Линклар

Шошилинч хабар
17 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:21

Toshkent viloyatining sobiq hokimi Ahmad Usmonov hibsga olindi


Toshkent viloyatining sobiq hokimi 59 yashar Ahmad Usmonov, uning ustidan ochilgan jinoiy ish doirasida vaqtincha hibsga olindi. Ozodlikning huquq-tartibot organlaridagi manbasi va sobiq hukumat mulozimining aytishicha¸ Usmonov “xizmat vakolatini suiste’mol qilganlik, kadrlar tanlashda tanish-bilishchilikka yo‘l qo‘yganlik va poraxo‘rlik"da gumonlanib, so‘roq qilinmoqda.

Ozodlikning huquq-tartibot organlaridagi manbasining aytishicha¸ kechasi hibsga olingan Usmonov dushanba kuni ertalabdan Toshkentdagi MXX yerto‘lasida so‘roq qilina boshlagan:

“Gvardeyskiy ko‘chasidagi podvalda so‘roq beryapti. Rasman Harbiy prokuratura tergovni olib boryapti. Chunki Usmonov general unvonidagi zobit. Lekin aslida so‘roqni MXXning iqtisodiy jinoyatlar bo‘yicha tergovchilari olib boryapti”, deydi Ozodlik manbasi.

Sobiq hokim ustidan borayotgan tergovdan xabardor o‘zbekistonlik sobiq mulozimning Ozodlikka aytishicha, Ahmad Usmonov ustidan jinoyat ishi fevral o‘rtasida ochilgan va uni darhol hibsga olishmagani sababi uning jinoyat ishi doirasidagi mavqei noaniq qolayotganidadir:

"Uy qamog‘iga yaqin tarzda o‘tiradi, deya Usmonovning yaqinlari umid qilib o‘tiruvdi. Lekin yakshanba kechqurun kelib, uyidan to‘g‘ri Gvardeyskiyga olib ketishgan. Unaqa mulozamatli ham bo‘lmagan hibsga olish. Qora maskalilar bilan to‘la mikroavtobus kelgan. Lekin maskalilar mashinadan tushmagan. MXXda ishlaydigan kishi ikki soldat bilan kirib, qo‘liga kishan solib olib chiqib ketgan. Yaqinlariga vaqtincha hibsga olish, deb aytilgan. Maksimum 48 soat bo‘ladi vaqtincha hibsga olish. Ertaga balki qo‘yib yuborishar. Birinchi so‘roqdayoq Usmonov davlatga yetkazilgan moddiy zararni butunlay qoplashga va’da bergan¸ bu bir. Ikkinchidan, hali sud bo‘lgani yo‘q. Shu bois Usmonov guvoh sifatida yoki juda nari borsa gumonlanuvchi sifatida so‘roq bermoqda. Uni aybdor, deyishga shoshmanglar", deydi Usmonovni yaqindan tanigan sobiq mulozim.

Prezident ayblagan hokimni gazetalar ham urdi

4 fevral kuni Toshkent viloyat kengashi deputatlarining navbatdan tashqari sessiyasi chog‘ida ishdan olingan sobiq hokim bir vaqtning o‘zida senatorlikdan ham chetlatilgan edi.

Buning ortidan O‘zbekiston rasmiy matbuotida sobiq hokimni “qoralash ma’rakasi” davom etdi.

Rasmiy gazetalar prezident Islom Karimov Ahmad Usmonovni "odamlarning ishonchini oqlamagani" va yangi ish o‘rinlari yaratmagani uchun tanqid qilganini iqtiboslar bilan eslatishdi:

"Hamkasblarning ishonchini yo‘qotgandan keyin qayta qo‘lga kiritish juda qiyin. Bunga urinish befoyda. Agar bir marta odamlarning ishonchini yo‘qotsang, ming marta kechirim so‘rasang ham bu ularning yuragida qolishini esingdan chiqarmasliging kerak", dedi prezident.

Bu asnoda o‘zbek rasmiy matbuoti Usmonovning "yaqin hamtovoqlari bo‘lgan bir guruh shaxslar" poraxo‘rlikda ayblanib, jazoga tortilgani haqida yozishdi.

Sobiq hokim Ahmad Usmanovning uzoq qarindoshlaridan biri Toshkent shahar hokimi lavozimidagi Rahmonbek Jahongirovich Usmonovning ham ushbu tekshiruv doirasida nazoratga olingani haqidagi ma’lumot Ozodlikda mavjud.

General-gubernator

Asli samarqandlik 59 yoshli Ahmad Usmonov militsiya generali rutbasiga ega bo‘lgan yagona viloyat hokimi edi.

Usmonov 2006 yilda “Mehnat shuhrati” va 2010 yilda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari bilan mukofotlangan.

U 2004 yilda Namanganda general unvonini olgan birinchi viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan.

Bungacha Jizzaxda tuman militsiyasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan Usmonovning Bosh vazir Shavkat Mirziyoevga yaqinligi aytiladi.

Usmonov 2005 yil mayidagi qonli voqealardan ko‘p o‘tmay, Andijon viloyat hokimligiga tayinlangan.

Uning 2006 yil oktyabridan 2013 yil apreliga qadar davom etgan hokimligi davrida Usmonov viloyatni qattiqqo‘llik bilan boshqargani kuzatilgan.

Ahmad Usmonov oxirgi 3 oy ichida lavozimidan chetlatilgan ikkinchi viloyat hokimidir.

O‘tgan yil noyabrida Prezident Karimov Namangan viloyat hokimi Bahodir Yusupovni "faoliyati davomida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari" uchun ishdan chetlatgandi.

XS
SM
MD
LG