Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:00

Mirziyoev viloyat bitiruvchilarini Toshkent kollejlarida o‘qishini taqiqladi


O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev 25 iyun kuni o‘tkazgan shoshilinch selektor majlisida 9-sinfni tugatgan viloyatlardagi o‘quvchilarni Toshkent shahridagi akademik litsey va kollejlarga qabul qilishni taqiqlash haqida topshiriq berdi. Endi, o‘quvchilar o‘z viloyatida yoki tanlagan mutaxassisligiga qarab faqat qo‘shni viloyatlarda o‘qishi mumkin, xolos.

O‘zbekiston viloyatlaridagi umumta’lim maktablarini bitirgan o‘quvchilar uchun Toshkent shahridagi litsey-kollejlar eshigi yopildi.

Bu haqda 25 iyun kuni o‘tkazilgan selektor majlisida O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev farmoyish bergan.

Ozodlik Toshkent viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i N.Ro‘ziqulovning bu haqda xalq ta’limi bo‘limi mudirlariga va maktab rahbarlariga yozgan maktubini qo‘lga kiritdi.

Xalq ta’limi boshqarmasi maktubi
Xalq ta’limi boshqarmasi maktubi

Unda yozilishicha, viloyatdagi 9-sinf bitiruvchilarini hujjatlarini Toshkent shahridagi litsey va kasb hunra kollejlariga topshirish qat’iyan man qilinadi.

Maktubga ko‘ra, agar viloyatlardagi qaysi xalq ta’limi bo‘limi yoki maktab rahbari o‘quvchilar hujjatini Toshkentdagi o‘quv dargohiga topshirgan bo‘lsa, uning ishda qolish yoki qolmaslik masalasi ko‘rib chiqiladi va Bosh vazirning videoselektorda bergan topshirig‘iga ko‘ra, ularga nisbatan huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan qonuniy chora ko‘riladi.

Farzandlari hujjatlarini viloyatdagi litsey va kollejlarga topshirishdan bosh tortgan ota-onalarga ham mahalliy hokimliklar va huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan choralar ko‘rilishi maktubda yozilgan.

Bosh vazir selektor yig‘ilishida viloyatlik bitiruvchilarning nima sababdan Toshkentdagi litsey va kollejlarga o‘qishga qabul qilinishiga taqiq qo‘yilgani sababini izohlamagan.

Farg‘onalik kollej o‘qituvchisi Karimjon Teshaev, Bosh vazir bu topshirig‘i bilan Ta’lim to‘g‘risidagi qonunning bir necha bandini buzganligini aytadi:

“Bu qonunning ochiqchasiga buzilishidir. Birinchidan, Konstitutsiyaning 41-moddasida har kim bilim olish huquqiga ega, deyilgan. Sen u erda o‘qiysan, sen bu erda o‘qiysan deyilmagan. Ikkinchidan, bu topshiriq Ta’lim to‘g‘risidagi qonunning 3 moddasi, 7 bandiga zid. Bu bandda “davlat ta’lim standartlari doirasida ta’lim olishning hamma uchun ochiqligi” aytilgan. Ota-onalar ta’lim to‘g‘risidagi qonunning 34-moddasini buzganligi uchun Shavkat Mirziyoevni ota-onalar sudga berishga yuz foiz haqlidir”, deydi Karimjon Teshaev.

Sirdaryolik o‘qituvchi Abdumannob Egamovning aytishicha, ta’limni hech qachon majburlab bo‘lmaydi:

“Mening shaxsiy fikrim shunday. Sen u yerda o‘qiysan, sen bu yerda o‘qiysan deb majburlab bo‘lmaydi. Shu paytgacha Toshkent litsey-kollejlari avval o‘zlaridan, keyin qishloqlardan olib to‘ldirardi. Masalan, mening o‘g‘lim Toshkentdagi diplomatiya litseyiga borib o‘qiyman desa, men unga qarshilik qilolmaymanku. Yoki bizning viloyatda yuridik kollej yo‘qku, bir qadam Toshkent turganda Samarqandga borishi kerakmi, endi? Menimcha bu noto‘g‘ri qaror”, dedi o‘qituvchi.

Selektor yig‘ilishida qatnashgan o‘qituvchilardan birining aytishicha, Bosh vazir viloyatlardan o‘quvchi qabul qilgan poytaxtlik litsey-kollej direktorlarini “xiyonatkor”ga mengzagan:

“Bosh vazir agar biror bolani viloyatdan o‘qishga oladigan bo‘lsa, uni “xiyonatkor” sanab, ishdan bo‘shatish haqida topshiriq berdi”, dedi o‘qituvchi.

O‘zbekistonda 12 yillik majburiy ta’lim joriy etilgan. Shuning to‘qqiz yilini o‘quvchilar umumta’lim maktablarida qolgan uch yilini esa litsey va kasb-hunar kollejlarida o‘qiydi.

Biroq kollejlarni tugatgan o‘quvchilarga O‘zbekistonda ish topish muammo hisoblanadi. Shuning uchun, ularning aksariyati Rossiya va Qozog‘iston singari MDH davlatlariga mehnat muhojiri bo‘lib ketmoqdalar.

XS
SM
MD
LG