Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 19:59

Viloyatdan kelganlarning Toshkentda ruxsatnomasiz ishlashi taqiqlandi


Bundan buyon Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan kelgan O‘zbekiston fuqarolari Toshkent shahri va Toshkent viloyatida maxsus ruxsatnomasiz ishlayotganda qo‘lga tushib qolsa, doimiy yashash joyiga majburan chiqarib yuboriladi.

Viloyatlardan kelganlarning poytaxtda va Toshkent viloyatida hisobdan o‘tmay 5 kundan ortiq yashashini va ruxsatnomasiz ishlashini taqiqlovchi hujjat – Vazirlar Mahkamasining 54- qarori 2016 yil, 26 fevralda qabul qilingan.

9 mart kuni esa, qaror va unga tirkalgan ilova O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plamiga kiritildi, ya’ni kuchga kirdi.

Mazkur yangilik har bir o‘zbekistonlik uchun muhim bo‘lgani uchun paydo bo‘lishi mumkin savollarga hukumat qaroridan kerakli javoblarni topishga urindik.

Demak, dastlabki savol:

Toshkent shahri va Toshkent viloyatida hisobda turish uchun qanday hujjat taqdim etiladi?

Ilgari ko‘zda tutilgan hujjatlardan tashqari 5 kun muddatda o‘zining vaqtincha turgan joyi bo‘yicha militsiya tayanch punktiga turar joyning yoxud uning bir qismining ijara (tekin foydalanish) shartnomasining notarial tasdiqlangan nusxasini taqdim qilishi kerak.

Yuqoridagi va quyidagi me’yorlar oldingi tahrirda qanday bo‘lganini mana bu ilovadan bilishingiz mumkin.

Toshkentlik qarindoshinikida turadiganlar ham ijara (tekin foydalanish) shartnomasining notarial tasdiqlangan nusxasini taqdim qilishi kerakmi?

Agar hisobda turish uchun murojaat qilgan fuqaro turar-joy mulkdorining (mulkdorlarning) yaqin qarindoshi bo‘lsa, shartnomaning nusxasi talab etilmaydi. Bu holatda fuqaroning va turar joy mulkdorining (mulkdorlarning) qarindoshligi darajasini tasdiqlaydigan hujjatlar taqdim etilishi kerak.

Qancha muddatga hisobda turish mumkin Toshkent shahri va Toshkent viloyatida?

Bu haqda aniq gap aytilmagan. Biroq qarorning vaqtinchalik bir martalik ish uchun guvohnomaga oid me’yoridan bu muddat amalda 6 oydan uzoqqa cho‘zilmasligi tushuniladi.

Hisobga olish qanday qilib qayta rasmiylashtiriladi?

Oxirgi hisobga olish rasmiylashtirilgan paytdan boshlab bir yil mobaynida hisobga olishni qayta rasmiylashtirish masalalarini ko‘rib chiqish tartibi o‘zgartirildi. Endilikda bu fuqaro vaqtincha turgan joyi bo‘yicha XChKvaFRBda amalga oshiriladi. Buning uchun fuqaro hisobga olish muddati tamom bo‘lishidan 15 kun oldin Xorijga chiqish, kirish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga hujjatlarni taqdim etadi.

Qayta hisobga olinmagan fuqaro Toshkentda yashayverishi mumkinmi?

Mumkin emas. Ariza ro‘yxatdan o‘tkazilgandan, shuningdek taqdim etilgan hujjatlar o‘rganib chiqilgan va rasmiylashtirilgandan keyin Xorijga chiqish, kirish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga 15 kun mobaynida hisobga olishni qayta rasmiylashtirishga ruxsat berish yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Ijobiy qaror qabul qilinganda XChKvaFRB fuqaroga hisobga olish to‘g‘risidagi qayd varag‘ini takroran beradi, salbiy qaror qabul qilinganda esa - ushbu qarorni ariza beruvchiga etkazadi hamda uni IIB tomonidan belgilangan muddatda Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan chiqib ketish majburiyati to‘g‘risida ogohlantiradi.

Qay holatlarda fuqaroni Toshkentda qayta hisobga olmaydilar?

Quyidagilar hisobga olishni qayta rasmiylashtirish rad etilishi uchun asos hisoblanadi:

muntazam ravishda huquqni buzishlar sodir etilishi;

shaxsning Toshkent shahrida yoki Toshkent viloyatida bundan buyon bo‘lishi jamoat tartibi buzilishi uchun shart-sharoitlar yaratishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning mavjudligi;

hujjatlarda noto‘g‘ri ma’lumotlarning mavjudligi.

Qayta hisobda turish rad etilgan taqdirda XChKvaFRB inspektori tomonidan xulosa tuziladi, ushbu xulosa XChKvaFRB boshlig‘i tomonidan tasdiqlanadi, unda rad etishning aniq asoslari ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.

Hisobda turishni qayta rasmiylashtirish rad etilishi ustidan sud tartibida shikoyat qilish mumkin.

"Vaqtinchalik bir martalik ish uchun guvohnoma" qaerdan paydo bo‘ldi?

Vazirlar Mahkamasining “Pasport-viza rejimiga rioya qilish tartibi mustahkamlanganligi va uy-joy fondidan foydalanish tartibga solinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qaroridan bundan buyon Toshkent shahri va Toshkent viloyatida boshqa joylardan kelganlar uchun vaqtinchalik bir martalik ish uchun guvohnoma joriy etilishi ma’lum bo‘ldi.

Vaqtinchalik bir martalik ish uchun guvohnomani kim beradi?

Vaqtinchalik bir martalik ish bilan ta’minlash markazi beradi.

Vaqtinchalik bir martalik ish uchun guvohnoma qancha muddatga beriladi?

Toshkent shahri va Toshkent viloyatida vaqtincha hisobga olish muddatiga beriladi, biroq 6 oydan ortiq bo‘lishi mumkin emas.

Vaqtinchalik bir martalik ish uchun guvohnomani olish uchun nima qilish kerak?

Buning uchun Vaqtinchalik bir martalik ish bilan ta’minlash markaziga ariza yozasiz, asl nusxasini ko‘rsatgan holda pasportingizning nusxasini, 3 x 4 sm o‘lchamli to‘rtta fotosurat hamda tasvirini chapda e’lon qilganimiz so‘rovnomani to‘ldirib topshirasiz:

Shuningdek:

Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga respublikaning boshqa mintaqalaridan keladigan va vaqtinchalik bir martalik ishlarga yollanadigan fuqarolar turgan joyi bo‘yicha hisobga olish to‘g‘risidagi qayd varag‘ini ham taqdim qilishlari kerak.

Vaqtinchalik bir martalik ish uchun guvohnoma quyidagi shaklda bo‘ladi:

Vaqtinchalik bir martalik ish uchun guvohnoma necha kunda beriladi?

Barcha zarur hujjatlar taqdim etilgandan keyin ikki ish kuni mobaynida beriladi.

Yuqoridagi talab Toshkentda doimiy asosda ishlayotgan fuqarolarga ham taalluqlimi?

Qabul qilingan o‘zgartirishlar faqat vaqtinchalik bir martalik ishlar bilan band shaxslarga (masalan, mardikorlarga) tatbiq etiladi hamda doimiy asosda ishlayotgan fuqarolarga taalluqli emas.

“Yopiq” shahar

Mahalliy inson huquqlari himoyachilari va qator xalqaro tashkilotlar, xususan Xyuman Rayts Votch tashkiloti O‘zbekistonda Sovet hukumati ixtirosi bo‘lgan propiska tizimi O‘zbekistonda hanuz saqlanib qolganini, Toshkent amalda mamlakatning o‘z fuqarolari uchun deyarli yopiq shaharga aylantirilganini muntazam tanqid qilib kelar edi.

Vazirlar Mahkamasining bugun o‘rganganimiz qarori bu sohadagi vaziyatning yanada abgorlashganidan dalolatdir.

Materialni tayyorlashda Ozodlik mavzuga qonun hujjatlaridan hamda norma.uz saytining sharhidan foydalandi.

XS
SM
MD
LG