Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:56

Sobiq hokim Ahmad Usmonov kasalxonada qonunga zid tarzda so‘roq qilinmoqda


Toshkent viloyati sobiq hokimi Ahmad Usmonov
Toshkent viloyati sobiq hokimi Ahmad Usmonov

Hibsga olinib tergov qilinayotgan paytida yurak xurujiga uchragan Toshkent viloyatining sobiq hokimi 59 yashar Ahmad Usmonov mavjud protsessual qoidalarga zid tarzda kasalxonada so‘roq qilinmoqda. Bir-biridan mustaqil manbalardan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, MXX yerto‘lasidagi so‘roq va yuzlashtiruv chog‘ida Ahmad Usmonov yurak hurujiga uchragani ortidan u Toshkentdagi birinchi hukumat statsionariga yotqizilgan.

Ozodlikning huquq-tartibot organlaridagi manbasi va sobiq hukumat mulozimining aytishicha shu kunlarda biroz o‘ziga kelgan Usmonov kasalaxona palatasida so‘roq bermoqda:

-Lunacharskiy tarafdagi (Buyuk ipak yo‘li ko‘chasi) birinchi hukumat statsionarining maxsus qo‘riqlangan palatasida muolaja olmoqda. Yoniga faqat tergovchi kiryapti. Ikki-uch kun bo‘ldi intensiv so‘roq qilinmoqda. Usmonovga qarshi ko‘rsatmalar asosan Andijondan kelmoqda. Usmonov barcha kamomadni to‘lashni bo‘yniga olib yozib bergan¸ deydi suhbatdosh.

Toshkentlik huquqshunos Ravshanbek Xolmatovga ko‘ra¸ salomatligi yomonlashib kasalxonada qolayotgan maxbus faqat tuzalib ketgandan keyingina so‘roq qilinishi mumkin.

Ozodlikning huquq-tartibot organlaridagi manbasining aytishicha¸ hibsga olingan Usmonov "sakkiz soatlab davom etgan intensiv so‘roq paytida mikroinsult bo‘lib hushidan ketgan".

“Gvardeyskiy ko‘chasidagi podvalda so‘roq berganida yuragi bejo urgan. Doktorlar mikroinsult deyishgan. Voqea o‘tgan hafta boshida bo‘ldi. "Ochniy stavka paytida xushdan ketdi", deyishdi. Andijon shahar sobiq hokimi Nurillo Alimov unga qarshi ochniy stavkada pokazanie berganida yurak xuruji boshlandi. Tergovda qiynoq bo‘lmagan chunki so‘roqni MXXning iqtisodiy jinoyatlar bo‘yicha tergovchilari olib boryapti”, deydi Ozodlik manbasi.

Ayni paytda boshqa manbalar “Usmonov o‘zini kasallikka solib vaqtdan yutmoqchi” bo‘lganligi haqida aytishdi:

“O‘zi militsiya tizimida ishlagani uchun Usmonov simulyant bo‘lib (O‘zini kasallikka solib) vaqtdan yutish mumkinligini biladi. Karimovning g‘azabi so‘nib ishlar bosti-bosti bo‘lishini kutyapti. Bilishimcha unga miokard infarkt tashxisini qo‘ygan doktor ham bu “spektakl” ishtirokchisi. Pul evasiga tashxis yozib berilganiga ishonaman. Faqat tergovchilar bu versiyaga ishonmasdan palatada so‘roqni davom ettirishmoqda¸ deydi suhbatdosh.

Ozodlikning yana bir manbasi “simulyatsiya” haqidagi iddaolarni qisman tasdiqladi:

“Xizmat vakolatini suiiste’mol qilganlik, kadrlar tanlashda tanish-bilishchilikka yo‘l qo‘yganlik va poraxo‘rlik" kabi jinoyatlarda gumonlanib tergov qilinayotgan Usmonovning yaqinlari uning iloji bor qadar uzoqroq kasalxonada muolaja olishini ta’minlash uchun urinishmoqda. Usmonov tuzalsa qamoqqa olib ketiladi. Shu bois qanday qilib bo‘lsa ham sobiq hokimni kasalxonada uzoq qoldirish uchun qarindoshlar jiddiy harakat qilmoqda”¸ deydi Ozodlikning huquq-tartibot organlaridagi manbasi.

Bundan oldin, hibsga olingan "sobiq hokim tergov paytida o‘ldi" degan gap-so‘zlar ham paydo bo‘lgan. Lekin bu mish-mishlarni Ozodlik manbalari tasdiqlashmagan edi.

Sobiq hokim ustidan borayotgan tergovdan xabardor o‘zbekistonlik sobiq mulozimning Ozodlikka aytishicha, Ahmad Usmonov ustidan jinoyat ishi fevralь o‘rtasida ochilgan.

"Gitler"ning tor-mor qilinishi

4 fevral kuni Toshkent viloyat kengashi deputatlarining navbatdan tashqari sessiyasi chog‘ida ishdan olingan xalq orasida "Gitler" deb nom chiqargan sobiq hokim bir vaqtning o‘zida senatorlikdan ham chetlatilgan edi.

Buning ortidan O‘zbekiston rasmiy matbuotida sobiq hokimni “qoralash ma’rakasi” davom etdi.

Rasmiy gazetalar prezident Islom Karimov Ahmad Usmonovni "odamlarning ishonchini oqlamagani" va yangi ish o‘rinlari yaratmagani uchun tanqid qilganini iqtiboslar bilan eslatishdi:

"Hamkasblarning ishonchini yo‘qotgandan keyin qayta qo‘lga kiritish juda qiyin. Bunga urinish befoyda. Agar bir marta odamlarning ishonchini yo‘qotsang, ming marta kechirim so‘rasang ham bu ularning yuragida qolishini esingdan chiqarmasliging kerak", dedi prezident.

General-gubernator "Gitler"

Asli samarqandlik 59 yoshli Ahmad Usmonov militsiya generali rutbasiga ega bo‘lgan yagona viloyat hokimi edi.

Usmonov 2006 yilda “Mehnat shuhrati” va 2010 yilda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari bilan mukofotlangan.

U 2004 yilda Namanganda general unvonini olgan birinchi viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan.

Bungacha Jizzaxda tuman militsiyasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan.

Usmonov 2005 yil mayidagi qonli voqealardan ko‘p o‘tmay, Andijon viloyat hokimligiga tayinlangan.

Uning 2006 yil oktyabridan 2013 yil apreliga qadar davom etgan hokimligi davrida Usmonov viloyatni qattiqqo‘llik bilan boshqargani kuzatilgan. Ozodlik manbalari Ahmadjon Usmonovning juda ham zo‘ravon hokim bo‘lganini, uning rahbarligi davrida qama-qamalar avj olganini aytadilar. Uzmetronom nashrining yozishicha, Usmonov Andijonga hokimlik qilgan paytida unga “Gitler” laqabini berishgan.

Ahmad Usmonov oxirgi 4 oy ichida lavozimidan chetlatilgan ikkinchi viloyat hokimidir.

XS
SM
MD
LG