Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:31

Tojikistonda isyonchi generalning o‘g‘li 22 yilga kesildi


Tojikiston mudofaa vazirining sobiq o‘rinbosari Abduhalim Nazarzoda.
Tojikiston mudofaa vazirining sobiq o‘rinbosari Abduhalim Nazarzoda.

Dushanbe shahar sudi Tojikiston mudofaa vazirining sobiq o‘rinbosari, general Abduhalim Nazarzodaning to‘ng‘ich o‘g‘lini 22 yilga ozodlikdan mahrum qilish haqida hukm chiqardi. Sud hukmi o‘tgan oy chiqarilgan bo‘lsa-da, bu haqda jamoatchilikka endi e’lon qilinmoqda.

General Nazarzodaning 28 yoshli o‘g‘li Baxtiyor Nazarov “konstitutsiyaviy tuzumni kuch bilan o‘zgartirishga chaqirganlik”, “ommaviy tartibsizlikka chaqirganlik” va “og‘ir jinoyat haqida ataylab xabar bermaganlik”da urinishda ayblangan.

Abduhalim Nazarzodaning o‘zi Dushanbe yaqinidagi Romit darasi tog‘larida o‘tkazilgan maxsus amaliyot chog‘ida o‘ldirilgan. Tojik rasmiylari uni davlat to‘ntarishi yasashga uringanlikda ayblaganlar. Nazarzoda davlatni to‘ntarishga harakat qilganmi-yo‘qmi – bu savolga hozir hech kim xolis javob berolmaydi, bu sir general bilan birga qabrga ko‘mildi. Ayni voqea haqida hozir faqat Tojikiston kuch ishlatar tuzilmalaridan ma’lumot olish mumkin, xolos.

Ozodlik tojik xizmatining Tojikiston huquq-tartibot idoralarida ishlovchi manbasiga ko‘ra, Baxtiyor Nazarov va uning ikki ukasi 2015 yil 4 sentyabrida – amalga oshmay qolgan davlat to‘ntarishidan keyinoq qo‘lga olingan. Biroq ular hech yerga ketmaslik tilxati asosida uch kundan keyin qo‘yib yuborilgan.Manbaning aytishicha, o‘sha paytda Baxtiyor o‘z otasining xatti-harakatlarini qoralagan va uning qurolli isyon bilan bog‘liq niyatidan xabari bo‘lmaganini aytgan. Ammo hibsdan ozod bo‘lgan Baxtiyor otasiga qarshi Romit darasida maxsus amaliyot davom etayotgan paytda o‘z uyi yerto‘lasida yosh yigitlarni to‘plab, rasmiylarga qarshi norozilik namoyishiga chiqishga hozirlik ko‘rgan.

“U yigitlarni shahar markaziy maydonida rasmiylarga qarshi namoyishga chiqishga undagan. Keyinroq tergovchilarga Baxtiyor otasining rejalaridan yaxshi xabardor bo‘lgani va guruh tuzib, unga yordam bermoqchi bo‘lgani ma’lum bo‘ldi, biroq rejasini amalga oshirishga ulgurmay, qo‘lga olindi”, dedi Ozodlik manbasi.

Dushanbe prokuraturasi suddan Baxtiyor Nazarovni 24 yilga ozodlikdan mahrum qilishni so‘ragan, biroq sudya 22 yillik qamoq bilan kifoyalanishga qaror qilgan. Hukmga muvofiq, Baxtiyor ikki yilni yopiq koloniyada, qolgan 20 yilni esa kuchaytirilgan rejimli qamoqxonada o‘tkazishi lozim. Nazarovga nisbatan shunday hukm chiqarilganini tasdiqlagan qarindoshlari foydasiz deb bilganlari uchun hukm ustidan shikoyat arizasi kiritmoqchi emaslar.

Baxtiyorning qarindoshlaridan biri Muzaffar Abdurahimov Ozodlikning tojik xizmatiga mazkur ish yuzasidan sud majlislarining ko‘pida ishtirok etgani va Baxtiyor o‘ziga yuklangan ayblovlarning ko‘pini qabul qilmaganini aytdi. Unga ko‘ra, Baxtiyor sudda o‘z so‘zlari va xatti-harakatlarini rasmiylarga noto‘g‘ri yetkazishganini aytgan.

“Baxtiyor o‘zini qisman aybdor deb hisoblaydi, biroq guvohlar va prokuratura tergovchilari so‘zini tinglaganidan keyin sud uni 22 yilga qamash hukmini chiqardi”, dedi Muzaffar Abdurahimov.

Isyonchi general Nazarzodaning Baxtiyordan tashqari yana ikki o‘g‘li va bir qizi bor. Ular ham davlat to‘ntarishi urinishidan keyinoq qo‘lga olingan, biroq uch kundan so‘ng ozod qilingandilar.

XS
SM
MD
LG