Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:16

8 mart arafasida Toshkentda taksist passajir ayolni tishlab oldi


Ozodlikning Toshkent shahar huquq-tartibot idoralaridagi manbasi ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuv bo‘lgan voqea yuzasidan rasmiy ariza kelib tushganini tasdiqladi.

Manba voqea to‘g‘risida axborot vositalarida paydo bo‘lgan xabarlardagi ba’zi detallarga aniqlik kiritar ekan, passajir ayolni zo‘rlashga uringan haydovchi qidirilayotganini bildirdi.

Dastlabki xabar

Feysbukxonlardan biri - Yelena Qori-Yoqubova tarmoqning “Voditeli Tashkenta” guruhida quyidagi xabarni 5 mart kuni e’lon qilgani ma’lum bo‘ldi (ruschadan tarjima):

“Bugun kechqurun singlim oq Matiz 382 ni to‘xtatgan. Mashinaning yoshi 50 lardagi haydovchisi singlimni zo‘rlash maqsadida uni bir necha bor urgan. Baxtimizga singlim zo‘ravonning qo‘lidan qochib qutulib qolgan. Zo‘ravon taksichi qochib ketgan. Singlim mashina nomerini eslab qolgan (gap qaysi nomer haqida ketayotgani aniq aytilmagan - tahr.) Agar kimda-kim shu mashinani uchratib qolsa, ehtiyot bo‘lsin. Salonning ichidagi (eshik? – tahr.) tutqichga e’tibor bering va yo‘q bo‘lsa, darhol militsiya xabar qiling”

Bu post muallifi Yelena Qori-Yoqubova Ozodlik murojaatiga hozircha javob bergani yo‘q.

Xabari mazmuniga qaraganda, haydovchi tajovuzi qurboni bo‘lgan qizning yaqinlari bilan “Aziya-Terra” sayti gaplashgan va qiz oq “Matiz”ga Oloy bozoriga borish uchun o‘tirganini aniqlagan.

Jabrlanuvchi qizning akasi Marsel bunday degan:

“U (taksist) singlimni shu qadar qattiq urganki, natijada butun tanasi ko‘karib ketgan, lat yegan, yuzlari ham ko‘karib ketgan, oyoq-qo‘lini tishlagan. “O‘chirib” qo‘ymoqchi va uning shu holatidan foydalanib zo‘rlamoqchi bo‘lgan”.

Marselning aytishicha, singlisining baxtiga mashina motori o‘chib qolgan va shuning uchun haydovchi mashinadan tushgan paytda qiz qochishga uringan.

Aytilishicha, zo‘ravon haydovchini topishga unga yordam berish uchun to‘xtagan “Jiguli” haydovchisi yordam berishi mumkin. Lekin Marselning singlisi “Jiguli”ning nomerini eslab qolmagan. “Matiz” nomeridan esa, 382 raqaminigina eslab qolgan.

Milanami, Vilyanami?

Xabarlarda “Matiz” haydovchisi tajovuziga uchragan qizning Milana ekanligi aytilmoqda.

Biroq Toshkent shahar huquq-tartibot idoralaridagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, bundan 2 kun oldin ariza Milanadan emas, balki 1992 yilda tug‘ilgan Vilyana Gilmanovadan tushgan. “Ariza rasman qayd etilgan. Vilyananing o‘zi akasi bilan ariza tushgan kuni chaqirtirilgan. Voqea yuz bergan joyga chiqildi, surishtiruv olib borildi. Bu ish davom ettirilayapti”, dedi manba.

Uning aytishicha, arizada voqea Toshkent Aeroporti ko‘prigi ortidagi joyda yuz bergani aytilgan. “Aziya-Terra” xabarida ham voqeaning aynan shu joyda bo‘lgani aytilganki, gap, albatta, bitta voqea ustida borayapti.

Feysbukxonlar birdamligi

“Milana-Vilyana Gilmanova ishi” boshqa bir jihati bilan ham e’tiborlidir.

Yelena Qori-Yoqubova singlisining ko‘rgiliklari to‘g‘risidagi postini Feysbukda 5 mart kuni soat 19.30 da joylashtirdi. Ushbu satrlar yozilayotgan damlarda voqeaga munosabat bildirgan soni qariyb 400 kishiga yetdi.

Dastlabki sharhlar mualliflari post muallifi va uning jabrlangan singlisiga hamdardlik bildirarkan, ularga indamay ketmaslikni, zudlik bilan militsiyaga murojaat qilishni maslahat bergan.

Vaqt o‘tgan sayin feysbukxonlar militsiyaga qilingan arzdan hozircha naf chiqmayotganidan xafsalalari pir bo‘la boshlagani to‘g‘risida yoza boshladilar.

Masalan, Umid Eshonqulov, degan feysbukxon mana bunday sharh qoldirdi (ruschadan tarjima):

“Mashinani hanuz topganlari yo‘qmi? Aytilgan belgilariga qarab bir soatda topsa bo‘lar edi. Mashinaning nomeri, modeli, rangi aniq. Yana nima kerak? Militsiya xodimlarining yoqasidan oling, qat’iyat va shiddat ko‘rsating. Shunday qilinsa, ular ba’zida issiq o‘rinlaridan turishga majbur bo‘ladi”.

“Stil Jizni”, deb imzo chekadigan feysbukxon esa, byurokratik mashinani tushunishga harakat qiladi:

“Qanchalik alam qilmasin, bu yerda gap bayram bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. Qolaversa, bizda ish yuritish jarayoni ham o‘ta uzoq vaqt oladi. Xodim ma’lumotlarni yig‘ib, kerakligi ruxsatnomalarni olgunicha ham ancha vaqt o‘tadi”.

“Stil Jizni” zo‘ravonning topilishi va jazolanishiga umid qilgan.

Taksichilar bilan bog‘liq eng og‘ir jinoyat 2011 – 2012 yillarda sodir etilgan. O‘shanda bir-biri bilan bog‘liq bo‘lmagan ikki guruh Toshkent shahri, Toshkent viloyati hamda Janubiy Qozog‘iston viloyati hududida 25 ayolni to‘nab, keyin o‘ldirgani xabar qilingan edi.

XS
SM
MD
LG