Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 18:01

Andijoncha taftish: Fermer xo‘jaliklariga “Damaslar yurishi” uyushtirilmoqda


Andijon viloyatining Izboskan tumanida har yakshanba kuni “Damaslar yurishi” nomli tadbir o‘tkazilmoqda. Tadbirda tumandagi qishloq xo‘jaligiga oid tashkilotlar vakillaridan iborat 300 kishilik guruh 70 dan ziyod Damas kolonnasi bilan qishloqlarni oralayapti. Tadbir ishtirokchilari tumandagi fermer xo‘jaliklarini taftish qilib, seminar o‘tkazishmoqda.

So‘nggi uch haftadan buyon har yakshanba kuni Izboskan ko‘chalarini Damaslar kolonnasi oralamoqda.

Bu haqda Ozodlikka xabar qilgan izboskanlik fermerlardan biriga ko‘ra, “Damaslar yurishi” nomli tadbir ortidan fermerlarning ishi qolib ketayapti:

“Izboskan tumanida hokimlik va viloyatdan kelgan rahbarlar biz fermerlarni har yakshanba kuni “Damaslar yurishi” qilib, ishdan qo‘yapti. 70 ta Damas ushlanib, jinniga o‘xshab dalama-dala aylantirib yurishibdi. Sizlardan iltimos shu be’mani ishni yo‘qotishga yordam bering”, deyiladi izboskanlik fermerdan kelgan maktubda.

Ozodlik bog‘langan Izboskandagi boshqa bir fermerning aytishicha, “Damaslar yurishi” tadbirida tumandagi qishloq xo‘jaligiga oid barcha tashkilotlar vakillar ishtirok etmoqda:

“Tumandagi neft baza, ximiya, zashita, kadastr kabi barcha qishloq xo‘jaligiga aloqador tashkilotlardan vakillar bor. Viloyatdan ham vakillar kelishgan. Tuman hokimligidan ham bir qancha odam bor. Keyin tumandagi fermer xo‘jaliklarining raislari ham bor. Jami 300 dan ziyod odam qatnashayapti. Ularning hammasiga fermerlar Damas topishlari shart. Tumandagi Damaslar o‘sha kuni ijaraga olinmoqda. Ayrim fermerlar bepulga xizmat qilishayapti. Kun bo‘yi shu Damaslarda dalalarga borilmoqda”, dedi izboskanlik fermer Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.

Izboskan tuman hokimligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, “Damaslar yurishi” tadbiri orqali fermer xo‘jaliklarida seminarlar o‘tkazilmoqda:

“Damaschilarimiz tumandagi har bir fermer xo‘jaliklarini aylanib, seminarlar o‘tkazayapti. Fermer xo‘jaliklari dalasiga borib, ularda ketayotgan ishlar o‘rganiladi. Joylarga borib, dalalar aylanib chiqiladi. Har yakshanba kunlari shunday tadbir bo‘layapti. Bitta Damasda 5-6 kishi bo‘ladi. Boshida avtobus tashkil qilingan edi. To‘rtta-to‘rtta avtobusda yurilgan edi. Keyin Damasga o‘tdik. Fermerlarning ko‘pchiligida Damas bor, shuning uchun Damasni ma’qul topdik. Tadbirimizdan maqsad boshqa fermerlarda qilinayotgan ishlar ommalashtiriladi. Kamchiliklari aytilib, bartaraf qilish yo‘llari izlanadi”, dedi tuman hokimligidagi ismini ochiqlamayotganimiz mulozim.

Ma’lum bo‘lishicha, “Damaslar yurishi” tadbiri orqali tumandagi 291ta fermer xo‘jaligi dalalariga borish rejalangan. Hozirda har yakshanba kamida 5-6ta fermer xo‘jaligida seminar o‘tkazilayapti.

Izboskandagi ushbu tadbirni viloyatning boshqa tumanlarida ham qo‘llash boshlangani aytilayapti.

O‘zbekistonda turli bahonalar bilan xususiy taksilar va jamoat transportlaridan tekinga foydalanish amaliyoti sobiq sovet davridan buyon kuzatilib kelmoqda.

Jumladan, paxta mavsumlarida talabalarni dalaga tashishda jamoat transportlari bepulga foydalanish yoki biror hududga nufuzli mehmon tashrif buyursa, o‘sha hududdagi taksi mashinalari tekinga xizmat qilishga majburlash holatlari deyarli har yili kuzatiladi.

XS
SM
MD
LG