Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:54

Koreyadagi o‘zbeklar porno rasmlar bilan shantaj qilinmoqda


O‘zbeklarni shantaj qilish “Odnoklassniki” tarmog‘ida tarqalgani aytiladi.
O‘zbeklarni shantaj qilish “Odnoklassniki” tarmog‘ida tarqalgani aytiladi.

“Odnoklassniki”, “Facebook”, “Twitter”, “Instagram”, “Whatsapp”, “V kontakte” “Telegram” kabi ijtimoiy tarmoqlarda real kishilar nomidan soxta sahifalar ochish va ularni shantaj qilish hollari haqida Ozodlikka shikoyatlar kelmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar bo‘yicha mutaxassislarga ko‘ra¸ behayo rasmlar vositasida o‘zbeklarni shantaj qilish “Odnoklassniki” tarmog‘ida keng ko‘lam kasb qilgan.

Janubiy Koreyadagi avtomobil zavodida chilangar bo‘lib ishlaydigan 35 yashar Murodali ismli yigit ana shunday shantaj qurboni bo‘ldim, deya o‘z tashvishini Ozodlikka bildirdi.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ Koreyadagi o‘zbek yigitlar uning nomidan foydalanib va fotosuratlarini porno tarzida montaj qilib, “Odnoklassniki” sahifasiga qo‘yishgan.

Bu porno sahifani ijtimoiy tarmoqdan olib tashlash uchun Murodalidan 60 ming von (50 AQSh dollari atrofida) pul talab qilingan.

Bu pulni bermaganidan keyin Murodaliga qarshi yangi pornorasmlar turkumi saytga qo‘yilgan.

“Odnoklassniki” tarmog‘idagi montaj qilingani shundoq bilinib turgan bu rasmlarda Murodali qizlar bilan noan‘anaviy tarzda jinsiy aloqa qilayotgan va jamiyat tarafidan uyat deya bilingan boshqa tarzlarda aks etgan.

Murodalining aytishicha¸ Koreyadagi o‘zbeklardan tashkil topgan guruh shantaj yo‘li bilan o‘zbek migrantlaridan pul undirmoqda:

- Bitta men emasman. Men bilgan bir necha yigit shunaqa shantajga nishon bo‘ldi. Bu yigitlar qizlar nomidan sahifa ochib ular bilan do‘st bo‘lgan. Bu yigitlarning shahvoniy mazmundagi yozishmalari ham fosh qilinmoqda. Ular bu yozishmalarni oldin yigitning o‘ziga yuborishadi. "Seks mavzusidagi yozishmalaring bizning qo‘limizda¸ shuncha pul bermasang Youtubega qo‘yvoramiz" deb qo‘rqitishadi. Qancha yigitlar¸ "oilam barbod bo‘lmasin" deb pul berib qutuldi¸- deydi suhbatdosh.

Murodali aytgan holatni Ozodlikning Koreyadagi boshqa manbalari ham tasdiqladi.

5 yildan beri Koreyadagi bo‘yoq fabrikasida ishlaydigan va o‘zini Azamat deb tanishtirgan xorazmlik yigitning aytishicha¸ ikki yil oldin Koreyadagi o‘zbeklar ijtimoiiy tarmoqlarda yigit-qizlarni shantaj qilib, pulini olish bilan shug‘ullanib yurgan o‘zbek ayolni ushlab politsiyaga topshirishgan:

- Koreyada ishlab yurgan qiz va yigitlarning fotosuratlarini sharmsiz montaj qilib qo‘yib, ularni yomonotliq qilish bilan shug‘ullanib yurgan ayolni o‘zimizning o‘zbek yigitlari ushlab olib politsiyaga topshirib yuborishgan. Sistema oddiy. G‘arbda chiqqan porno suratni olib fotoshopda yuzini o‘zbek qizi yoki yigitiga almashtirib qo‘yishadi. Oldiniga rasmni nishondagi qurbonning o‘ziga jo‘natib pul so‘raydi. Ko‘p emas 50-60 dollar atrofida so‘rashadi. Ko‘plar balodan nari deb o‘sha pulni berishadi. Berishmasa, ular bu rasmlarni saytga chiqarib yuboradi¸- deydi Koreyada ishlab yurgan o‘zbekistonlik Azamat.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ Koreyadagi ba‘zi o‘zbeklar birovlarning fotosuratlaridan foydalanib sahifa ochish, hayosiz fotomontajlarni amalga oshirish, o‘zbeklarda urf bo‘lmagan haqoratli gap-so‘zlarni ishlatish, muloqot chog‘ida esa bir-birini uyat gap bilan so‘kib sharmsiz fotosuratlar, videoroliklarni tarqatish bilan kunora shug‘ullanishmoqda.

Ozodlikning “Yosh to‘lqin” loyihasi boshlovchisi¸ ijtimoiy tarmoqlar bo‘yicha mutaxassis To‘lqin Umaraliyevning aytishicha¸ behayo rasmlar vositasida o‘zbeklarni shantaj qilish “Odnoklassniki” tarmog‘ida keng ko‘lam kasb qilgan:

- Birinchidan, “Odnoklassniki” O‘zbekistonda keng tarqalgan. Ikkinchidan, bu tarmoqni buzib kirish oson. Uchinchidan profillarning aksari ochildasturxon bo‘lib turibdi. Bu profillarga sizni do‘stlaringiz safida bo‘lmaganlar ham kirib rasmlaringizdan bemalol foydalanishi mumkin¸ deydi To‘lqin Umaraliyev.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ boshqa kishilar nomi va fotolaridan foydalanib klon sahifalar yaratish aynan “Odnoklassniki”da keng urchigan.

Joriy yildagi ma‘lumotlarga ko‘ra¸ shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistondagi o‘nlab taniqli kishilarning klonlari yaratilgan.

O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova nomidan “Odnoklassniki”da 300 ta, “Feysbukda” 25 ta, O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov nomidan “Odnoklassniki” tarmog‘ida 275 ta, “Feysbuk”da 16ta, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Rayhon G‘aniyeva nomidan “Odnoklassniki”da 158 ta, “Feysbuk”da 6 ta, xonanda Munisa Rizayeva nomidan “Odnoklassniki”da 311 ta, “Feysbuk”da 10 ta soxta sahifa ochilgan.

2013 yilgi sentyabr oyi hisob-kitoblariga ko‘ra, “Odnoklassniki”da 7 million O‘zbekiston fuqarosi ro‘yxatdan o‘tgan.

Ijtimoiy tarmoqlar bo‘yicha mutaxassis To‘lqin Umaraliyevning aytishicha¸ shu kunda ularning uch millioni faol foydalanuvchidir.

XS
SM
MD
LG