Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:38

Suriyadan qaytgan kosovolik bu urushni Islom emas, hudud uchun urush, deb qoraladi


Suriyadan qaytgan kosovolik 27 yashar Arben u yerdagi urushni Suriyadagi musulmonlarni zulmdan qutqarish uchun emas, balki bir necha guruhning o‘sha hududda hukmdorlikni qo‘lga kiritish uchun qilayotgan o‘zaro jangidir, deb ta’rifladi. Ozodlik bilan suhbatda Arben Suriya va Iroq hududida o‘zi kabi xavfsalasi pir bo‘lganlar ko‘p ekanini aytmoqda.

Ozodlikning Bolqon xizmatiga intervьyu bergan 27 yashar Arben kosovolik alban (ismi o‘zgartirilgan - tahr.) Suriyaga bombalar ostida qolayotgan musulmonlarni himoya qilish uchun borganini aytadi.

U kosovolik bir imomning nabirasi, Suriyada qariyb 10 oy bo‘lib qaytgan.

Uning aytishicha, Suriyada prezident Bashar Assad zulmi ostida qolgan musulmonlar aks etgan videolarni ko‘rib, 2013 yilning may oyida u yoqqa ketishga qaror qilgan. Ammo, oradan hech qancha o‘tmay, Suriyadagi urush Assad rejimiga qarshi kurash emas, balki bu hududdagi jangarilar guruhlar qo‘mondonlarining o‘zaro urushi ekanini anglab etgan.

"Ularning har biri o‘z hududida ega bo‘lishni istaydi. Bu yo‘lda ayollar va bolalarga rahm yo‘q. Hamma xatarda", deydi Arben.

Arben Suriyaning qaerda bo‘lgani va qaysi guruh safida bo‘lganini ochiqlamayotir. U faqat Halab shahri yaqinida bo‘lganini aytmoqda. Bu hududda Suriya ozodligi armiyasi, "Al-Qoyda"ga aloqador "Jabhatan Nusra" va "Islomiy davlat" terror guruhi bo‘linmalari borligi aytiladi.

Arbenning aytishicha, bu terrorchi guruhlar orasida eng zolimlari "Jabhatan Nusra" va "Islomiy davlat" guruhlaridir.

"Jabhatan Nusra" jangarilari ularga qarshi jang qilganlarning xotinlarini asir oladi, ularning uylarini talaydi", deydi Arben.

U bu kabi haqsizliklardan xastalanganini ham aytadi. Ayni paytda bunday harakatlar tinch aholi vakillarini qo‘rqitayotgani, aholi borgan sari xorijdan borayotgan volontyorlardan ham qo‘rqa boshlaganini aytadi.

"Boshida men Suriyaga borganimda hamma bizni xush qarshi olgan edi. Keyinchalik ular xorijliklarga boshqacha qaraydigan bo‘la boshladi. Ular bizdan qo‘rqa boshladi", deya xotirlaydi Arben.

Arbenga o‘xshab, 2-3 yil muqaddam Assad rejimiga qarshi urushda ishtirok etish uchun Suriyaga ketgan kosovoliklar oz emas. Arben Suriyaga ketish istagining asl sabablarini 1998-90 yillarda o‘z vatanida kechgan urushdan qidiradi. O‘shanda hokimiyatda bo‘lgan Slobodan Miloshevich minglab etnik albanlarni Kosovodan quvg‘in qilganiga guvoh bo‘lganini aytgan Arben shunday deydi:

"Men bolaligimda urush nimaligini ko‘rdim. Shuning uchun Suriyadagi yosh bolalar va ayollarga yordam berishni istadim".

Suriyaga borgan ilk kezlarida Arben haqiqatda ham qochqinlar lagerlari, maktablarda ishlaganini xotirlaydi. Ammo, keyinchalik ko‘ngilli yordamchilar har tong harbiy mashg‘ulotlar olishni boshlagan va asta-sekin AK-47 avtomatidan foydalanishni o‘rgangan.

"Men mashg‘ulotlarda qatnashdim, ammo jang harakatlarida qatnashmadim", deydi Arben.

Uning aytishicha, yangi borgani va harbiy mashg‘ulotlarni to‘liq o‘zlashtirmagani uchun uni Suriyada kutib olgan guruh jang maydoniga chiqarmagan. Ammo, u o‘zaro raqobat qilayotgan jangari guruhlarning tinch aholini qo‘rqitish va ma’lum bir hududdan raqiblarini siqib chiqarish uchun qilgan o‘zaro bombalashlari, xudkushlik hujumlariga ko‘p bor guvoh bo‘lganini aytadi.

Arben 10 oydan keyin Suriyadan qochib chiqishga muvaffaq bo‘lgani uchun quvonmoqda. Uning ta’kidicha, Suriyadagi rahbarlarini ota-onam qattiq kasal, mendan boshqa qarovchisi yo‘q, degan gap bilan aldashga muvaffaq bo‘lgan.

Kosovoga qaytgach, Arben Suriya bilan aloqalarini to‘liq uzgan va hech qachon qaytmoqchimas:

"Hech qachon. Men u yerda bo‘lganimdan ich-ichimdan afsusdaman. Men Suriya haqida eshitishni ham istamayman, u yerdan olingan videolarni ko‘rishni ham istamayman. Hozir ham bu jangga qo‘shilmoqchi bo‘lganlar, hatto, ayollar borligiga hayronman. Bu urushning Islomga umuman aloqasi yo‘q", deya xulosa qiladi Arben.

XS
SM
MD
LG