Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:08

Xorijdan posilkalar faqatgina O‘zbekiston Pochtasi orqali kiritilmoqda​


Joriy qilinayotgan cheklovlar O‘zbekiston Pochtasiga taalluqli bo‘lmasligi aytilmoqda.
Joriy qilinayotgan cheklovlar O‘zbekiston Pochtasiga taalluqli bo‘lmasligi aytilmoqda.

O‘zbekiston bojxona qo‘mitasi xorijdan yuborilayotgan posilkalarni mamlakat ichkarisiga kirgizmayapti. Posilkalarni rasmiylashtirish vaqtincha to‘xtatilganini bojxona xizmati vakillari Ozodlikka tasdiqlab, buni xorijiy jo‘natmalarga doir yangi me‘yorlarning ishlab chiqilayotgani bilan izohladi. Ozodlik suhbatlashgan xususiy pochta xizmatlari vakillarining aytishicha, joriy qilinishi kutilayotgan o‘zgartishlarga ko‘ra, bundan keyin fuqarolar xorijdan o‘z ehtiyojlari uchun, posika vositasida jo‘natayotgan tovarlar, narxidan qat‘iy nazar, soliqqa tortiladi. Ayrim xabarlarga ko‘ra, 1000 AQSh dollarigacha bo‘lgan tovarlar faqatgina O‘zbekiston Pochtasi davlat shirkati orqali jo‘natilsagina, bojxona to‘lovidan ozod qilinadi.

Hukumat qarori yo‘q, lekin posilkalar berilmayapti

O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi 6 yanvar kuni kutilmaganda xorijdan DHL, FedEx, Atlantic Express kabi xususiy pochta xizmatlari orqali jo‘natilgan posilkalarni bojxona omborxonasidan chiqarmay qo‘ydi.

DHL shirkatining Toshkentdagi vakillaridan biri, Ozodlik bilan suhbatda, bojxona qo‘mitasi o‘z qarorini amaldagi me‘yoriy hujjatlar vaqtinacha bekor qilinishi bilan izohlamoqda, deya bildirdi.

- Bu borada qo‘shimcha izoh berishlarini kutyapmiz. Hozir barcha yuklar to‘xtatib qolingan. Ular amaldagi qoidalar vaqtincha to‘xtatilganini aytishmoqda. Yangi me‘yoriy hujjatlar ishlab chiqilayotganini ham aytishmoqda. Lekin yangi qoidalar qanday bo‘lishini aytishmayapti. Nima bo‘lganda ham, hozir barcha yuklar to‘xtatib qolingan. Ba‘zi xabarlarga ko‘ra, yangi qoidalar bo‘yicha avval bojxona to‘lovlarisiz olib kirilishi mumkin bo‘lgan narxi ming dollargacha tovarlarga ham endi soliq solinadi,- deydi DHL vakili.

O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasining Toshkent aeroportidagi idorasi vakili ham Ozodlik bilan suhbatda hukumat qarori kutilayotgani, lekin bu qaror qachon e‘lon qilinishini bilmasligini bildirdi. Bojxonachi ham bundan keyin posilkaga solingan tovarlar uchun, narxi 1000 dollargacha bo‘lgan taqdirda ham, bojxona to‘lovi undirilishi mumkinligini tasdiqladi.

- Hozircha hujjat kelishi kerak, deyishyapti. Lekin qachon kelishi aniq emas. Hujjat kelishi bilanoq posilkalarni berishni boshlaymiz. Ming dollargacha bo‘lgan tovarlarni deklaratsiyasiz olib kirish tartibi o‘zgarisho‘i mumkin, deyishyapti. Lekin bojxona to‘lovi qancha bo‘lishi hozircha aniq emas,- deydi bojxona qo‘mitasi vakili.

Lekin hukumat qarori rasman e‘lon qilinmasdan posilkalar ushlab qolinayotgani sababini bojxona vakili izohlay olmasligini ta‘kidladi.

O‘zbekiston Pochtasi avvalgiday ishlamoqda

Ayni paytda, DHL shirkati vakili, Ozodlik bilan suhbatda joriy qilinishi kutilayotgan qoidalar O‘zbekiston Pochtasi davlat shirkati orqali mamlakatga jo‘natilayotgan posilkalarga taalluqli bo‘lmaydi, degan gaplar bor, deya bildirdi.

O‘zbekiston Pochtasining xalqaro pochta jo‘natmalarini rasmiylashtirish bo‘limining o‘zini tanishtirmagan xodimi, Ozodlik bilan suhbatda, davlat pochtasi orqali xorijdan kelayotgan posilkalar, avvalgiday, mamlakatga kirib kelayotganini tasdiqladi.

- Faqatgina xususiy pochtalar oraqli jo‘natilgan posilkalar to‘xtatilyapti. O‘zbekiston davlat pochtasi orqali hamma narsa belgilangan tartibda kirib kelyapti. Posilkada tovarlar bo‘lsa, ming dollargacha, tovar turi bitta donadan oshmasa, avvalgiday, kirib kelyapti biz orqali. Masalan, televizor yoki telefon, kiyim-kechak narxi ming dollardan oshmasa va bittadan ko‘p bo‘lmasa, bojxona to‘lovisiz kirib kelyapti. Lekin xususiy pochta xizmatlari yuklari to‘xtatib qolinayotgani bor gap,- deydi O‘zbekiston Pochtasi vakili.

O‘zbekiston Pochtasining katta qismi Gulnoraga qarashli

Xususiy pochta orqali yuboriladigan tovarlarga bojxona to‘lovi joriy qilinayotgani rost bo‘lsa, bu O‘zbekiston Pochtasi davlat shirkatiga katta miqdorda qo‘shimcha daromad olish imkonini beradi. Chunki DHL, FedEx kabi shirkatlarning Ozodlik bilan suhbatlashgan vakillariga ko‘ra, o‘zbekistonliklar orasida xorijdan, Inetrent orqali tovarlarni sotib olish bugun urf bo‘lgan. Bunda ular aosan xususiy shirkatlar xizmatlaridan foydalanadi.

Katta qismi davlatga qarashli O‘zbekiston Pochtasi ochiq aktsionerlik jamiyati aktsiyalarining 35 foizi 2007 yilda O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimovaga aloqador Phoenix kompaniyasi tomonidan sotib olingani ma‘lum.

Markazi Sarayevoda joylashgan Uyushgan jinoyatchilik va korruptsiyani yoritish loyihasi vakillari Ozodlikka ko‘rsatgan hujjatlarga ko‘ra, Hong Kongda ro‘yxatga olingan Phoenix Ltd. firmasi Gulnora Karimova yordamichlaridan biri – Yekaterina Klyuyeva nomiga rasmiylashtirilgan.

Loyiha rahbari Miranda Patruchich o‘z ixtiyoridagi hujjatlar O‘zbekiston Pochtasining qariyb 35 foizlik ulushi Gulnora Karimovaga tegishli ekanini ko‘rsatadi, deydi.

- 2005 yilning dekabrida O‘zbekiston hukumati davlat pochta shirkati ulushlarini savdoga chiqarib, tender e‘lon qiladi. Tender ikki marta qoldiriladi. Lekin oxir-oqibat tenderni Gulnoraga qarashli Phoenix firmasi yutib chiqadi. Gulnoraga yaqin ekani ma‘lum Yekaterina Klyuyeva nomiga Hong Kongda ro‘yxatga olingan bu firma 2007 yilning fevral oyida O‘zbekiston Pochtasi davlat kompaniyasining 25,4 foizlik ulushini sotib oladi. Boshlang‘ich narxi 2,44 million dollar deb belgilangan aktsiyalar uchun bu firma oxirida 2,6 million dollar to‘laydi. Oradan bir nech oy o‘tib, 2007 yilning iyun oyida, O‘zbekiston Pochtasi rasmiylari Interfaks agentligiga Phoenix Ltd. shirkati minoritar aktsiyadorlarda yana 9,44 foiz aktsiyalarni sotib olganini bildirgan edi. Ya‘ni Gulnoraga aloqador bu firmaga O‘zbekiston Pochtasining jami 34,8 foiz ulushi qarashli bo‘lgan,- deydi jurnalist.

Miranda Patruchich o‘z ixtiyorida Phoenix firmasi bevosita Gulnora Karimovaga qarashli ekanini tasdiqlovchi moliyaviy hujjatlar ham borligini aytib, hozirda bu aktsiyalar kimning tasarrufiga o‘tganini bilmasligini e‘tirof etadi.

O‘tgan yilning fevral oyida Gulnora Karimovaga yaqin ekani aytiladigan Yekaterina Klyuyeva hozirda qamoqqa hukm qilingan Gayane Avakyan va Rustam Madumarovlar bilan birgalikda hibsga olingan edi. O‘shandan beri Klyuyevaning taqdiri noma‘lum qolmoqda.

O‘zbekiston Pochtasi vakillari Ozodlikning Pheonix firmasiga qarashli hissalar hozirda kimning tasarrufida, degan savoliga javob bermadi.

XS
SM
MD
LG