Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:25

GM-Uzbekistan avtomobillari narxi 37 foizgacha oshirildi


Korxona rahbariyati avtomobillar savdosi 12 dekabrdan qisqa muddatga to‘xtagani va 15 dekabrdan yangilangan narxda sotuv boshlanishini tasdiqladi. Toshkentdagi avtosalonlar har yil oxirida GM-Uzbekistan shirkati narxni yangilashi-ko‘tarishi, ammo bu yil narx 37 foizgacha oshirilganini aytmoqda. Narxlar o‘ta oshib ketgani ortidan Toshkent mashina bozorlarida yana ajiotaj kuchaygani kuzatildi.

14 dekabr kuni O‘zbekistondagi avtomobil savdosiga oid internet saytlari va Facebook tarmog‘idagi "Voditeli Tashkenta" ("Toshkent haydovchilari) saytida GM-Uzbekistan shirkati ishlab chiqargan avtomobillar narxi 37 foizgacha qimmatlab ketgani haqidagi xabarlar paydo bo‘ldi.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari avtosalonlarda berilgan yangi narxlar ro‘yxatini ham chop etdilar.

Unda shirkat avtomobillarining oy boshida belgilangan narxi 15-25 foizgacha oshganini ko‘rish mumkin.

Bundan tashqari, bozori chaqqon bo‘lgan ayrim avtomobillar savdosi milliy valutadan xorijiy valutaga ko‘chirilgani ham aks etgan.

Bundan biroz muqaddam esa GM-Uzbekistan shirkati savdoni vaqtincha to‘xtatish so‘rovi bilan Toshkentdagi dillerlik shirkatlariga yuborgani aytilgan hujjat nusxasi Ozodlikka yo‘llandi.

Hujjatda shirkatda inventarizatsiya o‘tkazilishi munosabati bilan 12 dekabrdan GM-Uzbekistan avtomobillari savdosini vaqtincha - sotuvni boshlash haqidagi maxsus ko‘rsatma berilgunicha to‘xtatish so‘ralgan.

Ozodlik bu hujjat va narxlar keskin oshganiga oid savollar bilan murojaat qilganida shirkatning o‘zini tanishtirmagan mulozimi izoh berishdan bosh tortdi. Ammo, 15 dekabrdan yangilangan narxda savdo boshlanishiga oid xabarni tasdiqladi.

Toshkentdagi qator avtosalonlar ma’muriyati esa ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan yangi narxlar ro‘yxatini tasdiqladilar va avtomobillar narxi keskin oshganidan biroz xavotirga tushganini bildirdilar.

Jumladan, "Rohat", Driver's village avtosalonlari ma’muriyatlari ​GM-Uzbekistan avtomobillari 15 dekabrdan boshlab, 10 foizdan 25 foizgacha qimmatlagan narxda sotilishini, ayrim avtomobillar savdosi o‘zbek so‘midan AQSh dollariga o‘tkazilganini tasdiqladi:

"Ha, bu safar narxlar ancha qimmat. GM rahbariyati shu qarorga kelgan, sabablari esa bizga qorong‘u. Avtomobillarni ular ishlab chiqaradi, narxini ham ular belgilaydi. Savdo qanaqa bo‘ladi - hozir bir narsa deyish qiyin", dedi poytaxtdagi avtomobil salonlaridan birining o‘zini tanishtirmagan menejeri.

Toshkentdagi avtosalonlarda bo‘lgan ayrim mijozlar Malibu, Cobalt, Lacetti avtomobillarining ayrim rusumlari narxi, hatto 37-45 foizgacha oshirilganidan xabar topgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda yozdilar.

Avtomobil bozoridagi vaziyatni kuzatayotgan toshkentlik iqtisodchi Toshbek ​GM-Uzbekistan shirkati har yil oxirida narxlarni yangilab borishi, ammo bu gal narxlar favqulodda oshirilgan, deb hisoblashini aytdi:

- O‘zi Yangi yil oldidan GM korxonasi narxlarini 5-10-15 foizgacha oshirardi. Lekin bu yil mening kuzatuvimga ko‘ra, 20 foizgacha oshirgan narxlarini. Menimcha, bu mamlakat ichkarisidagi konvertatsiya jarayoni bilan bog‘liq, deb taxmin qilish mumkin. Oy boshida AQSh dollarining qora bozordagi narxi keskin oshib ketgani GM savdosiga ta’sir qilmay qolmadi, - deydi iqtisodchi.

Shu yil avgust oyida O‘zbekistonda bu shirkat avtomobillari narxi arzonlashgani va aholida qiziqish katta bo‘lgan ayrim avtomobillar savdosi AQSh dollaridan o‘zbek so‘miga o‘tkazilgani xabar qilingan edi.

Jumladan, 8 avgust kuni avtosalonlar Lacetti va Cobalt avtomobillari uchun o‘zbek so‘mida shartnomalar qabul qilishni boshlagan.

O‘shanda Cobalt avtomobilining 1-pozitsiyasi xaridorlarga 43 million 250 ming so‘mdan, 2-pozitsiyasi 47 million 300 ming so‘mdan, Lacetti avtomobilining 1-pozitsiyasi 47 million 350 ming so‘mdan, 2-pozitsiyasi esa 54 million 850 ming so‘mdan taklif qilingan.

Endilikda esa Cobalt avtomobili narxi turli pozitsiyalar uchun 74 million 985 ming so‘mdan 78 million 600 ming so‘mgacha ko‘tarilgan.

Muqaddam 90 million so‘mdan boshlab sotilgan Malibu avtomobili narxi esa 125 million so‘mga ko‘tarilgan.

XS
SM
MD
LG