Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 19:25

Buxoroda soqolli futbol ishqibozlari stadionga kiritilmadi


Buxoroda yakshanba kuni Buxoro va Navbahor futbol jamoalari o‘rtasidagi o‘yinni tomosha qilgani borgan futbol ishqibozlarining soqol qo‘yganlari stadionga kiritilmadi. Stadion oldida turgan posbonlar ularga soqollarini oldirib kelishni aytib, ortga qaytargan. Mahalliy posbonlarning bu xatti-harakati inson huquqlarining buzilishi o‘laroq ko‘rilmoqda.

Buxorolik futbol ishqibozlaridan biri o‘z jamoasi o‘yinini tomosha qilish uchun yaqin atrofdagi sartaroshxonaga borib, soqolini qirdirib kelgan va shundan so‘ng u stadionga kiritilganini aytadi.

- Futbol tomosha qilgani boruvdik. Kiraverishda minglab odam. Fuqaro formasidagi bir odam meni chetga olib “soqolingni oldirib kel, keyin kirasan”, dedi. “Nima uchun, meni hech kim ogohlantirmadiku soqolsiz kelgin, deb”, dedim. U esa “ukam normalniy gap bilan tushuntirobman”, dedi. Nariroqqa qarasam shunaqalardan yana to‘rttasi turibdi. Oxiri 300 metr naridagi sartaroshxonaga borib soqolni qirdirib, keldim, - dedi futbol ishqibozi.

Buxoro jamoasi fanklubi yetakchilaridan biri Ozodlik bilan suhbatda soqol qo‘ygan ishqibozlarni stadionga kiritmaslik haqida og‘zaki buyruq borligini tasdiqladi.

- Soqol qo‘ygan yosh yigitlar qo‘yilmaydi. 40-45 yoshdan oshganlar, otaxonlarga mumkin. Hamma joyda hozir shu,- dedi Buxoro jamoasi fanklubi yetakchilaridan biri.

Lekin, futbol o‘yiniga chiptalar sotilgan paytda soqol qo‘yganlar stadionga kiritilmasligi haqida ishqibozlar ogohlantirilmagan, stadionda ham ogohlantirish yozib qo‘yilmagan.

- Biletga yoki stadionni kiraverishiga “soqollilar kiritilmaydi!”, deb yozib qo‘ysa bo‘ladiku, - deydi buxorolik futbol ishqibozi.

Mahalliy posbonlarning bu xatti-harakati inson huquqlarining buzilishi o‘laroq ko‘rilmoqda.

- Musulmonning soqol qo‘ygani uchun jamoat joylariga qo‘yilmasligi bu uning e’tiqod huquqlari cheklanishidir, - deydi Frantsiyadagi Markaziy Osiyoda inson huquqlari tashkiloti rahbari Nadejda Otaeva.

O‘zbekiston Musulmonlar diniy idorasidagilar ham musulmonlarga bu kabi talablarni qo‘yishga hech kimning qonunan haqqi yo‘qligini aytmoqda.

- Soqol qo‘yish musulmonlar uchun sunnat bo‘lib hisoblanadi. Soqoliga qarab odamni ajratish qonunga xilofdir, - dedi O‘zbekiston Musulmonlar diniy idorasi mulozimlaridan biri.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda talaba yigitlarning soqoli ozgina o‘sgan bo‘lsa-da, darsdan chiqarib yuborish, ko‘cha va bozorlarda soqol qo‘ygan yosh yigitlarni militsiya bo‘limlariga olib borib, so‘roqqa tutish hollari ko‘paygani aytiladi.

O‘tgan yili esa Qo‘qon shahri bozoriga hijoblilar va oq do‘ppi kiyganlarning kirishi taqiqlab qo‘yilgani haqda Ozodlik xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG