Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:23

Toshkentda Shoshilinch tibbiy yordamning o‘n shifokori hibsga olindi


26 noyabr kuni Respublika Shoshilinch Tez Tibbiy Yordam Markazi travmatologiya bo‘limi boshlig‘i, tibbiyot fanlari nomzodi Ravshan Hakimov bemorlardan birining yaqinidan 1,5 million so‘m miqdorida pora olayotganida hibsga olindi. O‘sha kuni mazkur bo‘limning yana to‘qqiz shifokori "Toshturma" izolyatoriga tashlandi.

Respublika Shoshilinch Tez Tibbiy Yordam Markazi (RShTTYoM) travmatologiya bo‘limining o‘n shifokori Toshkent shahar prokuraturasi va MXXning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan maxsus operatsiya jarayonida qo‘lga olingan.

Bu haqda xalq tilida “16-bolnitsa” deb yuritiladigan RShTTYoMdagi manba Ozodlikka xabar qildi.

Manbaga ko‘ra, huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan maxsus kukun bilan ishlov berilgan 1,5 million so‘m miqdoridagi pora klinika mijozlaridan biri orqali bo‘linma bosh shifokori Ravshan Hakimovga berilgan. Hakimov o‘z xizmat xonasida pulni olayotganida hibsga olingan.

“Kechadan beri “neotlojka” ostin-ustin bo‘lib ketdi. Hammayoq to‘polon, Ravshandan tashqari yana 10 ga yaqin do‘xtirni olib ketishgan. Bilmadim, nima bo‘ladi. Prokuratura avvaldan poylab yurgan deyishyapti. SNBga ariza bergan odam avval ham shunday ish qilgan ekan, deyishyapti. Hammaning yuragi taka-puka” deydi “Ozodlik” manbasi.

Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan "O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash a‘lochisi" ko‘krak nishoni sohibi Ravshan Hakimovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 205-moddasi (Mansab vakolatini suiiste‘mol qilish) va 210-moddasi (Pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari boshlangan.

Shuningdek, bo‘limning yana 9 shifokori hibsga olinib, Toshkent shahridagi 1-sonli tergov izolyatori (Toshturma) ga keltirilgan.

Respublika Shoshilinch Tez Tibbiy Yordam Markazi xodimasiga ko‘ra, klinikaning travmotologiya bo‘limini taniqli shifokor, tibbiyot fanlari doktori Erkin Valiyev boshqaradi. Mazkur bo‘lim ikki bo‘linma — kattalar travmotologiyasi (Ravshan Hakimov) va bolalar travmotologiyasi (Tohir Musayev)dan iborat. Mazkur bo‘limda yiliga 10 000 dan ortiq bemor murojaat qiladi.

XS
SM
MD
LG