Линклар

Шошилинч хабар
11 октябр 2024, Тошкент вақти: 13:21

Qonunning qattiqligi erta nikohlarga to‘siq bo‘la olmayapti


Youtube portaliga joylangan farg‘onalik 15 yashar kelin bilan 16 yashar kuyovniki deya ishonilgan to‘y videosi shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda erta nikoh tarafdorlari va unga qarshilar o‘rtasida munozaraga sabab bo‘ldi. Ozodlik manbalariga ko‘ra, ushbu to‘y joriy yilning sentabr oyida Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida bo‘lib o‘tgan. O‘zbekiston qonunlarida erta nikoh taqiqlanganiga qaramay, mamlakatda 15-16 yoshida oila qurish holatlari ko‘p kuzatiladi.

Youtube portaliga shu yilning sentabr oyida yuklangan videoda yosh o‘spirin yigit va qizning nikoh to‘yi aks etgan.

2008 yili qabul qilingan “Bolalar huquqlarini kafolatlash” haqidagi qonunning birinchi bobida 18 yoshgacha bo‘lgan shaxs bola hisoblanadi, deb belgilangan.

Shunday kelib chiqilsa, 16-18 yoshda turmush qurayotgan va ona bo‘layotgan o‘smir qizlar qonun bo‘yicha hali bola hisoblanadi.

Demak, Rishtondagi to‘y bola huquqlariga zid tarzda bo‘lgan.

Farg‘ona viloyati Rishton tumani FHDyo bo‘limiga qo‘ng‘iroq qilganimizda¸ o‘zini tanishtirmagan mulozim ayol bu yoshdagi fuqarolardan nikoh qayd qilish uchun ariza olinmasligini bildirdi:

“O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 15-moddasiga asosan nikoh yoshi erkaklar uchun o‘n sakkiz yosh, ayollar uchun o‘n yetti yosh etib belgilangan. O‘tgan yil may oyidan boshlab erta nikohlar salbiy oqibatlarining oldini olish bo‘yicha ham qonunchilikka o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Agar bu to‘y urf- odatlar yoki diniy rasm-rusumlarga binoan o‘tkazilgan bo‘lsa, O‘zbekistonda bunday nikoh huquqiy kuchga ega emas¸” deb ta‘kidladi ismi aytilishini istamagan FHDyo mulozimi.

Farg‘ona viloyat huquq-tartibot organlaridagi Ozodlik manbalarining aytishicha, keyingi oy ichida Farg‘ona viloyatida o‘nga yaqin to‘y¸ kelin kuyovning yoshligi bois huquq-tartibot idoralari tarafidan to‘xtatilgan.

Ozodlik manbaga ko‘ra, Farg‘ona viloyati Toshloq tumanidagi bir necha to‘y oxirgi daqiqada to‘xtatilgan:

“Kuyov bilan kelinning nikoh yoshiga to‘lmaganini nazorat qilish mahallaga topshirilgan. Lekin mahalla hammani ham nazorat ostiga ola olmaydi. Ana shunday hollarda prokuratura¸ militsiya va FHDyo vakillari bayonnoma tuzib to‘yni to‘xtatadi. To‘y qilganlar jarimaga tortiladi. Toshloq tumanida 1998 yil tug‘ilgan qizni erta turmushga berayotgani aniqlangan paytida to‘y to‘xtatildi”¸ deydi suhbatdosh.

Ozodlikning Farg‘onadagi manbalariga ko‘ra xalq orasida “ZAGSsiz to‘y qilib¸ keyin yoshi yetganida rasmiylashtirib qo‘yish” ko‘paygan.

Qoratepa –erta nikoh to‘yi o‘tkazuvchilar uchun istisnoli hududmi ?

Qizlarni erta turmushga berish va o‘spirinlarni “boshini ikkita qilib qo‘yish” Qashqadaryo viloyatida avj olgani aytiladi.

Qashqadaryodagi manbamizning aytishicha¸ Chiroqchi tumanidagi "G'allakor” qishlog‘ida voyaga yetmagan qizning unashtirish marosimi to‘xtatilgan:

"Suvluq” va "Chuvulloq” qishlog‘ida ham erta nikohlarning oldi olindi va ushbu oilalar farzandlari 12 yillik majburiy ta‘limga jalb etildi. Yil boshidan beri Qashqadaryoda 50ga yaqin qizning erta nikohiga chek qo‘yildi”, deydi Ozodlik manbasi.

Qashqadaryo FHDyolaridan birida ishlovchi ayol ismi aytilmasligi sharti bilan erta nikoh borasidagi viloyatdagi manzarani tasvirlab berdi:

“Erta nikoh voqeasini ko‘pincha bir yil o‘tib bilamiz. Tug‘ruqxonadan bizga voyaga yetmagan qiz tug‘di degan qog‘oz keladi. Borsak bir yil oldin ZAGSsiz to‘y qilingani ma‘lum bo‘ladi. Bunaqa xolatlar ko‘p. Termiz yaqinida Qoratepa degan joy bor. O‘sha yerning aholisi qizlarni erta erga berish borasida chempion. Qoratepadagilar qonun borligini nazar pisand qilmay yoshgina o‘spirinni yoshgina qizchaga uylab qo‘yaveradi. Katta to‘y ham beradi. O‘sha to‘yda militsiya xodimlari ham qatnashadi, lekin qoratepaliklarga inday olmaydi. Shayxali¸ Xonobod degan joylarda ham erta nikoh ko‘p”, deydi suhbatdosh.

Urf-odatlar bosimi

Qonunlardagi cheklovlarga qaramasdan, O‘zbekistonda qizlarni 15-16 yoshida erga berish holatlari ko‘p kuzatiladi.

Vrach Dilobar Ahmedovaga ko‘ra¸ bunday hollarda nikoh rasman qayd qilinmaydi yoki kelinning guvohnomasi soxtalashtiriladi:

- Jamoatchilik zehniyati bunday hollarda qari momo va buvilarimiz hikoyasiga tayanadi. Buvilarimiz 11-14 yoshlarda turmushga chiqqanini faxrlanib gapirishadi. Bu o‘rinda har doim ham keksalar gapi to‘g‘ri emasligini tushunishimiz lozim,- deydi suhbatdosh.

Jamoa fikri ustivor bo‘lgan O‘zbekiston jamiyatida yoshi sal o‘tgan qizlarga salbiy munosabat shakllangan.

Buxoro va Samarqandda bunday qizlarga nisbatan “pirduxtar”¸ Toshkentda “qariqiz”¸ Farg‘ona vodiysida esa “o‘tirib qolgan qiz “ tarzida haqoratomuz kalimalar qo‘llaniladi.

Sotsiolog olimlar zehniyatni qonuniy cheklovlar bilan o‘zgartirish mushkulligini aytib kelishadi.

Erta nikoh tarafdorlari va qarshilar

Youtube portaliga qo‘yilgan 15 yashar kelin bilan 16 yashar kuyovniki deya ishonilgan to‘y tasviri erta nikoh tarafdorlari va unga qarshilarning fikriy po‘rtanasiga sabab bo‘ldi.

Ginekolog Farida Bo‘ronova erta nikohga qarshilardan biri:

“Turmush qurish bu katta ma‘suliyat!!! Shu yoshda, shu yigitcha oilani boqa oladimi?!! Albatta Yo‘q!! Aytganday keyin nima qiladi? Rossiyaga keladida pul topish uchun, axir gastarbayterlar sonini ko‘paytirish kerakku... Ha, endi bu yoshda... homiladorlik va tug‘ruq paytida sodir buladigan asoratlar haqida gapirmayman... ular sonsiz", deydi ginekolog Farida Bo‘ronova FB dagi munozarada.

O‘zbekistonlik siyosiy faol¸ xozir Hollandiyada istiqomat qiluvchi Akbarali Oripov erta nikohga qarshi emas:

“15 yosh ham bir oz kech. Agar balog‘atga yetib qolsa undanda ertaroq berish kerak. Iloxim baxtli bo‘lishsin. Farzandlari jasur va aqlli o‘g‘il qizlar bo‘lib yetishsin”, deb tilak bildiradi muxolifat faoli.

Munozaraga Qirg‘izistondan qo‘shilgan O‘zibek Xoji Cho‘tonov tarixdan misol keltiradi:

“Bizning Manas 12 yoshida uylangan, Semetey ham, Seytek ham. Ular uylangan qizlar yana ham yosh bo‘lgan“, deya takidladi FB yuzeri.

Rustam Mamatqulov degan yuzerning fikri boshqacha:

"To‘yga rozilik bergan ona-onani psixologga ko‘rsatish kerak. Hali bolaku bular oila tushunchasini qayerdan bilishsin!"

Aziz Ozodlik mushtariylari, sizning bu boradagi fikringiz qanday?

XS
SM
MD
LG