Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:07

My.gov.uz portali Toshkentga "onlayn-propiska" xizmatidan yarim kunda voz kechdi


Interaktiv davlat xizmatlari portali orqali doimiy propiska uchun hujjat topshirish imkoni paydo bo‘lgani haqidagi Ozodlik xabaridan yarim kun o‘tar-o‘tmas bu xizmat bekor bo‘ldi. Portalning respublika fuqarolariga 3 kun ichida Toshkent shahri va viloyatiga doimiy propiskani va’da qilgan sahifasi endilikda "ro‘yxatdan chiqish va kirish uchun zarur hujjatlar nusxasini olish" xizmatini taklif qilmoqda.

Onlayn-propiska bekor bo‘ldi

Ozodlik O‘zbekistonda "Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali" orqali respublika bo‘ylab, shu jumladan, Toshkent shahri va viloyatiga doimiy propiskaga hujjat topshirish imkoni paydo bo‘lgani haqida 4 yanvar kuni xabar qilgan edi.

Portalda O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan jismoniy shaxslar tegishli hujjatlarni onlayn topshirgan holda 1 kunda, Toshkent shahri va viloyatiga esa 3 kun ichida doimiy propiskaga qo‘yilishi mumkinligi aytilgandi.

Ozodlik muxbiri "Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilingan taqdirda Toshkent shahri va viloyatiga 3 kun ichida doimiy ro‘yxatga turish mumkinmi?" degan savol bilan poytaxt, Toshkent viloyati va Respublika IIVning Kirish, chiqish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi (OVIR)ga murojaat qildi.

Natijada, boshqarma xodimlarining davlat xizmatlari portali orqali poytaxtga 3 kunlik onlayn-propiska haqidagi xabarlardan taajjubda ekani ma’lum bo‘ldi:

"Toshkentga doimiy propiska ochiq, lekin bu 2011 yilda qonunda belgilangan 12 toifa fuqarolar uchun. My.gov.uz portalida shu qonun keltirilgan. Internetdagi xabarlarda hamma uchun mumkin, deganday yozib tashlashibdi. Bizam hayron bo‘lib turibmiz hozir. Aslida qonunda belgilangan 12ta toifaga mansublar hujjatni to‘liq topshirsa, 3 kun ichida shaharga doimiy propiska qilinadi Toshkentga", degan edi fuqaro sifatida bog‘langan muxbirga javoban Respublika OVIRining o‘zini tanishtirmagan xodimi.

Ammo, 4 yanvar kunining oxiriga kelib My.gov.uz portalining fuqarolarga 3 kunlik doimiy propiska va’da qilingan onlayn xizmati o‘zgartirib qo‘yildi.

Hozir bu sahifaga kirgan fuqarolar doimiy propiska uchun zarur hujjatlar nusxalarini ko‘rishi va yuklab olishi mumkin, xolos.

Portal xizmat turini o‘zgartirgani sabablarini izohlamayotir. Shuningdek, portaldagi yarim kunlik doimiy propiska va’dasi haqida xabar qilgan mahalliy nashrlarda ham bu borada biror ma’lumot berilmadi.

Toshkent shahri va viloyatiga doimiy yoki vaqtinchalik propiska "Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim bo‘lgan shaxslar — O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalari to‘g‘risida" 2011 yilda qabul qilingan qonun va "O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimini takomillashtirish haqida" 1999 yilda qabul qilingan prezident farmoni asosida amalga oshiriladi.

2011 yilda qabul qilingan qonunga muvofiq 12 toifadagi shaxslar 1999 yildan buyon viloyatliklar uchun yopiq qolayotgan Toshkent shahri va viloyatiga doimiy ro‘yxatga olinuvchilar ro‘yxatiga tirkalgan.

Toshkentga doimiy propiska ochiq, vaqtinchasi to‘xtatilgan

2015 yilning so‘ngida poytaxt va Toshkent viloyatiga doimiy va vaqtincha ro‘yxatga olish vaqtinchalik to‘xtatilgani xabar qilingan edi.

4 yanvar kuni bog‘langan muxbir Toshkent viloyati va Respublika OVIRidan Toshkent shahri va viloyatiga doimiy propiska to‘xtatilmagani haqidagi javobni oldi:

"Doimiy propiska ochiq, o‘sha 2011 yilda qabul qilingan qonundagi 12 toifa fuqarolar uchun. Bu qonun chiqquncha ham ochiq edi, esingizda bo‘lsa, Toshkent shahar hokimligining maxsus komissiyasi ruxsat bergan fuqarolarga. Hoziram ochiq. Lekin vaqtinchasi to‘xtatilgan. Avval pasport stollari vaqtinchalik propiskaga qo‘yardi. Keyin uchastka nozirlariga o‘tkazib berildi. Hozir ulardan ham olindi bu vakolat, kimga berilishi hali noma’lum turibdi", dedi Toshkent shahar OVIRining o‘zini tanishtirmagan xodimi.

U Toshkent shahriga vaqtinchalik (bir necha kundan 6 oygacha bo‘lgan muddatga) ro‘yxatga qo‘yishning to‘xtatilgani sabablarini ochiqlamadi.

12 toifa ichidagi ziddiyatlar

Respublika, poytaxt va Toshkent viloyati OVIRi xodimlari muttasil ro‘kach qilayotgan 12 toifaga kiruvchi fuqarolar esa Toshkent shahri va viloyatida:

- o‘z nomiga rasmiylashtirilgan uy-joyga ega bo‘lganlar;

- doimiy ro‘yxatda bo‘lgan birinchi va ikkinchi darajali qarindoshi: eri-xotini, ota-onasi, bobo-buvisi, farzandi, nabirasi bo‘lganlar;

- doimiy ro‘yxatda bo‘lgan tug‘ishgan aka-uka, opa-singillari bo‘lgan ota-onasiz, mehnatga layoqatsiz voyaga etmaganlar hamda o‘z oilasi bo‘lmagan voyaga etgan aka-uka va opa-singillar;

- vasiylik va homiylikdagi shaxslar;

- davlat vakillik organlariga saylanganlar;

- poytaxt va Toshkent viloyatida 54 nomdagi davlat boshqaruv organi, tashkiloti, korxonasiga ish kirgan shaxslar va ularning oila-a’zolari.

Ammo, qonunda ro‘yxatga birinchi bo‘lib tirkalgan toifa - poytaxtda "o‘z nomiga rasmiylashtirilgan uy-joyga ega bo‘lganlar" toifasi ziddiyatlidir. Ya’ni, poytaxtda uy-joyga ega bo‘lish uchun fuqaroning doimiy propiskasi bo‘lishi lozim. Doimiy propiskasi bo‘lishi uchun esa uy-joyi bo‘lishi lozim.

Bu ziddiyatni respublika va Toshkent viloyati OVIRi xodimlari ham e’tirof etdi:

"Agar 2011 yilgi qonun qabul qilinishidan oldin o‘z nomiga olingan uy-joyi bo‘lsa, o‘sha uyga propiska qilinishi mumkin. Undan u yog‘iga propiskasi yo‘qlar Toshkentdan uy ololmaydi, bu bor gap. Tartib shunaqa", dedi OVIR xodimi ortiqcha izohlardan tiyilib.

Ota bolasining, bola otasining uyiga doimiy propiska qilinadi

Bundan tashqari, amaliyotda bu ro‘yxatda turgan fuqarolar ham, odatan, Toshkent shahri va viloyatiga doimiy ro‘yxatga olinmasligi kuzatiladi.

Bunga izoh bergan respublika OVIRi xodimi qonunda belgilangan 12 toifadan (poytaxtda o‘z nomiga rasmiylashtirilgan uy-joyga ega bo‘lganlar toifasi bundan mustasno) 11 tasiga mansublar doimiy ro‘yxatga turish uchun qilgan murojaatiga rad javobini olgan bo‘lsa, boshqarmaga murojaat qilsin, deb javob berdi:

"Agar Toshkentda 2011 yilgi qonundan oldin doimiy ro‘yxatda yashayotgan bo‘lsa biror fuqaro, viloyatdan keladigan ota-onasi, oilasiz aka-ukasi, nabirasi, bobo-buvisi, eri yoki xotini doimiy propiska qilinadi. 3 kun ichida. Otkaz chiqqanlar har payshanba soat 10dan 12 yarimgacha kelsin, respublika OVIRiga. Propiska masalasida priyomga keldik, deyishsin. Hujjatlarini ko‘rib chiqib, qo‘ldan kelgancha qonuniy hal qilib beramiz", dedi respublika OVIRining o‘zini tanishtirmagan xodimi fuqaro sifatida bog‘langan muxbirga javoban.

Ayni paytda bu rasmiy birinchi, ikkinchi darajali qarindoshi yoki eri-xotinining uyiga doimiy ro‘yxatga qo‘yilganlarning orqasidan keladigan yaqinlari doimiy ro‘yxatga olinmasligini qayd etdi.

Ammo, bunday toifadagilar Toshkent shahri va viloyatida uch yil doimiy ro‘yxatda turgandan so‘ng bu hududdan o‘z nomiga uy-joy sotib olish huquqiga ega bo‘lishini eslatib o‘tdi.

XS
SM
MD
LG