Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 01:16

Gollandiya sudiga berilgan zamondosh sayti muassisi aloqaga chiqmayapti


10 fevral kuni zamondosh.com saytida e’lon qilingan ba’zi materiallar tarkibidagi o‘zbekistonlik jurnalist Galima Buxarbaevaning shaxsiga doir iddaolarga asos bo‘la oladigan isbot va dalillarni taqdim etishi uchun o‘zbekistonlik jurnalist, tahririyati Gollandiyada joylashgan zamondosh sayti muassisi Rizo Obidga Gollandiyaning Arnem shahri sudi belgilagan muddat yakuniga yetdi.

Tilga olingan sudga zamondosh.com sayti va uning muassisi Rizo Obid ustidan arz qilgan jurnalist Galima Buxarbaeva voqea yuzasidan Ozodlik savollariga javob berdi.

Ozodlik zamondosh.com sayti muassisi Rizo Obid bilan ham ikki kun davomida bog‘lanishga harakat qildi. Bog‘lanishning bir qator vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali qilingan urinishlardan samara chiqmadi. Oxir-oqibat, agar Rizo Obid qo‘ng‘iroqlarga javob berish imkoniga ega holatda bo‘lgan esa, demak u bu mavzuda gaplashishni istamadi, degan xulosaga keldik.

Galima Buxarbaeva Rizo Obidni nega sudga berdi?

Germaniyada siyosiy qochqin sifatida yashayotgan Galima Buxarbaevaning iddao qilishicha, Gollandiyada siyosiy qochqin sifatida yashayotgan jurnalist Rizo Obid o‘zining zamondosh.com saytida yoritgan bir qator materiallari bilan uning sha’ni va qadr-qimmatini yerga urgan.

Da’vogar sudning qanday hukm chiqarishini istayapti?

Buxarbaeva Ozodlik savollariga javob berar ekan, ko‘rgan ma’naviy zararini qoplash uchun Rizo Obiddan bir necha ming yevro undirib berishni hamda uni Yevropa Ittifoqidan badarg‘a qilishni so‘ragan.

Sudga ariza qachon topshirilgan?

Toshkentda asos solingan va keyingi yillarda Germaniya hududida turib ishlagan va hozirda yopiq uznews.net sayti Galima Buxarbaeva Gollandiyaning Arnem (Arnhem) shahri sudiga Rizo Obid ustidan shikoyatini 2015 yilning 14 dekabrida topshirgan.

Buxarbaevaga zamondoshning qanday gaplari yoqmagan?

Buxarbaevaning iddao qilishicha, Rizo Obid o‘zining zamondosh.com saytida yoritgan materiallarida:

“Galima Buxarbaeva O‘zbekiston prezidenti qizi Gulnora Karimovadan uning o‘g‘li Islom Karimov yoki Karimovlar bilan bog‘liq boshqa kishilar orqali pora yoki haq olgan;

uznews.net sayti rahbari o‘laroq na jurnalistik, na muharrirlik erkinligiga ega bo‘lgan, balki sayt donori – Shvetsiya xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligi qo‘ygan shartlar doirasida ishlagan;

donor ajratgan mablag‘larni o‘zining g‘arazli maqsadlarida o‘zlashtirgan” kabi gaplarni yozganki, bular da’vogar fikricha tuhmat va bo‘htondir.

uznews.net bahs-munozara uyg‘otuvchi materiallar bosmaganmi?

O‘zbekistonlik hamkasbi ustidan Gollandiya sudiga shikoyat qilgan o‘zbekistonlik jurnalist Galima Buxarbaeva ham o‘zining hozirda ishlamayotgan uznews.net saytida O‘zbekistondan chiqib ketishga majbur bo‘lgan ba’zi siyosiy muxolifat a’zolari, inson huquqlari himoyachilari va diniy faollar to‘g‘risidagi maqolalarida sayt mushtariylari orasida bahs-munozara uyg‘otgan, ba’zilarda esa ochiq norozilik uyg‘otgan iddaolarni qilgan.

Buxarbaeva Ozodlikka nima dedi?

Ozodlik shu holat bilan bog‘liq savolini Galima Buxarbaevaga berdi:

- Siz Rizo Obidni va uning zamondosh.com saytini tuhmat qilganlikda ayblayapsiz. Lekin o‘z vaqtida Siz boshqargan uznews.net sayti Muhammad Solih bilan Obidxon qori Nazarovni islomiy ekstremistlikda, Nadejda Ataevani korrupsiyada ayblagan edi?

- Shunday gaplar bitilgan matnlarni, ularning skrinshotlarini ko‘rsating menga. Asossiz ayblamang meni. Nima bo‘lganda ham sud instansiyalari bor. Agar ular bildirilgan fikrni noto‘g‘ri deb bilsa, sudga murojaat qilsin edi. Men hech qachon Muhammad Solih yoki Obidxon qori Nazarovni islomiy ekstremist, Nadejda Ataevani korrupsioner, degan emasman, dedi Galima Buxarbaeva.

uznews.net sayti Ozodlikdan talab qilayotgan isbot: matn yoki skrinshotni unga taqdim etishning imkoni yo‘q - uznews.net yopiq.

Nima uchun uznews.netga kirib bo‘lmaydi?

uznews.net sayti 2014 yil noyabrida amalga oshirilgan kiber hujum ortidan o‘sha yil dekabrida faoliyatini to‘xtatgan edi.

2014 yil 10 noyabrda nashrning kiber hujum vositasida qo‘lga kiritilgani iddao qilingan moliyaviy hisobotlari, grant beruvchilari va muharrir yozishmalari Internetga sizdirilgan edi.

uznews.net qanday nashr?

uznews.net nashri axborot xizmati o‘laroq O‘zbekistondan xabarlarni o‘zbekistonliklarga etkazishga ixtisoslashgan oz sonli mustaqil media-tashkilot edi.

Sayt O‘zbekiston ichidagi va uning atrofidagi voqealar haqidagi xabarlarni tarqatish, demokratiya g‘oyalarini tadbiq etish va mustahkamlash bilan shug‘ullanib kelgan.

uznews.net nashri 2005 yilda ikki o‘zbek jurnalisti Galima Buxarbaeva hamda Qudrat Bobojonovlar tarafidan Toshkentda tashkil qilingan.

zamondosh,com qanday nashr?

Saytning o‘zi o‘ziga bergan ta’rifga ko‘ra zamondosh,com "Inson huquqlari va demokratiya portali"dir. Unga Gollandiyada yashayotgan siyosiy muhojir, jurnalist Rizobek Obid asos solgan.

Saytning o‘zi to‘g‘risidagi ma’lumotnomada uning hozirgi muassislari to‘g‘risida mana bunday deyilgan:

"2010 yildan boshlab sayt asoschisi Rizobek Obidov portalning yagona sohibi emas. U ko‘pmillatli jurnalistik jamoaning bir a’zosi va Zamondosh portalining jamoatchilik bilan aloqalar va Adabiyot bo‘limiga ko‘ngilli ( volonter) tarzda rahbarlik qiladi".

Sud Buxarbaevaning Obid ustidan shikoyatini qondirish ehtimoli naqadar kuchli?

So‘z erkinligi demokratiyaning eng muhim unsurlaridan biri hisoblanadigan Yevropa Ittifoqida kuchli emas. Shu o‘rinda jurnalistika va o‘zbekistonlikka bog‘liq boshqa bir sud ishini eslash mumkin.

2011 yilning 1 iyulida Parij Oliy sudi O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning kenja qizi Lola Karimova-Tillaevaning Rue89 nashri ustidan shikoyat arizasini qondirmagan.

Sud hukmiga ko‘ra, prezidentning qizi va O‘zbekistonning YuNESKOdagi vakilini "diktatorning qizi", O‘zbekiston prezidentini "diktator", deb atagan frantsuz jurnalisti Ogusten Skalbertning maqolalarida bildirilgan fikrlar haqiqat, deb tan olingan.

XS
SM
MD
LG