Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:07

“Million” qiziqchilar jamoasi seks mavzusida chiqish qilgani uchun jazolandi


“Million” qiziqchilar jamoasi.
“Million” qiziqchilar jamoasi.

“Million” qiziqchilar jamoasining litsenziyasi o‘tgan hafta oxirida to‘xtatildi. “O‘zbeknavo” estrada birlashmasiga yaqin Ozodlik manbasining aytishicha¸ jamoa “litsenziya shartlarida ko‘zda tutilgan axloq-odob me‘yorlaridan chiqqani va shahvoniy mavzularda yumoristik lavhalarni jamoatchilik oldida ijro qilgani uchun” litsenziyadan mahrum qilingan.

Ozodlik manbasiga ko‘ra¸ jamoa keyingi bir yil mobaynida “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi litsenziya bo‘limidan bir necha marta ogohlantirish olgan.

Shuningdek bu jamoa O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiysi Mirjalol Qosimovdan ham “O‘zbeknavo” tavsiyasiga ko‘ra¸ noo‘rin xazili uchun kechirim so‘ragan.

“Million” jamoasining joriy yilgi kontserti ijtimoiy tarmoqlar va markaziy nashrlarda jiddiy tanqid ostiga olingan edi.

Kutilgan jazo

“Million” qiziqchilar jamoasi joriy yil bahorida bergan kontsert dasturining disklari tarqalashi ortidan jamoaga e‘tirozlar ko‘paygani bildirildi.

Bu e‘tirozlar mahalliy matbuotda muhokama qilindi. “Hurriyat” gazetasi “Million” qiziqchilar jamoasining litsenziyasi to‘xtatilishidan sal oldin “Million”ning million-million zarari” nomli maqola chop etdi.

Maqolada jamoaning o‘zbek mentalitetiga mos kelmaydigan hazillari tanqid ostiga olindi.

O‘zbekistonning bosh sahnasi bo‘lgan “Istiqlol” saroyini ketma-ket to‘rt kun tomoshabinlar bilan liq to‘ldirgan “Million” jamoasi so‘nggi kontsertidagi beparda hazillari bois litsenziyasidan ayrilishi kutilgan bir holat sifatida ko‘riladi.

“O‘zbeknavo” estrada birlashmasiga yaqin Ozodlik manbasining aytishicha¸ O‘zbeknavo” qoshidagi badiiy kengash “Million” jamoasi kontsertining disklarini taftish qilib, o‘zining salbiy xulosasini o‘tgan oydayoq bergan edi.

“O‘zbeknavo” estrada birlashmasi mas‘ul xodimi Odil Abduqahhorovning o‘tgan oy “Oriat dono” radiosiga bergan intervyusida “Million” jamoasi kontsertining disklari chiqqanidan keyin birlashmaga ko‘plab e‘tirozlar kelgani ta‘kidlangan edi.

Odil Abduqahhorovning maxalliy matbuotga aytishicha¸ “Million” qiziqchilar jamoasiga nisbatan bildirilgan e‘tirozlar inobatga olingan holda, “O‘zbeknavo” qoshidagi Badiiy kengashga jamoaning litsenziyasi to‘xtatilishi bo‘yicha taklif tayyorlab berilgan.

"Million" jamoasi kontserti "Istiqlol" saroyi zalini to‘ldirdi.
"Million" jamoasi kontserti "Istiqlol" saroyi zalini to‘ldirdi.

Qarshi va tarafdorlar

“Million” qiziqchilar jamoasining taqiqlab qo‘yilishiga O‘zbekiston shou-dunyosida turli munosabatlar bildirilmoqda.

“Million” qiziqchilar jamoasi O‘zbekistondagi QVZ (Rossiyadagi KVN jamoasining o‘zbekcha taqlidi. Quvnoqlar va zukkolar klubi -tahr.) klubidan yetishib chiqqani aytiladi.

Buxorolik KVZ faoli Behruzbek Usmonovning Ozodlikka aytishicha¸ “Million” qiziqchilar jamoasi yoshlar o‘rnak oladigan guruh bo‘lgan:

- Birinchidan, bu jamoaning barcha ishtirokchilarida akterlik mahorati yuksak. Ikkinchidan, ular kiyinish uslubi bilan yoshlarni o‘zlariga rom qilishdi. Ko‘pgina yoshlar aynan “Million” qiziqchilar jamoasiga taqlidan kiyinishganini bilaman¸- deydi suhbatdosh.

Mamlakat shou-dunyosini yorituvchi nashrlardan biridagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, “Million” qiziqchilar jamoasi “o‘zbekona qadriyatlarni mensimagani” uchun “haqli jazolangan”.

- Allaqachon shunday qilish kerak edi. “Million” jamoasining kontsertlari asosan "kindikdan past" qaltis hazillardan tashkil topgan. Jamoa rahbari Davron Qobulov uylanmagani uchunmi nuqul seks mavzuida hazil qiladi. Qolaversa, ana shu hazillarning ham hammasi original emas, “KVN”, “Comedy Club”ga o‘xshagan dasturlardan olib o‘zbekchalashtirilgan. Dastur masxarabozlik, bachkanabozlikdan tarkib topgan. Uyatsizlik, beandishalikka yo‘g‘rilgan kulgi aslo kulgi hisoblanmaydi. Qiziqchilarni ramkaga solib turish kerak deydi¸-Ozodlik manbasi.

O‘zbekiston shou dunyosi ikir-chikirlarini yaxshi bilgan yana bir Ozodlik manbasi esa, “Million” qiziqchilar jamoasi tsenzura qurboni bo‘ldi deb hisoblaydi:

- “Million” qiziqchilar jamoasi haqsizlik qurboni bo‘ldi. Ular kontsert oldidan dastur mazmunini “O‘zbeknavo” estrada birlashmasidan tasdiqlab olishgan. Ular “O‘zbeknavo” tasdiqlagan tekstdan chiqishmagan. Nega “O‘zbeknavo” o‘zi izn bergan matnni ijro qilgan jamoani jazolaydi? O‘zlari ruxsat berdiku. Seks temasida yumor qildi, deyishdi. Bu ham absurd. O‘zbek askiyasi ham doim seksga sha‘ma qiladi. Nega askiyachilarga mumkinu¸ ularga mumkin emas. "Millionchilar" chegaradan chiqqan joylari bor¸ to‘g‘ri lekin askiyachilardan o‘tgan joy yo‘q ularning. Bu guruh qiziqchilikka yangi nafas olib keldi. Uslub va mazmun jihatdan yangilik kiritishdi. Zallarni to‘ldirishdi. To‘ldirganda ham raznaryadka qilib¸ bilet tarqatib emas¸ o‘z san‘atining jozibasi bois tomoshabinni o‘ziga jalb qilishdi.

Suhbatdosh iddaosiga ko‘ra¸ “Million” qiziqchilar jamoasining “Toshkentni to‘ldirgan kelgindilar” haqidagi hazillari tagi viloyatdan bo‘lgan ba‘zi mulozimlarning jahlini chiqargan.

“O‘zbeknavo” estrada birlashmasiga yaqin Ozodlik manbasining aytishicha jamoa “litsenziya shartlarida ko‘zda tutilgan axloq-odob me‘yorlaridan chiqqani va shahvoniy mavzularda yumoristik lavhalarni jamoatchilik oldida ijro qilgani uchun” litsenziyadan mahrum qilingan.

Suhbatdosh “Million” qiziqchilar jamoasini litsenziyadan mahrum qilishga sabab bo‘lgan ba‘zi yumoristik kompozitsiyalarni misol sifatida keltirdi.

- “Million” qiziqchilar jamoasi dasturidan o‘rin olgan 22-asr arxeologlari yigirma birinchi asr odamiga duch kelgan sahna ko‘rinishi:

- Bu bo‘ydoq ekan.

- Qaydan bilding?

- Qara, kafti shilinib ketgan...”

Suhbatdoshga ko‘ra¸ kontsert dasturida bunday misollar ko‘p:

- Tomoshabin kulyapti deb shunaqa gaplarni aytish zarurmi. Zalda onaxonlar¸ opa- singillar. yosh bolalar o‘tirgan bo‘lsa. Kunduzgi seans bo‘lsa,- deydi Ozodlik manbasi.

Qiziqchilarga ramka kerak emas

O‘zbekistonda kulgi ustalarining “zapret” qilinishi yangilik emas. O‘zbekiston xalq artisti Obid Asomov ham O‘zbekistonda ba‘zan qora ro‘yxatlarga kiritib turiladi.

Obid Asomov
Obid Asomov

Ozodlik bilan o‘tgan yilgi suhbatlarimizdan birida Obid Asomov o‘zining nega taqiqlangani boisini tushunmaganini aytgan edi:

- Alpomish degan ajoyib film olingan. Filmning boshida, oxirida umumiy hisobda 7-8 minutlik rol o‘ynaganman. Shu filmni ko‘rsatib turishadi bayramlarda, lekin mening joyimni qirqib tashlashadi. Bolalarim “Ada, sizni yana ko‘rsatmadi” deb qo‘yadi. Bizda rahbar joylarga noto‘g‘ri insonlar kelib qolgan. Masalan, bir yili G‘alaba bayramiga qiziqchilar ham chiqsin deyishdi. Sahnaga chiqib “nemis fashist gazandalari” desam, bitta rahbar kelib, “Esingiz joyidami? Nimaga nemis fashist deyapsiz” deydi. “Ha, qozoq fashist deymi” dedim. “Nemis degan so‘zni tilga olmang” deydi. “O‘sha paytda nemislar hujum qilganu” desam, “Iye, ........

Obid Asomov bu taqiq va cheklovlarga javob sifatida O‘zbekistonning birinchi prezidenti Yo‘ldosh Oxunboboyev bilan bog‘liq hikoyani keltirgan edi:

- Respublika paxtakorlari qurultoyi qatnashchilariga katta kontsert berilib (Navoiy teatrida), unda respublika hukumatining o‘sha davrdagi rahbarlari ham qatnashayotgan edi. Yusufjon qiziq bilan Oxunjon qiziq har xil kinoyali gaplar bilan xalqni kuldiryapti.

Nomer tugagach, sahna ortiga o‘tishsa¸ rejissyor qovog‘idan qor yog‘ib, "...nima, bu sizlarga choyxonami? Sahna bu muqaddas! Necha marta aytish kerak, sahnada ramkadan chiqmanglar, deb?..."

Qiziqchilarning kayfiyati tushib ketdi. Kontsert dasturida ularni yana bir chiqishlari bor edi. Navbatlari kelganda rejissyor yana bir qaytardi: “Bola-chaqamiz bor, iltimos ramkadan chiqmanglar!”

Parda ochilganda Yusufjon qiziq va Oxunjon qiziqlar bo‘yinlariga bittadan rasm ramkasidan osib olib, kallalarini xam qilib o‘tirar edilar. Sukunat ancha davom etdi. Xalqning sabri tugab, shovqin boshlandi. Rejissyor sahnaga chiqib, “Bu nima qilganlaring? 10 daqiqa bo‘ldi. Nega jimsizlar?” dedi. “Axir o‘rtoq rejissyor, ramkadagi odamdan qanday kulgi chiqadi?” deya javob berishdi qiziqchilar.

Zalda O‘tirgan Yo‘ldosh Oxunboboyev o‘rnidan turib shunday dedi: “Qiziqchilarning bo‘ynidagi ramkalarni olib tashlang, ular beramka gapirmasa¸ xalq kulmaydi!

XS
SM
MD
LG