Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 14:11

Bo‘riboy Jo‘rayev: O‘shda o‘ttizta millatlararo nizo ro‘yxatga olindi


Millatlararo munosabatlarni yaxshilash yo‘nalishida O‘shdagi maktablarda ko‘plab tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Millatlararo munosabatlarni yaxshilash yo‘nalishida O‘shdagi maktablarda ko‘plab tadbirlar o‘tkazilmoqda.

O‘shda so‘ngi 4 oyda maishiy asosda 30ta millatlararo janjal sodir etilgani rasman qaydga olindi. Bu borada Ozodlikka Mahalliy o‘z-o‘zini boshqarish va millatlararo munosabatlar bo‘yicha davlat agentligining O‘shdagi jamoatchilik qabulxonasi rahbari Bo‘rivoy Jo‘rayev ma‘lum qildi.

Mahalliy o‘z-o‘zini boshqarish va millatlararo munosabatlar bo‘yicha Qirg‘iziston Davlat agentligining O‘shdagi jamoatchilik qabulxonasi millatlararo nizolarning oldini olish yo‘nalishida faoliyat yuritadi. Mazkur qabulxonaga o‘shliklar orasida katta obro‘-e‘tiborga ega bo‘lgan davlat va jamoat arbobi Bo‘riboy Jo‘rayev rahbarlik qilmoqda.

Shu yilning may oyida tashkil etilgan jamoatchilik qabulxonasi xodimlari to‘rt oy ichida O‘shda maishiy asosda 30ta millartlararo janjal sodir etilganini rasman ro‘yxatga olgan. Mazkur janjallar oqibatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlarning barchasi ijobiy tomonga hal etilgan.

Bo‘rivoy Jo‘rayevning aytishicha, millatlararo janjallar asosan o‘zbek va qirg‘iz haydovchilari, umumiy yotoqxonada yashovchi odamlar va jamoat joylarida mast ahvolda bo‘lgan shaxslar o‘rtasida sodir bo‘lmoqda.

Maorif vazirligi tomonidan o‘zbek maktablari bitiruvchilarining oliygohga kirish uchun davlat imtixonlarini o‘zbek tilida topshirish huquqidan mahrum qilingani, test imtixonlarining birinchi bosqichi topshirib bo‘linganidan keyingina o‘zbek tilidagi imtixonlarning qayta joriy etilgani, so‘nggi olti oy ichida millatlararo munosabatlar doirasida kuzatilgan eng salbiy ko‘rinish bo‘ldi.

Bo‘rivoy Jo‘rayevga ko‘ra, millatlararo nizolar yuzasidan arzlangan odamlar oradan ko‘p o‘tmay o‘z arizlarini qaytarib olmoqda va buning oqibatida aybdorlar jazolanmay qolayotir.

- Bizning kamchiligimiz shundaki, elimiz shunday voqealar bo‘lsa, shuni yashirishga, o‘zaro kelishib olishga harakat qilar ekan. Arizasini qaytib olar ekan. Shunday hodisalar ko‘p bo‘layapdi. Avval kelib ariza berishadi, keyin ota-onalar keladi, o‘rtaga tushadi, aybdorning: “Qayta bunday qilmayman”, degan va‘dasini olib, yarashib ketaveradi,- deydi Bo‘riboy Jo‘rayev.

Jamoat arbobi maishiy asosda yuzaga kelayotgan millatlararo janjallarga e‘tiborni kuchaytirish va ularni bartaraf qilish kerak deb hisoblaydi. Bo‘rivoy Jo‘rayevga ko‘ra, aynan shu kabi voqealarga e‘tiborsizlik natijasida 2010 yilda O‘sh voqealari sodir bo‘lgan.

- 2010 yil voqealari arafasida faollar tomonidan 2-3 oy millatlararo janjallar ro‘yxatga olingan, “bu yerda mushtlashuv bo‘ldi, u yerda mushtlashuv bo‘ldi”, deb organ xodimlari va meriyaga ma‘lumot berilgan. “Bir oyda 20ta bo‘ldi, ikki oyda 30taga yetibdi, mana bunisida 50ta bo‘ldi”, degan tashvishli signallarni berganmiz. Oxiri millatlararo mushtlashuvlar soni oyiga 150dan ortib ketgandan keyin voqea kattasiga aylanib, iyulь voqealari sodir bo‘ldi. Hozir shunday narsalarni o‘z vaqtida oldini olishga harakat qilayapmiz,- deydi Bo‘rivoy Jo‘rayev.

Ayni paytda o‘shlik o‘zbeklar orasida “kuch tizimlariga ariza yozsang e‘tibor berilmaydi yoki o‘ziningni aybdor qilishadi”, qabilida fikr yuritish odatga aylangan. Bo‘rivoy Jo‘rayev bu kabi fikrlash noto‘g‘ri ekanini, millatchilik qilgan huquq-tartibot xodimlariga nisbatan ham jamoatchilik qabulxonasi talabi bilan jazo choralari qo‘llanilganini aytdi:

- Birorta organ xodimi noto‘g‘ri hati-harakat qilgan bo‘lsa, biz albatda o‘sha odamning ustidan ariza yozib, ularni prokurorga, Milliy xavfsizlik xizmatiga, meriyaga jo‘natamiz. Respublika darajasida hal qilinuvchi ishlar bo‘lsa, millatlararo munosabatlar Davlat agentligiga yetkazamiz. Bu kabi masalalarda jamoatchilik faol bo‘lishi kerak, aks holda bu ishlardan samara bo‘lmaydi, - deydi Bo‘rivoy Jo‘rayev.

XS
SM
MD
LG