Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:37

O‘zbekistonda kimlar professor bo‘la olishi ma’lum bo‘ldi


Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosati 6 iyunda kuchga kirgan qarori bilan Ilmiy unvonlar berish tartibi to‘g‘risidagi yangi nizomni tasdiqladi.

Hujjat ijtimoiy-gumanitar fanlar sohalarida unvonlarga talabgorlar uchun katta yangilik bo‘lib ko‘rinmasligi mumkin, lekin iqtisodiyot mutaxassislarini quvontirishi aniq.

Psixologiya fanlari nomzodi Mahmudjon Yo‘ldoshevning Ozodlikka aytishicha, ilgari oliy o‘quv yurtlarida ilmiy unvon olish tartibini, ba’zi detallarni hisobga olmagan holda, jo‘n tushuntirish mumkin edi. Ya’ni fan nomzodi ilmiy darajasiga ega bo‘lgan olim dotsent bo‘lardi, professor unvonini olish uchun esa, talabgor fan doktori ilmiy darajasiga ega bo‘lishi lozim edi.

Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosati qabul qilgan yangi nizomda o‘sha eski tartibga o‘zgartirishlar kiritilganki, bu haqda norma.uz sayti xabar qildi.

Aytilishicha, yangi nizomda ilmiy unvonlarni olishga talabgorlar bajarishi lozim bo‘lgan umumiy talablardan biri aniqlashtirilganki, unga ko‘ra talabgor attestatsiya jarayonida oxirgi 2 yil ichida ishtirok etgan bo‘lishi kerak (taqrizchi, ilmiy seminar, ilmiy kengash, imtihon komissiyasi a’zosi, rasmiy opponent va shu kabilar sifatida).

Mustaqillik mafkurasini bilish bundan buyon talab qilinmaydi

Iqtisodiyotchilardan talab qilinmaydi. Yangi nizomga ko‘ra, “Mustaqillik mafkurasi hamda demokratik jamiyat qurishning iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy negizlari va ilmiy asoslari” fanidan maxsus imtihonni faqat ijtimoiy-gumanitar fanlar sohalarida unvonlarga talabgorlar topshiradi. Ilgari ushbu imtihon iqtisodiyot fanlari sohasi bo‘yicha unvonlarga talabgorlar tomonidan ham topshirilardi.

Professor bo‘lish qiyinlashdi

Yangi nizomda Oliy ta’lim muassasasi mutaxassislari professor unvonini olish uchun bajarishi lozim bo‘lgan ayrim talablar aniqlashtirilgan.

Xususan, ular ilmiy daraja olgan 1 mutaxassisni tayyorlagan yoki 10 bitiruvchi magistrant va 5 bitiruvchi bakalavrga ilmiy rahbarlik qilgan bo‘lishi (ilgari – faqat ilmiy daraja olgan 1 mutaxassisni tayyorlagan bo‘lishi), pedagogik amaliyotda foydalanilayotgan, dissertatsiya himoyasidan keyin nashr etilgan 1 ta darslik (hammualliflikda 2 ta darslik) yoki 2 ta o‘quv qo‘llanmasiga ega bo‘lishi kerak. O‘quv qo‘llanma etarli bo‘lmagan taqdirda esa, belgilangan me’yordan tashqari nashr etilgan darslik ham o‘quv qo‘llanma sifatida qabul qilinishi mumkin.

Ph.Dlar professor bo‘la oladi

Oliy ta’lim muassasasi professori unvoni istisno tariqasida beriladigan fan nomzodi, xorijiy davlatlarda berilgan falsafa doktori (Ph.D) yoki unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajaga ega bo‘lgan talabgorlar uchun ham talablar o‘zgardi:

10 yillik (ilgari – 15 yillik) ilmiy-pedagogik staj; 1 ta darslik (hammualliflikda 2 ta darslik) va yakka mualliflikda 3 ta o‘quv qo‘llanmasining mavjudligi (ilgari ularning soni aniqlashtirilmagan edi);

ilmiy daraja olgan 1 nafar mutaxassisni tayyorlagan va 2 nafar magistrantga ilmiy rahbarlik qilgan yoxud 10 nafar magistrant va 5 nafar bakalavrga ilmiy rahbarlik qilgan (ilgari – ilmiy daraja olgan 1 nafar mutaxassisni tayyorlagan va kamida 2 nafar magistrant yoki 4 nafar bakalavrga ilmiy rahbarlik qilgan) bo‘lishi kerak.

Bundan tashqari dissertatsiya himoyasidan keyin kamida 5 ta ilmiy maqola, shundan xorijiy ilmiy jurnallarda 2 ta ilmiy maqola hamda yakka mualliflikda monografiya chop ettirgan bo‘lishi lozim.

Ilmiy darajasi yo‘qlar ham professor bo‘la oladi. Istosno tariqasida...

Yangi nizomda madaniyat, san’at, arxitektura, jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishlari bo‘yicha Oliy ta’lim muassasasi professori unvonini istisno tariqasida ilmiy darajaga ega bo‘lmagan mutaxassislarga berish imkoniyati saqlanib qoldi. Shu bilan birga o‘quv-ilmiy ishlarning mavjudligi qismida ularga nisbatan talablar oshirildi, ilmiy-pedagogik ish staji esa 15 yildan 10 yilga kamaytirildi.

Professorlikka talabgor qahramon bo‘lishi shart emas

Endilikda “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni yoki “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan mutaxassislardan tashqari fan va texnika, adabiyot, san’at va me’morchilik sohasidagi Davlat mukofotlari laureati bo‘lgan mutaxassislar ham boshqa bir qator talablarni bajargan taqdirda istisno tariqasida OTM professori unvonini olishi mumkin, deb yozdi norma.uz.

ITM professorlari

Ilmiy-tadqiqot muassasalari mutaxassislari – professor unvonini olishga talabgorlar endilikda kamida 2 nafar ilmiy daraja olgan mutaxassisni tayyorlagan yoxud 1 nafar ilmiy daraja olgan mutaxassisni tayyorlagan va 5 nafar magistrant yoxud 10 nafar magistrantga (so‘nggisi ilgari mavjud emasdi) ilmiy rahbarlik qilgan bo‘lishi zarur.

Dotsent dotsentligicha qoldi

Oliy ta’lim muassasasining ilmiy darajaga ega bo‘lgan mutaxassislariga dotsent unvonini berishga qo‘yiladigan talablar o‘zgarmadi, deb xabar qildi nashr.

Biroq, ayni paytda Oliy ta’lim muassasasining ilmiy darajaga ega bo‘lmagan mutaxassislariga istisno tariqasida dotsent unvonini berishda qo‘yiladigan ba’zi talablar bir xillashtirildi va aniqlashtirildi, shuningdek ba’zi yangi talablar joriy etildi.

Masalan, endilikda barcha soha mutaxassislari uchun kamida 5 yillik pedagogik va ilmiy ish staji, ulardan 3 yili Oliy ta’lim muassasasining o‘zida pedagogik ish staji sifatida talab etiladi.

Ilgari ayrim soha vakillari uchun 10 yillik, ayrimlari uchun esa 5 yillik staj talab etilardi. Aniqlashtirilishicha, ilmiy darajaga ega bo‘lmagan mutaxassislar uchun o‘quv adabiyotlari soni 1 ta darslik (hammualliflikda 2 ta darslik) va yakka mualliflikda 1 ta o‘quv qo‘llanmadan iborat.

Bundan tashqari, endilikda bunday mutaxassislarga kamida 4 nafar bitiruvchi bakalavrga ilmiy rahbarlik qilgan bo‘lsa, dotsent unvoni berilishi mumkin.

XS
SM
MD
LG