Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:53

Ahmadboy “piramidasi” qanday qulatilmoqda: O‘zTV Ahmadboyni "fosh qildi"


Ahmadboy iqrori...
Ahmadboy iqrori...

O‘zTV Ahmadboyni "fosh qildi"

Chinozlik tadbirkor Ahmad Tursunboevning moliyaviy piramida tuzgani va u boshqargan shirkat ustidan tekshiruv boshlangani haqida O‘zbekistondagi barcha telekanallar "fosh qiluvchi" ruhdagi ko‘rsatuvni efirga uzatishdi. Qariyib 6 daqiqa davom etgan ko‘rsatuvda 15 iyun kuni qo‘lga olingan 20 nafar Ahmadboyning "shotir"lari birma bir namoyish qilinadi. Shuningdek Ahmadboydan 40 foiz ustama haq evaziga pul olgan va unga 100 foiz ustama haq ta’masida pul berganlar iqrori ham ko‘rsatuvdan o‘rin olgan. Ko‘rsatuv aybsizlik prezumptsiyasiga teskari tarzda hali ustidan hukm o‘qilmagan Ahmad Tursunboev qoralanadi.

Тошкент телеканали Аҳмадбой ҳибси ҳақида кўрсатув намойиш қилаяпти
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:12 0:00

Ahmadboyga qanday ayblov qo‘yilmoqda?

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, Chinoz "Avto Hamkor" shirkati rahbari 38 yashar Ahmad Hamidovich Tursunboev ustidan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik),168-moddasi (firibgarlik) va 170-modda (aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan mulkiy zarar yetkazish) bo‘yicha jinoiy ish ochilgan. Shuningdek Tursunboev 177-modda - valyutani qonunga xilof ravishda olish va 178-modda - chet el valyutasini yashirish bo‘yicha ham ayblanmoqda.

Ahmadboyning uyini tumonot odam o‘rab oldi

16 iyunь kuni ertalabdan Ahmadboyning uyini unga foizga pul bergan fuqarolar o‘rab olgan. Ularning ko‘pchiligi Ahmadboyga bergan pullarini qaytarib olish ilinjida turishibdi. Uy oldida bo‘lgan mustaqil jurnalist Abdurahmon Tashanovning aytishicha¸ Ahmadboyning uyi yettita shlagbaum bilan to‘sib qo‘yilgan, Olmazor qo‘rg‘oni militsiya qurshovida qolmoqda.

Абдураҳмон Ташанов билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:12 0:00
Бевосита линк

Ahmadboyga pul berganlar ariza yozib pulini qaytarmoqchi emas

Ahmadboyga pul bergan kreditorlar militsiya yoki boshqa davlat organlari ko‘magida pulini qaytarmoqchi emas. Ozodlik tasarrufidagi audio suhbatlarda xovlisi va mashinasini sotib pulini Ahmadboyga foiz uchun berganlar da’vo qilmaslik¸ Ahmadboy ustidan ariza yozmaslik haqida kelishib olganini aytishadi.

Idorasini qora maskalilar bosgan Ahmadboyning molxonasi ham xatlandi

Ahmad Tursunboevga oid “Chinoz halol savdo” nomli sara qoramollar bo‘rdoqichilik fermasi 15 iyun kechga borib xatlangan. Bu haqda Ozodlikning Chinoz va huquq-tartibot organlaridagi manbalari ma’lum qildi. Iddao qilinishicha¸ bo‘rdoqi mollar fermasi va Ahmadboyning moliyaviy piramidasiga O‘zbekiston prezidentining maslahatchisi bo‘lib ishlagan qudratli mulozim akaxonlik qilgan. Bu mulozimning ismi sharifi va uning Ahmadboy “piramidasi”ni qo‘llagani haqidagi faktlar Ozodlik tasarrufida mavjud.

Manbalarning aytishicha¸ puldor mulozimlar Ahmadboyga o‘z pulini “ko‘paytirish” uchun berib turishgan. Bu holatda “Ahmadboy piramidasi saxiylik bilan divident qaytargan”.

Ahmadboyning qo‘shnilari Ozodlikka maktub yozib¸ “soliq idoralari va boshqa davlat tizimlari mulozimlarining ham Ahmadboyga foiz evaziga pul berganini” iddao qilishdi. Iddaonomaga ko‘ra¸ “ Toshkentdan davlat idoralariga oid mashinalar kelib¸ yukxonadan pul solingan qoplarni olib Ahmadboyning uyiga kiritishgan”.

Reyd ortidan Chinoz IIBsiga mahbuslar¸ shifoxonaga esa kasallar olib kelindi

Ahmad Tursunboevning Toshkent viloyati Chinoz tumanidagi ofisi qora niqoblilar tarafidan bosilgan 15 iyun kuni Chinoz IIB idorasiga o‘nga yaqin kishi olib kelindi.

Ozodlik manbalarining aytishiga ko‘ra¸ kelganlar Ahmad Tursunboevga qarshi ochilgan jinoiy ish doirasida guvoh sifatida so‘roq qilingan.

Chinoz markaziy kasalxonasiga “yurak xuruji” tashxisi qo‘yilgan Ahmadboyning mijozlari olib kelingan. Ahmadboyning yordamchisi Ismatilla Izzatillaevning yurak xuruji tashxisi bilan kasalxonaga yotqizilganlardan biri ekani aytilmoqda.

Ozodlikning Chinoz tumanidagi boshqa bir manbasiga ko‘ra, tuman IIB shaxsiy tarkibi to‘laligicha Ahmadboyning uyini qurshab olishga safarbar qilingan.

Ozodlik manbasining aytishicha, Ahmadboy ofisida uyushtirilgan taftish natijasida 13 milliard 138 million so‘m va 7 million 900 ming AQSh dollari musodara etilgan. Taftish va va naqd pul sanashga qirqqa yaqin odam jalb etilgan. Ozodlik tasarrufidagi taftish va naqd pul sanash jarayonida olingan foto suratlardan ham o‘ta katta miqdordagi naqd pul haqida gap borayotgani anglashiladi.

"Boy" hibsda qolmoqda

Ozodlikning huquq-tartibot organlaridagi manbasi Ahmad Tursunboev 15 iyunning o‘zidayoq Yangiyo‘lga olib ketilgani va vaqtincha hibsda qolayotganini aytdi.

Ahmad Tursunboev 15 iyun kuni qora niqoblilar bosgan paytda "ofisda bo‘lgan".

Tursunboev so‘roqdan keyin shaharni tark etmaslik sharti bilan qo‘yib yuborildi¸ degan dastlabki xabar tasdiqlanmadi.

Ozodlik radiosi Ahmadboy Tursunboeov faoliyatiga yillar davomida sharoit yaratib bergan mahalliy rasmiylar munosabatini olishga harakat qilmoqda.

Ozodlik radiosi suhbatlashgan Chinoz rasmiylaridan birining ismi aytilmaslik sharti bilan aytishicha:

"Chinozda To‘xtasin¸ Murod¸ Muxriddin¸ Rasul¸ Farrux va boshqa o‘ndan ortiq odam Ahmadboy sistemasida ishlaydi. Hamma lixoradkada. Eng kattasi To‘xtasin va Ahmad. Shotirlari quturib ketgan. Hammasida Kaptiva va inomarka. Ana pulning kuchi. Hozir ochganlarni hammasi yopiq. Eshiklarining tagida tumonat odam. Jizzax va Sirdarëda ham tochkalar ochishgan. Ahmadni shotiri va jiyani Izzat ismli shaxsni uyidan pul eni 4¸ uzunasi 10 metrlik Isuzuda olib chiqilgan".

Ahmad Tursunboev uyini qora maskalilar bosgani ortidan ijtimoiy tarmoqlarda vahima kuchaydi.

Alisher Ergashev ismli yuzerning Facebook tarmog‘ida yozishicha¸ bir kun oldin Ahmadboyning vakillari "Tirik bo‘lsa, pullaringizni qaytarib olasizlar¸ o‘lib ketsa, uyiga kelib bolalaridan da’vo qilmaysizlar", degan gapni aytishgan. Gap "dividend" evaziga Ahmadboyga topshirilgan omonat pullar haqida ketayapti.

100 foizlik dividend vasvasasi

Qora maskalilar ko‘magida qo‘lga olingan Ahmad Tursunboevga qarashli Toshkent viloyati Chinoz tumanida joylashgan “Chinoz Avto Hamkor” firmasi yiliga kamida 100 foizlik dividend va’dasi bilan odamlardan omonat olish bilan shug‘ullanib kelgan.

Avtomobil savdosiga ixtisoslashganiga qaramasdan moliyaviy xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullangan firma “moliyaviy piramidaga” o‘xshasa-da, pulini ikki barobarga ko‘paytirish ta’masida bo‘lganlar soni kun sayin ko‘payib borgan. Shu yilning aprel oyida bu mavzuni o‘rgangan Ozodlik muxbiriga ma’lum bo‘lishicha, o‘sha paytda Ahmadboyga pul bergan omonatchilar sonining 40 mingga yetgani taxmin qilingan.

Jarayonni kuzatishda davom etamiz...

XS
SM
MD
LG