Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:53

Malala Yusufzay Nobel Tinchlik mukofotini oldi


Malala Yusufzay Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi. Pokistonda ayollar huquqlari uchun kurashgani uchun Tolibon tarafidan hujumga uchragan 17 yoshli Malala 2014 yilgi Nobel Tinchlik mukofotini hindistonlik bolalar himoyachisi Kaylash Sat‘yarxi bilan baham ko‘rdi.

Norvegiya Nobel qo‘mitasi ikki laureatning “bolalar va yoshlarga nisbatan zulmga qarshi va bolalar ta‘lim olishi uchun kurashi”ni dunyoning eng nufuzli mukofotiga sazovor, deb topdi.

Qo‘mita raisi Torbyorn Yagland juma kuni Oslodagi Norvegiya Nobel Institutida qilgan chiqishida bu haqda e‘lon qildi.

- Norvegiya Nobel qo‘mitasi 2014 yilgi Nobel Tinchlik mukofotini, bolalar va yoshlarga nisbatan zulmga qarshi va bolalarning ta‘lim olishi uchun kurashlari tufayli Kaylash Sat‘yarxi va Malala Yusufzayga topshirishga qaror qildi. Bolalar maktabga borishi kerak, moliyaviy maqsadlarda ishlatilmasligi lozim,- dedi Yagland.

Малала ва Кайлаш Нобел Тинчлик мукофотини олди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:38 0:00

17 yoshli Malala Nobel Tinchlik mukofotining eng yosh laureatiga aylandi.

Torbyorn Yagland Malalaning yosh bo‘lishiga qaramasdan boshqalarga o‘rnak bo‘ladigan faoliyati nufuzli mukofotga loyiq deb topilishiga asosdir, deya ta‘kidladi.

- Malala Yusufzay, yosh bo‘lishiga qaramasdan, allaqachon bir necha yildan beri qizlar ta‘lim olishlari uchun kurashib keldi. U bolalar va yoshlar ham o‘z hayotlarini yaxshilay olishi mumkinligini o‘z misolida ko‘rsatdi. Bu faoliyatni u o‘ta xavfli vaziyatda olib bordi. O‘zining jasoratli kurashi orqali u qizlarning ta‘lim olish huquqi sohasida yetakchiga aylandi,- dedi Nobel qo‘mitasi raisi.

Malala 2012 yilda Pokistonda maktabdan uyiga qaytayotib, Tolibon jangarilari hujumiga uchragan edi. Boshidan o‘q yegan Malala o‘shandan beri nafaqat sog‘ayib ketdi, uning faoliyati butun dunyo bo‘ylab olqishlarga sazovor bo‘ldi.

U hozirda Britaniyada yashab, faoliyatini davom ettirmoqda.

Malala o‘tgan yili YeIning Saxarov nomidagi nufuzli mukofotini ham olgan edi. Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharif uni “Pokistonning faxri”, deya olqishladi.

“Uning yutug‘i misli ko‘rilmagan va benazirdir”, deya bayon qildi bosh vazir Sharif.

Boshidan yaralanganidan keyin Birmingemda davolangan Malala, mukofot haqida xabar paydo bo‘lgan paytda Angliyadagi maktabda darsda edi.

“Malala odatdagidek, bugun maktabga bordi”, deya bildirdi uning vakillaridan biri.

Hindistonlik 60 yoshli faol Sat‘yarxi “moliyaviy maqsadlarda bolalarning ekspluatatsiya qilinishi”ga qarshi tinch namoyishlarga yo‘lboshchilik qilib keladi.

Sat‘yarxini olqishlagan Nobel qo‘mitasi raisi jumladan bunday dedi:

- O‘z jasoratini namoyish qilib, Kaylash Sat‘yarxi Gandi an‘analarini davom ettirmoqda, u o‘tkazgan ko‘plab tinch norozilik namoyishlari bolalarning moliyaviy foyda olish maqsadlarida ekspluatatsiya qilinishiga doir jiddiy muammoga jamoatchilik e‘tiborini qaratmoqda. U bolalar huquqlariga doir muhim xalqaro konventsiyalarning ishlab chiqilishiga hissa qo‘shmoqda, dedi Yagland.

Sat‘yarxi mukofotga loyiq deb topilganidan “mamnuniyat” izhor qilib, buni “bolalar haqlari uchun kurashning e‘tirof etilishi”, deya atadi.

U Nobelь qo‘mitasiga “bugungi kunda qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan millionlab bolalarning taqdiriga e‘tibor qaratgani uchun” minnatdorchilik bildirdi.

Evropa Ittifoqining Tashqi aloqalar va xavfsizlik masalalari bo‘yicha yangi komissari Federika Mogerini o‘z Twitter sahifasida “Nobel Tinchlik mukofotining Malala Yusufzay va Kaylash Sat‘yarxiga berilgani muhim ahamiyat kasb etadi”, deya yozdi.

Ikki laureat baham ko‘radigan 1,1 million AQSh dollariga teng mukofot haqida 10 oktabr kuni e‘lon qilindi va 10 dekabr kuni Osloda taqdim etiladi.

Pokiston va hindistonlik ikki faolning mukofotga sazovor bo‘lishi Kashmir mintaqasida Pokiston va Hindiston o‘rtasida qonli to‘qnashuvlar ro‘y bergan paytga to‘g‘ri kelmoqda.

Nobelь mukofoti asoschisi shvetsiyalik sanoatchi Alьfred Nobelь mazkur mukofot “millatlar o‘rtasidagi birodarlik, muntazam armiyalarning bekor qilinishi yoki qisqartirilishi hamda tinchlikni saqlash va targ‘ib qilishda eng ko‘p va samarali harakat qilgan kishiga” berilishi kerak, degan.

XS
SM
MD
LG