Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 14:08

O‘zbekistonlik taniqli san’atkorlar Ahmadboydan birin-ketin yuz o‘girmoqda


Qo‘shiqchi Munisa Rizaeva chinozlik tadbirkorni umuman tanimasligini yozdi.
Qo‘shiqchi Munisa Rizaeva chinozlik tadbirkorni umuman tanimasligini yozdi.

O‘zbekistonlik taniqli san’atkorlar chinozlik tadbirkor Ahmad Tursunboevga foiz evaziga yirik miqdorda pul berganliklari to‘g‘risidagi xabarlarni birin-ketin rad etishmoqda. Ayni paytda Ahmadboy Tursunovga pul va boshqa moddiy boyliklarni foiz evaziga bergan mijozlar ustidan tekshiruv ishlari davom etmoqda. Xalq orasida "Ahmadboy" nomi bilan tanilgan tadbirkor moliyaviy qalloblikda ayblanib, may oyida hibsga olingandi.

Ahmad Tursunov mijozlari orasida sahna yulduzlari ham borligi haqida Ozodlikning O‘zbekiston huquq-tartibot idorasidagi manbasi bildirdi.

Ayni paytda san’atkorlardan ba’zilari ijtimoiy tarmoqlar vositasida Ahmadboyni tanimaganligi va O‘zTV yolg‘on gapirdi, deyishga jur’at topishdi.

Taniqli san’atkorlardan biri – Munisa Rizaeva o‘zining Instagramdagi sahifasida Ahmadboy degan odam borligini birinchi marta eshitib turganini yozdi.

Men bunday odam borligini endi eshitib turibman! Men hech kimga hech qanaqa pul,ayniqsa, foizga, menga ikki baravar qaytarishlari uchun bermaganman!”, deb rus tilida yozgan Munisa Rizaeva.

Qo‘shiqchining ma’muri Dilmurod Ozodlik savollariga javoban Rizaevaning Instagramdagi gaplarini yana takrorladi.

O‘zbekiston telekanallari orqali ko‘rsatilgan "Ahmad vasvasasi" ko‘rsatuvida O‘zbekiston Xalq artisti Sherali Jo‘raev va taniqli qiziqchi Mirzabek Xolmedov nomlari ham tilga olingan edi.

“Ahmad vasvasasi” nomli ko‘rsatuvda Ahmad Tursunboevga oid shirkat huquqshunosi Oybek Isoqov “Sherali Jo‘raev va Mirzabek Xolmedov doxil o‘nlab sahna yulduzlari Ahmadboy abonenti bo‘lganini aytadi.

"Ahmad vasvasasi" moliyaviy piramida yasaganlikda ayblanayotgan 39 yashar chinozlik tadbirkor Ahmad Tursunboevning “kirdikorlarini fosh etuvchi” ikkinchi ko‘rsatuvdir.

"Onam nomi bilan qasam ichaman Ahmadboyni tanimayman"

“Ahmad vasvasasi” ko‘rsatuvida Ahmadboyga oid shirkat xavfsizligini ta’minlagan sobiq milisa xodimi Tohir Mustafoqulov “Onamni o‘rtaga qo‘yib qasam ichaman¸ Ahmadni tanimaganman” deydi.

Tohir Mustafoqulov bu gapi bilan, ta’bir joyiz bo‘lsa, “Ahmaddan yuz o‘girish” marafonini boshlab berdi.

Ahmadboy “ot ustida” bo‘lganida unga atab qasida yozgan shoirlar endi “Ahmadboyga la’nat”, deya she’rlar yoza boshlagan.

“Ahmadboy vasvasasi” ko‘rsatuvi ortidan Ahmadboyga pul berganlarning “ro‘yxati” o‘zbeklar faol bo‘lgan ijtimoiy tarmoqlarga ham sizdirildi.

Rasmiylar tasdiqlamagan va tarmoqda “Ahmadboy daftaridan olingan” deya iddao qilingan qo‘shiqchilar bilan Ozodlik birma-bir gaplashishga urinib ko‘rdi.

Ozodlik suhbatlashishga muvaffaq bo‘lgan “ro‘yxat”dagi qo‘shiqchilarning barchasi chinozlik tadbirkorga pul berganini birin-ketin rad qildi.

O‘zbekistonda Xizmat ko‘rsatgan artist¸ O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasining a’zosi Ra’no Yarasheva "Ahmadboy degan kishini hech qachon tanimaganman va u bilan oldi-berdim yo‘q," dedi.

“Ahmadboyga pul berdi”, deya iddao qilinayotgan, komediya filmlar orqali tanilgan Zuhra Solieva ham “Ahmad degan kimsani" tanimasligini aytdi.

"Qonun nomi bilan savolga javob bering"

Ayni kunlarda Ahmad Tursunboevga pul va boshqa moddiy boyliklarni foiz evaziga bergan mijozlar ustidan tekshiruv ishlari boshlangan.

Ozodlikning O‘zbekiston huquq-tartibot idoralaridagi manbasi tekshirilayotganlar orasida "sahna yulduzlari ham" borligini bildirdi.

Shuningdek, Rossiyaning Sputnik nashri ham, o‘z manbalariga tayanib, “O‘zbekistondagi estrada va kino yulduzlari 100 ming dollargacha mablag‘ini va hatto, qo‘sha-qo‘sha qimmatbaho mashinalarini "uddaburon" firibgar qo‘liga tutqazishgani” haqida ëzdi.

Ahmadboyga yaqin bo‘lgan chinozlik manbaning Ozodlikka aytishicha, o‘nga yaqin estrada va kino yulduzlari Ahmadboyga naqd pul va avtomobillar bergan.

Ular orasida "eng kuyganlardan biri" sifatida taniqli qo‘shiqchi Ravshan Komilov nomi zikr etiladi.

Bu iddaoni bir - biridan mustaqil bir necha manbalar ilgari surdi:

"Ahmadboy minib yurgan krutoy mashinani toshkentlik taniqli qiziqchi Mirza bergan edi. Qo‘shiqchi Ravshan Komilov va o‘g‘li ham Ahmad akaning klienti edi. Ravshan akaning o‘g‘li Ahmadboyga o‘ndan ortiq "Matiz" bergan"¸ deya iddao qildi manbalardan biri.

O‘zini Diyor deb tanishtirgan Ravshan Komilovning ma’muri mazkur iddaolarni rad qildi:

"Ravshan aka va uning o‘g‘li Ahmadboyga pul bermagan. "Matiz" berdi, deyishyapti. Ravshan akada "Matiz" yo‘q-ku! Gapning qisqasi, Ahmadboyga pul ham, mashina ham berilmagan. Bu gapimni sizga Ravshan aka nomidan aytayapman. Bemalol e’lon qilavering¸" dedi Ravshan Komilovning ma’muri.

Ayni paytda Komilovga yaqin bo‘lgan sozandalardan biri Ozodlik muxbiri bilan suhbatda taniqli xonanda o‘z obro‘sini saqlash uchun "Ahmadboyga bergan pul va mashinalardan voz kechishga qaror" qilganini aytdi.

O‘zbekistonlik xonandalardan boshqa biri Ahmadboyning shou-biznesdagi mijozlari boshdan kechayotgan muammolarni Ozodlikka so‘zlab berdi.

Ismi sir qolishni so‘ragan suhbatdoshga ko‘ra¸ prezident qo‘lini siqqan taniqli xonandalar va kino artistlari “Ahmadboy mijozi sifatida kontoraga chaqirilgan”.

Ozodlik o‘z surishtiruvi davomida sahna yulduzlarining “Ahmadboy bilan hamkorligi” yuzasidan MXXning shou-biznes va ommaviy tadbirlarini nazorat qilish boshqarmasi shug‘ullanayotganini aniqladi.

Ozodlik manbasining iddao qilishicha¸ MXXning ushbu boshqarmasi vakili Turkiston konsert zalidagi xonalardan birida “Artistlarni taftish qilmoqda”.

"MXXning Turkiston saroyida o‘tirgan hodimi qo‘shiqchilarga “Shuncha xorijiy valyutani qanday qilib topdingiz? Nega soliq to‘lamadingiz? Ahmadboy moliyaviy firibgarligida sherik bo‘lganmisiz?” degan savollarni berib, estrada yulduzlarning duxini sindirayapti"¸ deydi manba.

Unga ko‘ra¸ ko‘pchilik artistlar bergan pulidan kechishga ham tayyor.

"Ammo puldan kechishning ham iloji yo‘q. Ahmadboyning kirim-chiqim daftari organlar qo‘lida. Artistlar pul bermadim desa¸ yolg‘on ma’lumot bergani uchun jazolanadi," dedi u.

Seshanba kuni Ozodlik Sherali Jo‘raevga yaqinligini aytgan konsert ma’muri bilan suhbatlashdi.

Sherali Jo‘raevning moliyaviy piramida qurishda ayblanayotgan Ahmadboyga pul berganini inkor qilgan ushbu ma’mur bu xabarlardan shu kunlarda chet el kurortlaridan birida orom olayotgan hofizning tinchi buzilayotganini ilova qildi.

Avvalroq O‘zbekistonlik taniqli so‘z ustasi Obid Asomov ham o‘zining Instagramdagi sahifasida, go‘yoki, Ahmadboyga pul berganiga oid iddaolarni rad etgan edi:

"... Firibgar ushlanibdi, jinoyati fosh bo‘libdi, jazo olishi muqarrar lekin... Biz san’atkorlar nima qilib yuribmiz? Tushunmagan tomoshabin bizniyam hamtovoqqa chiqarib qo‘yyapti! Aybimiz to‘yda xizmat qilganimizmi? Shaxsan men hech narsani u yigitga topshirganim yo‘q!! Va nihoyat tv xodimlariga alohida rahmat besh yil tv dan chiqmaganimni hissasini chiqarishdi to‘rrta kanalda ketma ket ko‘rindim!! Ramazon muborak!!!!!!!!!" deya sharh qoldirgan O‘zbekistonda Xizmat ko‘rsatgan artist, taniqli so‘z ustasi Obid Asomov.

Tragediyaning komediyaga aylanishi

Qiziqchi Obid Asomovni jiddiy e’tiroziga sabab bo‘lgan “Ahmadboy vasvasasi” boshqa bir qiziqchi Zokir Ochildiev uchun ilhom manbaiga aylandi.

Ochildiev “Eridan to‘qqiz yosh kichik bo‘lgan ayollar Ahmadga "Kaptiva" berayotgani haqida qo‘shiq kuylab¸ qo‘shiqqa ko‘chgan "Ahmadboy" mavzusida yangi sahifa ochdi.

Qo‘shiq so‘ngida Zokir Ochildiev “Erishgan narsamizga shukur qilaylik,” deya shukronalikka chaqiradi.

Bu nasihat kimlarga qaratilgani aniq emas.

XS
SM
MD
LG