Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:34

O‘zbekistondagi ayrim banklar xalqaro VISA kartasi berishni to‘xtatdi


O‘zbekistondagi ayrim tijorat banklari mijozlar xorijga chiqqanda ​foydalanaladigan ​xalqaro VISA plastik kartasi berishni vaqtincha to‘xtatdi. Banklarga murojaat qilgan mijozlarga yanvarning o‘rtalarida “xabar olish” tavsiya qilinyapti. Bank mulozimlari buning sababini valyuta zaxirasining kamayganligi bilan izohlamoqda.

“Kapitalbank”ning Ozodlikka shikoyat qilgan mijozlaridan biri, chet elga chiqish uchun unga zarur bo‘lgan xalqaro VISA kartasini ololmayotgani to‘g‘risida bunday dedi:

“Xorijga chiqib kelish uchun 2000 dollar solinadigan xalqaro VISA kartasi olish uchun bankka murojaat qildim. Lekin valyuta bo‘limidagi mulozim dollar yo‘qligi sababli karta berish to‘xtatilgani va uning qachon ochilishini bilmasligini aytdi. U boshqa bankka murojaat qiling dedi”, deydi ismi sir qolishini so‘ragan bank mijozlaridan biri.

“Kapitalbank” aksiyadorlik tijorat bankining o‘zini tanishtirmagan mulozimi Ozodlik bilan suhbatda haqiqatan ham mijozlarga xalqaro VISA kartalari berish to‘xtatilganini tasdiqladi:

“Haqiqatan ham konversion kartalar hozir mijozlarga ochilmayapti. Valyuta balansimiz minusda bo‘lganligi uchun xalqaro VISA kartasi berishni vaqtincha to‘xtatdik. Mijozlarga yanvar oyining ikkinchi yarmidan keyin xabar oling, deyapmiz”, dedi bank mulozimi.

Ozodlik surishtiruvi davomida Toshkentdagi bir necha boshqa banklar ham mijozlarga xalqaro VISA kartochkasi berishni to‘xtatganini tasdiqlandi.

"ASIA ALLIANCE BANK" aksiyadorlik tijorat bankining o‘zini tanishtirmagan mulozimining aytishicha, mijozlarga konversion karta berish to‘xtatilganiga ikki hafta bo‘lgan:

“Valyuta zapasimiz tugagan, shunga VISA karta ochmayapmiz. Endi yangi yildan keyin ma’lum bo‘ladi”, dedi bank mulozimi.

Biroq, Ozodlik suhbatlashgan “Ipotekabank”, “O‘zsanoatqurilishbank”, “Agrobank” mulozimlari xalqaro VISA kartalari mijozlarga avvalgi tartibda berilayotganini aytdi.

O‘zbekiston Markaziy bankidagi Ozodlik manbasi ayrim tijorat banklarida haqiqatan shunday holat borligini tasdiqlar ekan, xalqaro VISA kartochkalari berilishini to‘xtatish haqida Markaziy bankdan hech qanday ko‘rsatma bo‘lmaganini aytdi:

“Bunday holatlar haqiqatan ham bor. Aslida bu banklarga bog‘liq emas, balki bu mamlakatning iqtisodiy ahvoliga, eksportga va unga kirib kelayotgan valyutaga bog‘liq. Tijorat banklari valyuta zaxirasini asrash uchun shunday chora ko‘rishmoqda. Markaziy bank ularning ishiga aralashmaydi”, dedi manba.

O‘zbekistonda valyutani erkin sotib olish imkoni bo‘lmagani bois, xorijga safar qilayotgan fuqarolar tijorat banklarida bank to‘lov kartalarini ochib, ikki ming AQSh dollarigacha miqdorda naqdsiz valyuta sotib olish imkoniga ega edi. Aytilishicha, yangi yildan ayrim banklar ana shu xizmatni ko‘rsatishdan voz kechadi.

RIA Novosti agentligining O‘zbekiston Markaziy bankidagi manbasi “2016 yildan tijorat banklariga konversion kartalar bo‘yicha xizmat ko‘rsatishni to‘xtatish tavsiya etildi”, deya bildirgan.

Aytilishicha, mazkur chora O‘zbekistonda valyuta tushimining kamayib ketgani bilan izohlanmoqda.

Rossiyada yuzaga kelgan iqtisodiy bo‘hron oqibatida o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari O‘zbekistonga yuborayotgan valyuta miqdori keskin kamayib ketgan.

XS
SM
MD
LG