Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:27

Boshqarilayotgan raqobat: "25 yashar nomzod olgan ovozlar o‘g‘irlandi"​


Surat Xushnudbek.uz sahifasidan olindi
Surat Xushnudbek.uz sahifasidan olindi

Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanidan deputatlikka ko‘rsatilgan 25 yashar nomzod Xushnud Xudayberdiyev olgan ovozlar amaldagi deputat-nomzod foydasiga soxtalashtirilgani iddao qilinmoqda. Tuman hokimi Ravshan Komilov bunga aloqadorligiga oid iddaolarni rad etdi. Ammo, ijtimoiy tarmoqlarda buni tasdiqlovchi sharhlar qoldirildi va Xudayberdiyev ham tarmoqlardagi sahifalarini yopib qo‘ydi.

“Adolat” sotsial demokratik partiyasidan O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga Chiroqchi tumanidan ko‘rsatilgan nomzod, Toshkent viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasining yetakchi yuriskonsulti, 25 yoshli Xushnud Xudayberdiyevga berilgan ovozlar uning raqiblaridan biri, amaldagi deputat-nomzod nomiga o‘tkazib berilgani iddao qilinmoqda.

Ozodlikka maktub yozgan chiroqchilik manba iddaosicha, ovozlarni soxtalashtirishga, go‘yoki, Chiroqchi tumani hokimi Ravshan Komilov bosh bo‘lgan:

Tog‘am saylov komissiyasida kotib bo‘lib ishlaydi. Uning aytishicha, kecha Chiroqchi hokimi Ravshan Komilov kechqurun hokimiyatda hamma saylov komissiya raisi va kotiblarini yiqqan... Xushnudni 60%ga yakin ovoz olganini ko‘rib hammaga qarab baqirgan. “Nega men aytgan odamni saylamadinglar” deb baqirgan. Lekin vijdonli insonlar ham bor ekan. Torjilg‘a qishlog‘idan bir kotib yigit turib “men o‘zgartirmayman, xalqni ovozini qanday o‘zgartiramiz” deganda hokim militsiya chaqirtirib “qamaysan buni” debdi... Bayonnomalarni qayta yozib ovozlar sonini hammaga qalam bilan yozdirib olishgan. Ruchka bilan yozgani qo‘ymagan hech kimga”, deb yozadi manba.

Saylov bayonnomasi
Saylov bayonnomasi

Manba Xushnud Xudayberdiyev olgan ovozlar haqidagi bayonnomalardan nusxa ham jo‘natgan. Bu bayonnomalarda oltita saylov uchastkasida Xudayberdiyev saylovchilarning 70-83 foiz ovozini olgani ko‘rsatilgan.

Xushnud Xudayberdiyev saylov natijalarini kuzatgan vakolatli vakili olgan ma‘lumotlarga tayanib, o‘z blogida ko‘p ovoz olganini 22 dekabr kuni e‘lon qildi:

Xushnud Xudayberdiyev veb sahifasidan ko‘chirma
Xushnud Xudayberdiyev veb sahifasidan ko‘chirma

Endi birlamchi saylov natijalariga to‘xtalsam. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 119-Chiroqchi saylov okrugidan ko‘rsatilgan nomzodlar quyidagicha ovoz olishdi: Xudayberdiyev Xushnud G‘ayratovich – 55,3%, Eshmamatov Zafar Qabulovich – 33,2%, Qulmatov Fozil Tulaganovich – 7,4%, Raxmatov Sattor Ne‘matovich – 4,1%”, deb yozadi Xushnud Xudayberdiyev.

Qizig‘i, oradan bir necha soat o‘tib, bu maqola yosh nomzodning blogidan g‘oyib bo‘ldi. Ammo, ijtimoiy tarmoqlarda bu bloggerning kuzatuvchilari ko‘p bo‘lgani bois, bu maqola tez orada tarqalishga ulgurdi.

Chiroqchi tumanining Uyshun qishlog‘ida yashovchi o‘qituvchi ham Ozodlik bilan suhbatda Xushnud Xudayberdiyev hamma raqiblaridan ko‘p ovoz olgani va halol saylov uchun uchastka raisiga minnatdorchilik bildirganini tasdiqladi:

“69-maktab direktori Shukur domla 547-saylov uchastkasi raisi bo‘lgan. Kecha Xushnud Xudayberdiyev maktabga kelib domlani quchoqlab ko‘tarib oldi. Men g‘olib bo‘ldim, rahmat, dedi. Hammamiz ham o‘zimizdan chiqqan yosh va g‘ayratli yigit g‘olib bo‘lganidan xursand bo‘lgan edik”, dedi uyshunlik o‘qituvchi.

Ozodlik Chiroqchi tumanidagi saylov uchastkalaridan birining raisi bilan bog‘lanib, Xushnud Xudayberdiyev olgan ovozlarni soxtalashtirishga oid hokimning buyrug‘i haqida so‘radi. Saylov uchastkasi raisi ikki sutkadan buyon uxlamaganini ro‘kach qilib, savolga javob berishdan qochdi.

Chiroqchi tumani hokimi Ravshan Komilov esa Ozodlik bilan suhbatda, saylov uchastkalari raislari hech qanday buyruq bermagani, ovozlarni soxtalashtirish iddaolari asossizligini aytarkan: “Mening saylov ishiga aralashishga umuman haqqim yo‘q”, deb ta‘kidladi.

Nomzodlar olgan ovozlar
Nomzodlar olgan ovozlar

Ayni paytda, Tvitter va Feysbuk ijtimoiy tarmog‘ida Xushnud Xudayberdiyevga berilgan ovozlar soxtalashtirilganiga ishorat beruvchi sharhlar qoldirildi.

Shuningdek, Xudayberdiyevning o‘zi 23 dekabr kuni Feysbukdagi sahifasini "fitnadan saqlanish maqsadida" o‘chirib qo‘ydi.

Ozodlikning Xushnud Xudayberdiyevga qilgan murojaatlari hozircha natijasiz qolmoqda.

Ayni paytda, 25 yashar nomzodga nisbatan haqsizlikka qarshligini iddao qilib, Ozodlikka maktub bitgan manba chiroqchiliklar Prezident devoniga shikoyat qilmoqchi ekanini ham aytmoqda:

"Qishlog‘imiz oqsoqollari bilan Prezident devoniga shikoyat yozmoqchimiz. Qo‘limizdagi saylov bayonnomalarini xam takdim kilamiz. Buni shunday qo‘ymaslik kerak. Agar natija shundayligicha qolsa, kishlog'imiz keyinchalik saylov-paylovda qatnashmaymiz deyapti, odamlar", deb yoziladi maktubda.

O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylovning yakuniy natijalarini hali e‘lon qilmadi. Yakuniy natija 31 dekabr kuni matbuotda e‘lon qilinishi kutilmoqda.

Dastlabki natijalarga ko‘ra, Oliy majlisning Qonunchilik palatasiga 135 deputatdan 113 tasi saylangan. 22 okrugda esa saylov qayta o‘tkaziladi. Hozircha, Xushnud Xudoberdiyev nomzodi ko‘rsatilgan 119-Chiroqchi saylov okrugida deputat saylanganmi yoki yo‘qmi - hozircha noma‘lum.

Dastlabki natijaga ko‘ra, saylovda Liberal-demokratik partiya yetakchilik qilmoqda. Ushbu partiyadan 47 nafar, “Milliy tiklanish” partiyasidan 28 nafar, Xalq demokratik partiyasidan 21 nafar, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan 17 nafar deputat saylangan.

Shuningdek, Ekologik harakatning Markaziy kengashi Ijroiya qo‘mitasi anjumanida yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylangan 15 nomzod Qonunchilik palatasiga deputat bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG