Линклар

Шошилинч хабар
02 май 2024, Тошкент вақти: 02:32

O‘zbek bozorida Polsha go‘shti paydo bo‘ldi


Shu kunlarda poytaxt Toshkentning har bir tumanida ochilgan “Korzinka” supermarketlari¸ qolaversa shaharning aksar yirik bozorlarida Polshadan olib kelingan muzlatilgan mol go‘shti 17 ming so‘mdan sotilmoqda. Mahalliy go‘sht bahosi kilosiga 25 ming so‘mdan baland bo‘lib qolayotgan ayni paytda¸ kuzatuvchilarga ko‘ra¸ hukumat go‘sht bozoridagi taqchillikni import hisobiga kamaytirishga urinmoqda.

Korzinkada arzon go‘sht qolmadi...

Ozodlik muxbiri bilan suhbatda Toshkentdagi “Korzinka.uz” supermarketlaridan biri xodimasi Polshadan olib kelingan dastlabki go‘sht partiyasining tezda sotib bo‘linganini bildirdi:

- Bizda hozir Polsha go‘shti qolmadi. 17 ming so‘mdan sotildi. Muzlatilgan¸ lekin suyagi yo‘q hisobi¸ lahm go‘sht edi. O‘zimizning go‘shtlar bemalol¸ suyagini 18 mingdan olasiz. Lahm 35 ming so‘mdan¸ dedi supermarket xodimasi.

Toshkent¸ qolaversa O‘zbekistonning ayrim boshqa yirik shaharlarida ham o‘nlab shoxobchaga ega bo‘lgan “Korzinka.uz” markaziy idorasi 10 sentabr kuni tushdan so‘ng do‘konlarga yana Polsha go‘shti tarqatilishini bildirdi:

- Bugun yana bir katta partiya tushdan keyin tarqatilishi kerak. Narxi o‘zgarishsiz¸ 17 ming so‘mdan bo‘ladi¸ dedi Polshadan go‘sht olib kelinayotganini tasdiqlagan supermarket bosh idorasi rasmiysi.

Bozorlarda ur-yiqit

Jurnalist Abrurahmon Tashanov¸ Polshadan keltirilgan mol go‘shtining o‘tgan haftadan boshlab poytaxtdagi Qo‘yliq va Farhod bozorlarida ham 17 600 so‘mdan sotilayotganiga o‘zi guvoh bo‘lganini aytadi:

- Qo‘yliq bozorida ur-yiqit bo‘layotgan ekan¸ yaqin borsam¸ Polshadan keltirilgan¸ chiroyli qilib vakuum xaltachalarga qadoqlangan mol go‘shti sotishayotgan ekan. Odamlar uzun navbat kutib olishayotgan edi¸ deydi jurnalist.

Polsha qoramol go‘shti yetishtiruvchilar uyushmasi prezidenti Jerzy Wierzbicki Ozodlik bilan suhbatda¸ O‘zbekistonga Polshadan mol go‘shti eksport qilinayotganini tasdiqladi¸ bu eksport miqdori va narxini esa¸ tijorat siri sifatida ochiqlashni istamadi:

- Bundan bir necha oy oldin O‘zbekiston va Polsha veterinariya idoralari o‘rtasidagi muzokaralar yakunlandi va biz O‘zbekistonga go‘sht eksport qilishni boshladik. Pol‘shada yetishtirilgan qoramol go‘shti Yevropa bozorida juda ham raqobatbardosh emasligi bois¸ O‘zbekistonga arzon narxda¸ qariyb yarim bahosiga sotilmoqda. Umuman¸ Polsha qoramoli go‘shti Yevropa bozorida ham boshqalarga nisbatan 20 foiz arzon yuradi. Lekin sifati juda yaxshi. Bu pulga bundan yaxshisini topish qiyin¸ dedi Wierzbicki.

Rossiyaga qo‘yilmagan go‘sht Toshkentga keldimi?

O‘zbekiston bozorlarida Polshadan olib kelingan mol go‘shtining paydo bo‘lgani Ukraina mojarosi bois YeI Rossiyaga¸ Rossiya esa¸ YeI ga nisbatan sanktsiyalar joriy etganidan bir oycha o‘tib kuzatilmoqda. YeI sanktsiyalariga javob o‘laroq Rossiya¸xususan¸ Polshadan go‘sht va sut mahsulotlari sotib olishni taqiqladi. Buning oqibatida aksar YeI fermerlari kabi¸ Polsha chorvadorlari ham ziyonga kirib¸ o‘z mahsulotlari uchun yangi bozor izlashga kirishdi.

Ayrim kuzatuvchilar¸ Toshkentda sotilayotgan Polsha go‘shti Rossiyaga kiritilmasdan orqaga qaytgan go‘sht bo‘lishi mumkin¸ degan farazni ilgari surmoqda.

Ozodlik bilan suhbatda Polsha qoramol go‘shti yetishtiruvchilar uyushmasi prezidenti Jerzy Wierzbicki bunday farazda asos yo‘qligini ta‘kidladi:

- Rossiyaga qoramol go‘shti sotishda o‘zgarish deyarli yo‘q. Zotan Polsha Rossiyaga asosan cho‘chqa go‘shti sotardi. O‘zbekistonga yetib borgan go‘sht boshdanoq o‘zbek bozoriga mo‘ljallangan. O‘zbekiston rasmiy delegatsiyasining Polshaga kelib¸ go‘sht eksporti bo‘yicha muzokara qilganidan xabarim bor. Bu haqda besh oycha burun¸ Rossiya sanktsiyalaridan ancha oldin kelishib olingan va go‘shtning o‘zbek bozoriga yetib borish vaqti tasodifan sanktsiyalar bilan bir paytga to‘g‘ri keldi¸ xolos¸ deydi Polsha qoramol go‘shti yetishtiruvchilar uyushmasi prezidenti Jerzy Wierzbicki.

O‘tgan oy Ozodlik bilan suhbatda Latviyadagi "Qishloq joylarda konsultatsiya va ta‘lim markazi" boshqaruv kengashi a‘zosi Kaspars Jyurinch avgust oxirida yigirmadan oshiq tadbirkordan iborat rasmiy o‘zbek delegatsiyasi Rigaga kelib¸ go‘sht va sut mahsulotlari sotib olish masalasini muhokama qilganini bildirgan edi. Latviyalik rasmiy¸ yaqin oylarda O‘zbekistondan meva-sabzavot olib kelayotgan muzlatgich mashinalar o‘zlari bilan ortga go‘sht va sut mahsulotlari olib ketia boshlashi mumkinligi haqida gapirgan edi.

Halolmi¸ harom?

O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlariga halol degan yorliq yopishtirish rasman bekor qilingan bo‘lsa-da¸ko‘pchiligi o‘zini musulmon hisoblovchi oddiy iste‘molchilar orasida go‘shtning qanday so‘yilgani¸ xususan¸ islomiy qoidalarga mos so‘yilgan-so‘yilmagani bilan qiziqish mavjud.

Jurnalist Abdurahmon Tashanov¸ go‘sht sotib olarkan¸ aksar o‘zbek iste‘molchilarini bunday savol ko‘p ham qiziqtirmasligini aytadi:

- Toshkentda nisbatan kichkina bir toifa bor va ulargina faqat “taqvoli” go‘sht yeyishga harakat qiladi. Bundaylar viloyatlarda yanayam oz. Aksariyatni molning qanday so‘yilgani ko‘p ham qiziqtirmaydi. Muhimi¸ narx. 17 ming so‘m qayerdayu¸ 27 ming qayerda? Bozorda o‘zimizning go‘shtni 27 mingdan arzonga topish qiyin. Aksar o‘zbek iste‘molchisining asosiy mezoni¸ cho‘chqa go‘shti bo‘lmasa¸ bo‘ldi¸ deydi Abdurahmon Tashanov.

O‘zbekistonda go‘sht nega qimmat?

2011 yil 1 iyulida Qozog‘istonning Bojxonalar ittifoqiga kirish va ittifoq tashqi sarhadlarining yopilishi oqibatida O‘zbekiston qozoq go‘shtidan mahrum bo‘lgan edi. O‘shanda bir kilogram mol go‘shti narxining 10 dollardan oshgani kuzatilgan edi.

Garchi go‘sht bozoridagi vaziyat¸ ma‘muriy aralashuv bois¸ bir oz normallashgan bo‘lsa-da¸ umumiyatla O‘zbekistonda go‘sht narxining muttasil oshish jarayoni to‘xtagani yo‘q.

(Qiyos uchun - yillardan beri Praga supermarketlaridagi qoramol narxi o‘zgarishsiz qolmoqda va kilosi 5-9 dollarni tashkil etadi.)

Tahlilchilar¸ go‘sht bozoridagi qimmatchilikni mamlakat qishloq xo‘jaligidagi strukturaviy noqislik – aksar yer hududlarining paxta va g‘allaga ajratilib¸ chorvachilik uchun deyarli yer qolmagani¸ oqibatda yem-xashak narxining oshib ketgani va chorvachilikning inqirozga uchragani bilan bog‘laydilar.

Ayni paytda¸ O‘zbekiston iste‘mol bozorining prezidentga yaqin bir guruh shaxslar¸ xususan¸ Mirabror Usmonov va Zafar Fayziyev kabi yuqori davlat lavozimlarini egallab kelayotgan shaxslar monopoliyasiga aylangani¸ bu bozorning erkin bozor qonun-qoidalaridan uzoqda qolayotgani ham¸ mustaqil kuzatuvchilar fikricha¸ narx-navoning muttasil oshishiga sabab bo‘lmoqda.

XS
SM
MD
LG