Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:46

Porsche, Nike, TAG Heuer Sharapova bilan hamkorlikni to‘xtatdi


Rossiyalik mashhur tennischi Mariya Sharapova yanvarь oyida doping sinovidan o‘tolmagani haqida e’lon qilishi ortidan Porsche shirkati sportchi bilan homiylik shartnomalarini to‘xtatdi. Bundan avval Nike, TAG Heuer kabi shirkatlar ham Sharapova bilan reklama shartnomalarini to‘xtatib turishga qaror bergandi.

7 mart kuni Mariya Sharapova so‘nggi 10 yil davomida WADA -aksildoping tashkiloti taqiqlagan mildronat dorisini qabul qilib kelgani va shu bois "Katta shlem" turnirida qatnashish uchun doping tekshiruvidan o‘tolmaganini tan oldi.

Los Anjelesda o‘tkazilgan matbuot anjumanida rossiyalik tennischi mildronat dorisini 2006 yildan bunyo o‘z shifokori tavsiyasiga ko‘ra qabul qilib kelgani, bu dorini 1 yanvardan WADA taqiqlagani haqda esa bilmaganini aytdi.

- Bu dorini men so‘nggi 10 yil davomida qabul qilib keldim va bu qonunga zid emas edi. 1 yanvardan mildronat taqiqlangan ekan va bu haqda men bilmagandim, - dedi Sharapova.

Ayni paytda Xalqaro tennis federatsiyasi "vaziyat oydinlashgunga qadar" Mariya Sharapovani musoboqalardan chetlatdi.

Sharapovaning bosh xomiylari bo‘lmish Germaniyaning Porsche avtomobil shirkati va AQShning sport kiyimlari ishlab chiqaruvchi Nike shirkati doping mojarosi atrofidagi tekshiruv yakuniga yetgunga qadar u bilan hamkorlikni vaqtincha to‘xtatgan.

Shveysariyaning “TAG Heuer” soat ishlab chiqaruvchi shirkati esa Mariya Sharapova bilan shartnomasi o‘tgan yilning oxirigacha bo‘lgani va uni davom ettirish niyatida emasligini bildirdi.

Shuningdek, Evian, Cole Haan, Head, Samsung shirkatlari ham rossiyalik tennischining xomiylari sanaladi. Hozircha bu shirkatlar biron bayonot bilan chiqqan emas.

Mildronat dorisi, asosan, yurak xastaliklari va asab tizimi bilan bog‘liq kasalliklar uchun tavsiya qilinadi. Sportchilar uni ruhiy muvozanat va konsentratsiyani kuchaytiruvchi dori sifatida iste’mol qiladilar. Bu modda sportchilar orasida ommalashishi ortidan aksildopping agentligi uni taqiqlab qo‘ydi.

Los-Anjelesdagi matbuot anjumanida Mariya Sharapova katta xato qilgani, lekin sport karyerasi shunday yakun topishini istamayotganini aytdi.

- Men katta xato qildim, muxlislarim, to‘rt yoshligimdan shug‘ullanib kelgan sport oldida uyatga qoldim. Lekin, men sportchilik karyeramni bu shaklda to‘xtatmoqchi emasman va menga tennisda qolishim uchun yana bir imkoniyat beriladi, deb umid qilyapman, - dedi Mariya Sharapova.

Sharapovaning tennisdan yillik daromadi 30 million AQSh dollarini tashkil qilgan va so‘nggi 11 yil mobaynida u eng ko‘p daromad ko‘rib kelgan ayol sportchi bo‘lib kelayotgandi.

XS
SM
MD
LG