Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 06:14

Toshkent malaka oshirish institutida o‘qituvchilarni "qizartirishmoqda"


Institutda o‘qituvchilar kiyinishi qa’tiy nazoratda
Institutda o‘qituvchilar kiyinishi qa’tiy nazoratda

Toshkent viloyat Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutiga o‘qishga kelgan o‘qituvchilar o‘zlariga nisbatan o‘quv yurti xodimlarining qo‘pol munosabatidan shikoyat qilishdi. O‘qituvchilarning Ozodlikka aytishicha, darsga kech qolganlar ko‘pchilik oldida izza qilinadi. Ular tahqir va haqoratlar ostida malaka oshirayotganliklarini aytishdi. Ayni paytda institut rahbariyati o‘qituvchilar shikoyatidagi holatlarning deyarli barchasini tan oldi.

"O‘qituvchining itchalik qadri yo‘q"

Mazkur institutda shu kunlarda malakasini oshirayotgan o‘qituvchilar nomidan Ozodlikka bo‘lgan murojaatda aytilishicha, oliygohda ular behurmat qilinadi:

"Bu institutda g‘ayriinsoniy holatlar bo‘layapti. Bu yerda Toshkent viloyati tumanlaridan malaka oshirishga kelgan o‘qituvchilarning itchalik qadri yo‘q. O‘qituvchilarni odam o‘rnida ko‘rishmaydi. O‘zbek o‘qituvchilarining bu yerdagi ahvoli harob ahvolda. Dars beradigan ayrim domlalar faqat nomigagina kelib ketadi, dars o‘tmaydi. Boshqa domlalar malaka oshirishga kelgan o‘qituvchilarni tahqirlash, mensimaslik bilan ovora xolos", deyilada o‘qituvchilar xatida.

"Darsga kech qolgan sazoyi qilinadi"

O‘qituvchilar shikoyatiga ko‘ra, agar ma’lum bir sabab bois darsga kech qolishsa, ularni ko‘pchilik oldida sazoyi qilishadi:

"Toshkent viloyatining uzoq tumanlaridan keladiganlar sal kech qolsayam rasmini ilib qo‘yishadi. Rasm yoniga "Uyquni yaxshi ko‘raman. Shuning uchun darsga kech qolaman" degan yozuvni ham ilishadi. Darsga 1 minut kech qolgan odam haqoratlashlarning ostida qoladi. Uning ustidan RayONOga darrov shikoyat xati yuboriladi. Jazolashdan ko‘ra, uzoqda yashaydigan uchun yotoqxona qilishsa yaxshi bo‘lardi", deyiladi o‘qituvchilar nomidan kelgan maktubda.

"Institut hududiga ro‘mol va kalishda kirish taqiqlanadi"

O‘qituvchilar yozishicha, institutda kiyinish qattiq nazorat qilinadi:

"Faqat "klassicheskiy" kiyinish talab qilinadi. Ayollarga shim kiyish taqiqlangan. Mutlaqo kostyum-yubkada bo‘lish shart. Ro‘mol o‘rash taqiqlangan. Agar yoshi katta ayol o‘qituvchi ko‘chada ro‘molda yuradigan bo‘lsa, u institut eshigi oldida ro‘molini echib, boshyalang ichkariga kirishi kerak. Oyoq kiyimga ham qaraladi. Masalan, kalishda kelish mumkin emas. Ayollarning sumkalari ham standart bo‘lishi kerak. Sumkaga har-xil taqinchoqlar, lentalar osilgan bo‘lmasligini lozim", deyiladi o‘qituvchilar shikoyatida.

"Saqich chaynash taqiqlanadi"

Maktubda yozilishicha, malaka oshirayotgan o‘qituvchilarga uydan ovqat olib kelish ham taqiqlangan:

"Ovqatlanish qat’iy institut oshxonasida bo‘lish shart. Uydan ovqat olib kelishga ruxsat berishmaydi. Ertalab institut eshigi oldida sumkalarni tekshirishadi. Qizig‘i institut hududida saqich chaynash ham mumkin emas. Institut hududiga 30 ta kamera o‘rnatilgan. O‘qituvchilarning har bir harakati kuzatib turiladi. Darsga zvonok chalinishi bilan eshiklarni qulflab qo‘yishadi. Tartib-intizom yaxshi, lekin o‘qitish umuman talabga javob bermaydi. Institut fasadi chiroyli, lekin orqa tomoniga o‘tsangiz xaroba ahvolda".

"Amir Temurning tug‘ilgan kuniga ham pul yig‘ildi"

O‘qituvchilar shikoyatiga ko‘ra, ushbu institutdagi bir oylik o‘qish davomida turli bahonalar bilan pul yig‘ish odati ham keng tus olgan:

"Kanstovarga 24000 so‘m, portfolioga 45000 so‘m, Amir Temurning tug‘ilgan kuniga 25000dan yig‘ishdi, bu pulga buket olib, qandaydir hech kim tanimaydigan tarixchilarga berishdi. Biz o‘qishdan so‘ng test topshirishimiz kerak. Shu testlar javobini 5000 so‘mdan pullashadi".

Rektor yordamchisi o‘qituvchilar arzini tan oldi

Institut rektori Ro‘zimurod Choriev yig‘ilishda ekanini aytgach, uning yordamchisi Lobar Esonboeva Ozodlik bilan suhbatda o‘qituvchilar shikoyatidagi holatlarning aksarini tan oldi:

- Bizda tartib-intizom shunaqa. Ilgari bu institutda obeddan keyin kelsa ham, kechqurun kelsa ham mojno, bemalol bo‘lgan. Hech kim hech narsa demagan. 1 kun, 2 kun kelmagan, ortiqcha gaplar chiqqan. Hozir rahbarimiz juda qattiqqo‘l, tartibga rioya qiladilar. 8 yarimdagi dars, 8 yarimda hamma sho‘tta bo‘lishi kerak. Axir biz tartibni o‘qituvchilardan boshlamasak, o‘quvchidan qanday talab qila olamiz.

Ozodlik: O‘qituvchilar bizni haqorat qilishadi, tahqirlashadi, mensishmaydi deb shikoyat qilishgan.

- Bu ularni yomonlash, haqorat emas. Bu yerda shuni ko‘rib, maktabda o‘quvchisidan shuni talab qilsin. Ularga gapiramiz. Bular, tak, borib, talab qilsin o‘quvchisidan.

Ozodlik: Kiyinish borasida ham shikoyat qilishgan. Hatto yoshi katta ayol bo‘lsa ham institut hududiga kirgandan keyin ro‘mol yechilsin, degan talab bor deyishgan.

- Kiyinish madaniyati talab qilinadi, to‘g‘ri. Chunki boshida shu qadar bo‘lgan, hamma domashniy kiyimda kelgan. Hamma qishloqdan, uzoqdan keladi topgan kiyimida. Oyoq kiyimini tozalamagan. O‘qituvchiga to‘g‘ri kelmaydigan kiyimda kelingan. Biz ulardan o‘qituvchi imijini talab qilamiz.

Ozodlik: Lobarxon, o‘qituvchilar shikoyatida bir holat bor. Ular uydan ovqat olib kelishga ruxsat yo‘q deydi.

- Endi mumkin emas deganimiz, bu tozalik. Hamma xohlagan yerida ovqat yeb ketsa, xonalarda, koridorlarda yeyiladi. Bunaqa qilsa gigienaga to‘g‘ri kelmaydi. Shundan asrash maqsadida uydan olib kelishga sal, ozgina taqiqlangan.

Ozodlik: Agar men institutga borsamu, og‘zimda saqich bo‘lsa, meni ichkariga kirgizasizlarmi?

- Yo‘q, kirgizmaymiz. Saqich chaynash ta’lim muassasida to‘g‘ri kelmaydi. Bu madaniyatimizga, o‘zbekchiligimizga ham to‘g‘ri kelmaydi.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:37 0:00
Бевосита линк

Toshkent viloyat Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida shu kunlarda ikki smenada 1000ga yaqin o‘qituvchi malaka oshirayapti. Institut xodimlaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, hozirda uzoqdan kelgan o‘qituvchilar uchun yotoqxonani ishga tushirish harakati ketayapti.

XS
SM
MD
LG