchiliklardan saqlash uchun rus tilida o‘qitayotganlar ham ko‘pchilikdir.

Rossiyada mehnat qilayotgan andijonlik Qobiljon Ozodlk bilan suhbatda rus maktabida tahsil olgan o‘g‘li kelajakda o‘zi kabi qiynalishini istamasligi va zamonaviy texnika-texnologiyalarni shu til yordamida tezroq o‘rganishini aytadi.

- Hozirda gaplashayotgan telefonlarimiz ham, kompьyuter-televizorlar ham O‘zbekistonda rus tilidagi programmalar asosida kiritilgan. Biz o‘zbek maktabida o‘qiganmiz - tushunmaymiz ko‘p narsalarni. Lekin maqsadim katta bo‘lib bizga o‘xshab Rossiyaga chiqib ishlash emas, balki texnikani o‘rgatish. Qishloqlarda chuqurlashtirilgan rus maktablari yo‘q. O‘zim tumandan uzoqda yashayman, lekin raytsentrga qatnab o‘qitmoqchiman. Buning orqasidan ingliz va boshqa tillarni o‘rganadi. O‘zim bir vaqtlari o‘rganmaganim uchun qiynalib yuribman, deydi Saxalinda quruvchilik qilayotgan Qobiljon.

Suhbatdoshning fikricha, o‘zbek bolasi ona tilini uyidagilardan ham o‘rganib oladi, unutmaydi.

Rossiyada uzoq yillardan beri ishlab kelayotgan Sherzodbek esa farzandlarini Rossiyaga olib kelib o‘qitishni rejalashtirmoqda.

- Men bu yerda xotinim bilan ishlayman, ikkalovimiz bir joydamiz. Shunchaki bollarni bu yerga olib kelmoqchi edim. Bollarimni bu yerda maktabga bermoqchiman. O‘g‘lim ruschani sal-pal biladi, ruscha bog‘chaga borgan. Rus tilini umuman unutib ketmasligi uchun rus maktabiga topshirdim. Rus tilini bilib olsa, o‘zbek tilini baribir biladiku, dedi Sherzodbek.

Uning gaplarini tasdiqlagan yana bir Ozodlik suhbatlashgan muhojir – Avazbek rus tili maktablarida bilim chuqurroq o‘rgatiladi, deydi.

- O‘zbek maktablarida darslar o‘tiladi, lekin chuqurlashtirmasdan o‘tadi. Ertaga begona davlatga chiqqanida qiynalib qolmasligi, tilni bilishi uchun kerak, deya gapni qisqa qildi Avazbek.

“O‘zbekistonda rasman bo‘lmasa-da, ikki davlat tili mavjud...”

O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlaridan birida o‘qituvchilik qilayotgan va ismini oshkor qilishni istamagan Ozodlik manbasi O‘zbekiston Ta‘lim vazirligi 2013 o‘quv yili yakunida 9892 jami umumta‘lim maktablar sonidan rus tilida tahsil berilayotganlari 848 maktabni tashkil etishini bildirdi.

Rus tili o‘qituvchisi O‘zbekistonda rus tiliga bo‘lgan ehtiyojning oshib borayotganini boshqa sabablari bilan ham tushuntirishga urindi.

- Rus tili rasmiy maqomga ega bo‘lmasada, ikkinchi davlat tili bizda rus tili bo‘lib qolmoqda. Chunki hujjatlarning aksar qismi rus tilida olib borilayapti, amalda ikki davlat tili yuritilmoqda. Ikkinchidan, normal ishga joylashish uchun rus tili yoki juda bo‘lmaganda ingliz tili talab qilinayapti. Rus tilini bilganga kompьyuter asoslarini o‘rganish ham oson, ilmiy ishingizni rus tilini bilmasdan himoya qilishning iloji yo‘q. Yaxshi, zamonaviy darsliklar bizga rus tilida yetib kelyapti. Uchinchidan, fuqarolarimizning asosiy qismi Rossiyaga ketyapti va o‘sha yerda pul ishlayapti. Rus tilini bilishi esa uning daromadiga bevosita ta‘sir etishi yaqqol namoyon bo‘lib qoldi. Shu uchun rus maktablarida 80 foiz o‘quvchi – o‘zbek-tojik-qozoq bolalar, deya o‘z fikrini bildirdi rus tili o‘qituvchisi.

Ma‘lum bo‘lishicha, bugunga kelib O‘zbekiston milliy maktablarida ta‘lim dasturiga binoan rus tilini o‘rganishga haftasiga 2 soat ajratilgan (rus maktablarida ham o‘zbek tili uchun haftasiga 2 soat ajratilgan).

Ayni paytda, u O‘zbekistondagi 50 foiz kollej va 90 foiz litseylarida rus guruhlari faoliyat yuritmoqda, dedi. Suhbatdosh O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarining aksarida rus tili birinchi kursdagina o‘qitilib, 76 soatga qisqartirilganini ma‘lum qildi.

Sovet davridan odat bo‘lib qolganidek, MDH doirasida “millatlararo muloqot tili” sanalgan rus tilida O‘zbekiston aholisining koreys, tatar, qozoq, ozarbayjon, nemis, ukrain va boshqa millat vakillari tahsil olishgan, o‘zlarini rus madaniyatining bir qismi sifatida his etib kelgan.

“Stoletiye” nashri chop etgan ma‘lumotlarga ko‘ra, bugunga kelib O‘zbekistonda rus va rus tilida so‘zlashuvchilar soni aholining umumiy sonidan 14,2 foizni tashkil etadi.

Olib borilgan qator tadqiqotlar Markaziy Osiyoda, jumladan O‘zbekistonda, rus tilida so‘zlashuvchilarning kamayishini nafaqat demografik va migratsiya masalalariga bog‘lamoqda. Mustaqil bo‘lgan respublikalarda titul millat tilida so‘zlashuvchilar sonini ko‘paytirish va rus tilini kamaytirishga qaratilgan maxsus siyosat ham olib borilayotgani bunga sabab bo‘lgani aytilmoqda.

Rossiyalik jamiyatshunos Leonid Arefьev olib borgan tadqiqotlarida 2012 yilga kelib 41 foiz o‘zbekistonlik rus tilini bilishini qaydga olgan. Tadqiqotchi O‘zbekiston aholisining 14 foizi rus tilidan kundalik hayotda doimiy foydalanib kelayotganini ham aniqlagan. Leonid Arefьev “mamlakat Rossiyadan qanchalik uzoqda bo‘lsa, shunchalik rus tilini biluvchilar soni kam”, degan xulosaga keldi.

XS
SM
MD
LG