Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:23

Tvitterda Ozodlik radiosi rus xizmatining soxta sahifasi yaratildi​


Radio Svoboda - Ozodlik radiosi rus xizmatining mikroblogiga taqlid qiluvchi soxta sahifa.
Radio Svoboda - Ozodlik radiosi rus xizmatining mikroblogiga taqlid qiluvchi soxta sahifa.

Taqlid maqtovning eng samimiy shakli, deydilar. Ammo taqlid dezinformatsiyaning yomon turi o‘laroq ham qo‘llanilishi mumkin.

9 fevral kuni Tvitter mikrobloglar xizmatidagi "Radio Svoboda" - Ozodlik radiosi rus xizmatining mikroblogiga taqlid qiluvchi soxta sahifa paydo bo‘ldi. Qalbaki sahifaning nomi ham, unda ishlatilgan grafika ham haqiqiysinikiga juda yaqin edi. Soxta akkaunt nomi “svoboda” o‘rniga “svoboba” shaklida yozilgani hisobga olinmasa, sahifalar juda o‘xshash edi.

Soxta akkauntning profilga oid ma‘lumotlar bo‘limida rus tilida “Ozodlik radiosida bepul yangiliklar. Vataningizni krossovkamizga aylantiramiz”, deb yozilgandi. U yerda yana “aloqa uchun telefon raqamlari” berilgan bo‘lib, ular aslida Rossiya Tashqi razvedka xizmatining fuqarolar murojaat qilishi uchun bo‘lgan raqamlari edi.

Bir necha kun avval Tvitterda "Amerika Ovozi" (Golos Ameriki) radiosining rus xizmati akkauntiga taqlid qiluvchi soxta sahifa ham paydo bo‘lgandi. Unda “Rossiya Federatsiyasi harbiy kuchlari harakatlari haqida xabar berishni istaganlar” ko‘rsatilgan raqamga bog‘lanishi mukinligi aytilgan edi. Sahifada qayd etilmish raqam aslida Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining qabulxonasi telefon raqami edi. Bu qalbaki akkaunt nomi “Golos Ameriki” emas, balki “Kolos Ameriki” shaklida yozilgandi.

O‘xshashliklarga qaramay, soxta akkauntlar katta e‘tibor qozona olmadi. Qalbaki "Amerika Ovozi" sahifasiga bor-yo‘g‘i 33 ta, yolg‘on "Radio Svoboda" akkauntiga esa atigi uch odam obuna bo‘lgan, xolos. Haqiqiy "Golos Ameriki" akkauntiga bugungi kunda 188 ming, "Radio Svoboda" sahifasiga esa 108 ming tvitterchi obuna bo‘lgan.

Qalbaki sahifalarda ham ishonchli, ham haqiqatdan yiroq postlar aralash berilgan. Ishonchlilari qatoriga "Amerika Ovozi" va "Radio Svoboda" materiallariga linklar berilgan postlarni qo‘shishi mumkin. Soxta postlarda esa Ukraina bo‘hroniga oid yolg‘on ma‘lumotlar tarqatayotgan rossiyaparast targ‘ibotchi saytlarga linklar qoldirilgan.

Soxta "Radio Svoboda" akkauntida yozilgan post kamida bir marta Rossiya nashri tomonidan Ozodlik radiosining rus xizmatidan olingan ma‘lumot sifatida ishlatilgani ma‘lum bo‘ldi.

Qalbaki akkaunt egalarining asosiy maqsadi ham shu bo‘lsa kerak edi, deb hisoblaydi kuzatuvchilar.

“Kreml axborotni qanday qilib qurolga aylantirishi” haqidagi hisobot muallifi, televideniye prodyuseri Peter Pomerantsev 13 fevral kuni "Nyu-York Tayms" gazetasiga bergan intervyusida Kreml va uni dastaklovchilar ishlab chiqqan taktikalar “axborot jangidan ko‘ra ko‘proq axborotga qarshi jangga" o‘xshashini aytdi.

"Ozodlik" radiosi bosh qarorgohi AQShda joylashgan Twitter shirkatiga o‘z intellektual mulkidan ruxsatsiz foydalanilgani haqida shikoyat kiritishi ortidan ko‘p o‘tmay soxta sahifalar o‘chirilgan.

@Ozodlik Tvitter akkauntiga ulanish haqida

Ozodlik radiosining o‘zbek xizmati ham Tvitterda o‘zining faol sahifasiga ega. 2010 yilda ishga tushirilgan ushbu akkaunt orqali radio O‘zbekiston va dunyodagi jarayonlarga oid so‘nggi yangiliklar haqida qisqa mu‘lumotlar berib boradi. Hozirda @Ozodlik sahifasiga yetti mingdan ziyod kishi obuna bo‘lgan.

O‘zbekistondagi Beeline va Ucell mobil aloqa operatorlari abonentlari Ozodlikning Tvitter sahifasiga SMS xizmati orqali ham obuna bo‘lishlari mumkin.

Beeline va Ucell orqali Tvitterga ulanish bepul bo‘lib, hech qanday to‘lov talab etilmaydi.

Xizmatdan foydalanish uchun dastlab telefon raqamingizni Tvitterda SMS orqali ro‘yxatdan o‘tkazishingiz zarur. Buning uchun 89338 raqamiga START so‘zini jo‘nating. Tvitter sizga javob yuborib, yangi akkaunt yaratish uchun sizdan lotin alifbosida to‘liq ismingizni yozib, javob berishingizni so‘raydi (masalan, Ozodlik Muxlisi). Shundan so‘ng Tvitter ismingiz asosida avtomatik tarzda berilgan foydalanuvchi nomini sizga yuboradi (masalan, OzodlikMuxlisi123).

Telefoningiz Tvitterga muvaffaqiyatli ulanganidan so‘ng Ozodlik radiosi sahifasiga obuna bo‘lishingiz mumkin. Buning uchun 89338 raqamiga lotin alifbosida FOLLOW OZODLIK jumlasini SMS tarzida yuboring. Shundan so‘ng @Ozodlik sahifasida chop etilgan qisqa xabarlar telefoningizga SMS shaklida kelib turadi.

Mobil obunani bekor qilish uchun 89338 raqamiga LEAVE OZODLIK jumlasini yuboring.

Telefon orqali yaratilgan Tvitter akkauntidan kompyuterda foydalanish uchun https://twitter.com/#!/login manziliga kirib, "Tvitterdan telefonda foydalanaman" optsiyasini tanlang. Shunda Tvitter xizmatga ulangan telefon raqamingizni kiritishni so‘raydi. So‘ng telefoningizga SMS orqali qisqa kod yuboriladi. Kelgan kodni Tvitter saytida ko‘rsatilgan maxsus joyga kiritsangiz, sizga parol va elektron manzilingizni ko‘rsatish huquqi beriladi. Barcha ma‘lumot kiritilganidan so‘ng akkauntingizdan kompyuterda foydalanishingiz mumkin bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG