Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:49

Bekobod sement zavodi ishchilariga ikki oydan buyon maosh berilmayapti


O‘zbekistonning Bekobod shahridagi sement zavodi ishchilari ikki oydan beri ish haqini ololmayapti. Zavodda oddiy ishchi bo‘lib ishlaydigan va ismi ochiqlanmasligini istagan yigitning Ozodlikka aytishicha, oyliklar berilmayotgani xodimlar orasida jiddiy norozilik uyg‘otgan.

O‘zbekistonning Bekobod shahridagi sement zavodi ishchilari ikki oydan beri ish haqini ololmayapti. Zavodda oddiy ishchi bo‘lib ishlaydigan va ismi ochiqlanmasligini istagan yigitning Ozodlikka aytishicha, oyliklar berilmayotgani xodimlar orasida jiddiy norozilik uyg‘otgan.

– Hozir ko‘pchilik, oylik bermasa ish tashlash qilamiz, deyapti. Rahbariyat esa ozgina sabr qilinglar, bo‘ladi, deb ikki oydan beri oylik berilishini cho‘zib kelyapti, - deydi zavod ishchisi.

Bekobod sement zavodi rahbariyatidagi Ozodlik manbasi hozirgi kunda korxona xodimlaridan maosh bo‘yicha ikki oylik qarzdorlik to‘planib qolganini tasdiqladi.

Zavoddagi manbaning aytishicha¸ vujudga kelgan muammo korxona mijozlari bo‘lgan davlat tashkilotlaridan pul tushmagani bilan bog‘liq.

–Zavod hisobida etarli mablag‘ bo‘lmay qoldi, oyliklar kechikishi shuning uchun. Naqd pulning yo‘qligi bilan bog‘liq bu. Lekin, bu erta-indin hal bo‘ladigan masala. Plastik kartalariga oylik maoshning bir qismi o‘tkazilgan, - dedi Bekobod sement zavodidagi manba.

Zavod ishchilarining ta’kidicha¸ Bekobod shahridagi sement zavodida ish haqining vaqtida to‘lanmasligi so‘nggi bir yil ichida odatiy holga aylanmoqda.

– Oldingi direktor Hamza Aliev paytida oyliklarni vaqtida olganmiz, mukofot pullari berilar edi. Mana bir yil bo‘ldi yangi direktor Makar Yakovlev keldi, na mukofot bor, na oylik. Oldin bir million so‘mgacha oylik berilar edi, hozir besh yuz ming so‘m, uni ham kechiktirib beradi. Mana ikki oy bo‘ldi oylik olganimiz yo‘q, - deydi Bekobod sement zavodining ismi ochiqlanmasligini istagan yana bir ishchisi.

Zavodning bir guruh ishchilari ayni paytda oyliklari berilmayotgani xususida O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasiga ham shikoyat qilishgani, lekin samara chiqmaganini aytishdi.

Bekoboddagi sement zavodi O‘zbekistonning eng yirik korxonalaridan biri hisoblanadi.

1929 yildan faoliyat qilib kelayotgan zavodda 1700dan ziyod ishchi ishlaydi va yiliga 1 million tonna sement ishlab chiqariladi.

- Qarang-da, zavoddan kuniga qancha sementovoz ketadi, Tonna-tonnalab sement chiqaramiz, qayoqqa ketyapti puli, hech kim bilmaydi. Zavod rahbariyati qarzimiz ko‘payib ketdi, sabr qilinglar, deyishdan nariga o‘tmaydi, - deydi zavod ishchisi.

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda davlatga qarashli korxonalarda maoshlarning bir necha oylab kechikishi surunkali tus olmoqda.

Mustaqil iqtisodchilar bu holatni mamlakat iqtisodida jiddiy qiyinchiliklar, xususan naqd pul taqchilligi yuzaga kelgani bilan izohlamoqda.

Joriy yil o‘rtalarida Ozodlikka sizdirilgan O‘zbekiston Markaziy banki raisi o‘rinbosarining Bosh vazir Shavkat Mirziyoevga yo‘llagan hisobotda mamlakat iqtisodida vujudga kelgan naqd pul taqchilligi bois banklarning oylik va boshqa ijtimoiy to‘lovlarni vaqtida berish uchun naqd pul qolmagani to‘g‘risida ogohlantirilgan edi.

XS
SM
MD
LG