Линклар

Шошилинч хабар
10 май 2024, Тошкент вақти: 20:13

Yoxan Bihr: Karimov ko‘ppaklari Uznews.netni yo‘q qildi​


Parijdagi “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti Uznews.net mustaqil nashrining yopilishida Karimov rejimini aybladi. 2005 yilda O‘zbekistonda tashkil etilgan mustaqil nashr o‘tgan oy kiberhujumlar ortidan faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan edi.

Uznews.net bosh muharririning elektron pochta qutisi xakerlar tarafidan sindirilishi va O‘zbekistondagi muxbirlarining hayotini xavf ostiga qo‘yishi mumkin axborotning Internetga sizdirilishi ortidan mustaqil nashr o‘tgan oy faoliyatini to‘xtatgan edi.

- To‘siqlarga qaramay Uznews.net nashri so‘nggi o‘n yil mobaynida O‘zbekiston ichida ommabop mustaqil axborot manbai bo‘la oldi, - deyiladi “Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotining 15 yanvar kungi bayonotida.

Uznews.net mustaqil nashri 2005 yilda ikki o‘zbek jurnalisti – Galima Buxorboyeva hamda Qudrat Bobojonlar tarafidan Toshkentda tashkil qilingan edi.

Siyosiy qochqin sifatida mamlakatni tark etgan ikki jurnalist 2006 yilda nashrni chet elda qayta tiklashgandi.

O‘tgan yil sayt bosh muharriri Galima Buxorboyevaning elektron pochta qutisiga qilingan xakerlik hujumi va pochta qutidagi konfidentsial ma‘lumotning tarmoqqa sizdirilishi O‘zbekistonda qolgan mustaqil jurnalistlarni tahdid ostida qoldirdi.

Bu hodisa ortidan nashr dastlab bir oylik tanaffusga chiqqanini ma‘lum qildi.

Keyin esa sayt faoliyatini butkul to‘xtatishini e‘lon qildi.

- Prezident Islom Karimovning qo‘riqchi ko‘ppaklari ushbu erkin axborot nashrini yo‘q qilishga muvaffaq bo‘ldilar, - deydi Chegara bilmas muxbirlar tashkilotining Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa mamlakatlari bo‘limi raxbari Yoxann Bihrning 15 yanvar kungi bayonotida.

Janob Bihrga ko‘ra, Uznews.net nashrining yo‘q qilinishi O‘zbekistonda diktatorlik rejimi sharoitlarida zo‘rg‘a turgan erkin matbuotga berilgan jiddiy zarbadir.

Uznews.net nashrining bosh muharriri Galima Buxarboyeva 16 yanvar kuni Ozodlik bilan suhbatda muxbirlari xavfsizligini o‘ylab sayt faoliyatini to‘xtatishga qaror qilinganini aytadi:

- Bizga qarshi kampaniya bir necha yil davom etdi, ustimizga mag‘zava ag‘darishdi, biz shu tahdidlar qarshisida yolg‘iz qolib ketdik. Kimdir bizni himoya qilib chiqdimi? Kimdir so‘z erkinligini himoya qilib chiqdimi? Aksincha ko‘pchilik bizga qarshi kampaniyaga jo‘r bo‘lib turdi. Hatto Fransiyada karikaturachilarning o‘ldirilishi yuzasidan bildirgan fikrlarim uchun menga o‘lim tahdidlari haqida sharhlar kelmoqda. Bunaqa sharoitda qanday faoliyat qilish mumkin?, - deydi Buxorboyeva.

Uznews.net nashri bosh muharriri O‘zbekistondagi jurnalistlar haqidagi konfidensial ma‘lumotlarni Internetga sizdirgan shaxslar ustidan sud va immigratsiya idoralariga shikoyat qilishini aytadi:

- Men suddan tashqari immigratsiya idoralariga ham shikoyat qilmoqchiman. Bunday odamlar nima asosda qochqinlik olishgan? Men shuni tagiga yetmoqchiman. Shuningdek, Yevropa qanday qilib o‘rta asrlar uslubida yashashni targ‘ib etuvchi islomchilarga boshpana beryapti. Bunday odamlar Yevropada o‘tirib, bu yerda so‘z erkinligi ustunlarini yakson qilishga urinmoqdalarku, - deydi Buxorboyeva.

Hozirda O‘zbekistonda kamida o‘n jurnalist qamoqda qolmoqda. Shu mahkum jurnalistlarning biri Uznews.net mustaqil nashrining Qoraqalpog‘istondagi muxbiri bo‘lib ishlagan Solijon Abdurahmonovdir.

Uznews.net nashrining ismi sir qolishini istagan O‘zbekistondagi muxbirlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda mamlakat ichida xavf ostida qolib ketganliklarini aytdi.

“Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotiga ko‘ra, O‘zbekistondagi ommaviy axborot vositalari to‘laligicha tsenzura ostidadir. Tashkilot O‘zbekistondagi voqealarni chet mamlakatlardan turib yoritib boruvchi Ferghana.ru, Ozodlik radiosi va Jarayon kabi nashrlar qolganini ta‘kidlaydi.

XS
SM
MD
LG