2015 yilning 24-dekabrida Jalalobod viloyati Suzoq tumani yashovchisi Abdulaziz Ismoilov Turkiyadan uyiga qaytayotganida Qorako‘l shahrida qo‘lga olingan.
Bu haqda uning yaqinlari ikki kundan keyin xabardor etilgan.
Abdulazizning otasi Abdujalil Ismoilovning ishonishicha, militsiya o‘g‘liga tuhmat qilmoqda.
“24-dekabrda Bishkekdan yo‘lga chiqqan bolaning xabarini ikki kundan keyingina, 26-dekabr soat o‘n birlarda oldik. Maktabda yaxshi o‘qigan. Kasb-hunar litseyini oltin medalga bitirgan. Ilimni ortidan quvgan yigit edi. Nimaga bunday tuhmat qilishadi? Havodan olib tuhmat qilsa bo‘laveradimi?” deya e’tiroz bildirdi Abdujalil Ismoilov.
Advokat Husanboy Solievning aytishicha, Abdulaziz Ismoilovni qo‘lga olish chog‘ida bir qator qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilgan.
Unga ko‘ra, Ismoilov 24 dekabr kuni qo‘lga olinib, avval Jalolobod keyin O‘sh militsiyasida so‘roq qilingan bo‘lsa, uning qo‘lga olinish protokoli 25 dekabr kuni tuzilgan.
Abdulaziz advokatlariga o‘tgan bir kun davomida qiynoqqa solinganini aytgan:
“Uni bir kun ushlab turishning o‘zi noqonuniy bo‘lgan. Abdulaziz o‘sha vaqtda meni qiynoqqa solib urishgandi, deyapti. Keyin unga Suriya bilan bog‘liq, yollanmachilik aybi qo‘yilyapti. Lekin bu yigitning u yerga borgani to‘g‘risida hech qanday dalil, isbot yo‘q. Barchasi qiynoqlar ostida olingan. Hozir o‘ziga qarshi bergan ko‘rsatmasining asosida ayblanib o‘tiribdi. Abdulaziz: “U yerda mening ilojim yo‘q edi. U kaltaklarni yeb ko‘zingizga joniz ko‘ringanidan keyin faqat qiynoqlar to‘xtashini istab, xohlagan narsani imzolab beraverasiz ekan,” deyapti. U “boshimga salafan kiydirib urishdi,” deyapti. Bir necha marta hushidan ketibti,” deydi Husanboy Soliev.
22-dekabr kuni Qorasuv tumani Qashqar-Qishloq qishlog‘ida “Ahmadiya” oqimi a’zosi otib ketilgandi.
O‘shandan buyon uni o‘ldirish va terror tashkilotlarga aloqadorlikda gumonlanib, 16 kishi qo‘lga olingan.
Ularning to‘rt nafari Suriyada maxsus tayyorgarlikdan o‘tib kelgani iddao qilinadi.
Abdulaziz Ismoilov qo‘lga olingan 16 shaxsning biridir.
O‘sh viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot kotibi Jenish Ashirbaevning aytishicha, qo‘lga olinganlar o‘z advokatlari orqali militsiya va xalqni qasdlashtirishga urinmoqda.
“Qashqar-Qishloqda odam o‘ldirilishi ortidan 16 odamni qo‘lga oldik. Ularning to‘rt nafari Suriyada maxsus tayyorgarlikdan o‘tib qaytgan. Bularni qo‘lga olishga asosimiz borligi uchun ortidan tushganmiz. Bu bo‘yicha yetarli dalillarimiz bor. Bekordan bekorga hech kim ayblanmaydi. Qo‘lga olinganlarning yonidan olingan dalillarda hukumat bilan xalqni qarama-qarshi qo‘yish, xavfsizlik xizmati nomiga dog‘ tushurish bo‘yicha metodik qo‘llanmalar ham topilayapti,” deydi Jenish Ashurbaev.
Ammo Abdulaziz Ismailovning advokatlari uning Suriyada maxsus tayyorgarlikdan o‘tgani to‘g‘risidagi iddaolarni rad etadi.
Ularga ko‘ra, Ismoilov Muftiyat yo‘llanmasi bilan avval Misrda diniy bilim olgan, so‘ngra Turkiyada tahsl ko‘rgan. Buni isbotlovchi bir qancha hujjatlar bilan birga advokatlar Qirg‘iziston Muftiyati, Misr va Turkiyadagi Abdulaziz Ismoilov bilim olgan Oliy o‘quv yurtlariga uning o‘sha yerda o‘qiganini tasdiqlashni so‘rab, so‘rov yuborgan.
Hozirda Suriyaga borganlikda gumonlanib Ismoilov bilan birga qo‘lga olingan, biroq ismi ochiqlanmayotgan novqatlik yigit advokati ham gumonlanuvchiga tuhmat qilinayotganini aytmoqda.
22-dekabrda O‘sh shahri yaqinidagi Qashqarqishloq qishlog‘ida Ahmadiya oqimi azosi ekani aytilayotgan 37 yoshli Yunusjon Abdujalilovning o‘limi yuzasidan qo‘lga olingan 16 nafar shaxsning ikki nafari O‘zbekiston fuqarosidir.
Hozircha ularning faqat biri toshkentlik ikkinchisi samarqandlik ekani to‘g‘risidagina ma’lumot bor.
Ular 24 dekabrda Jalolobod viloyatida o‘zlarining to‘rt nafar qirg‘izistonlik sheriklari bilan qo‘lga olingandi.
2016 yilning dastlabki 10 kunida ekstremizm va terrorizmda ayblanib, ja’mi 30 nafar shaxs hibsga olingan.