Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:10

O‘zbekistonda hali e’lon qilinmagan test natijalari pullanmoqda


O‘zbekistonda yuz minglab abiturientlar imtihon natijalarini intiqib kutayotgan bir paytda ijtimoiy tarmoqlarda hali e’lon etilmagan test javoblarini muayyan to‘lov evaziga bilib berishni taklif etuvchilar ko‘paydi. O‘zbekiston Davlat test markazidagilar esa hali test natijalari e’lon qilinmagani, natijalar faqat va faqat DTM rasmiy sayti — dtm.uzda e’lon qilinishini aytib, abiturientlarga firibgarlarning yolg‘on va’dalariga ishonmaslikni tavsiya etishmoqda.

O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarining natijalari har yili avgust oyi o‘rtalarida e’lon qilinadi.

Lekin, bu yil, hozircha, test natijalaridan darak yo‘q.

Bu esa ijtimoiy tarmoqlarda test natijalarini bilib berishni va’da qilayotgan firibgarlarning ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda.

16 avgust kuni Telegram tarmog‘ida test natijalari chiqqani, buni bilish uchun ko‘rsatilgan raqamlarga DTM qog‘ozidagi kodni terib SMS yuborish kerakligi haqidagi xabar yashin tezligida tarqaldi.

Biroq, foydalanuvchilar bu firibgarlarning ishi bo‘lib, raqamni tersangiz, hisobingizdan pul ketib qolayotganini aytishmoqda.

O‘zbekiston Davlat test markazidagilar esa hali test natijalari e’lon qilinmagani, natijalar faqat va faqat DTM rasmiy sayti — dtm.uzda e’lon qilinishini aytishmoqda.

- Javob hali yo‘q, saytimizni kuzatib boring, yaqin fursatda e’lon qilinadi. Faqat, DTM saytida e’lon qilinadi bu, boshqa saytda emas, - deya gapni qisqa qildi o‘zbekiston Davlat test markazining Ozodlik bog‘langan mulozimi.

Lekin, so‘nggi kunlarda O‘zbekiston Davlat test markazi saytiga kirib bo‘lmayapti.

So‘nggi bir kun ichida haddan ziyod odam test natijalarini bilish uchun O‘zbekiston Davlat test markazi saytiga kirishga uringan.

- Mana shu mavsumda saytga juda katta nagruzka bo‘ladi. Tasavvur qiling, yarim milliondan ortiq odam test topshirgan, shular javoblarni bilish uchun bir vaqtning o‘zida saytga kirishga urinadi. Shuning uchun, saytga kirib bo‘lmasa, test natijalarini uyali telefon orqali yoki Click tizimi orqali bilsa bo‘ladi, - dedi DTM xodimi.

O‘zbekistonda onlayn plastik kartochkalariga ulangan Click xizmati orqali test natijalarini bilish esa 1500 so‘m turadi.

- 1500 so‘m. Plastik kartochkangizdan shu pul oldindan yechib olinadi. Pul hozir to‘lab qo‘yilsa ham bo‘ladi. Imtihon natijalari Davlat Test markazidan olingandan so‘ng avtomatik ravishda SMS orqali yuboriladi. Abiturient “DTM 2016” bo‘limiga kirib o‘zini raqamini kiritishi kerak bo‘ladi, - dedi Click xizmati mulozimi.

O‘zbekistondagi UCell uyali telefon shirkati esa o‘z abonentlariga 5100 raqamiga javoblar varaqasi raqamini SMS-xabar shaklida jo‘natish orqali test natijalarini yuborishni va’da qilmoqda.

- 75 sent bu, 75 sent olinadi. 5100 ga javob varaqangizni kiritasiz. To‘plagan ballingiz keladi, - dedi Ucell xodimi.

Test natijalarini Telegram ilova-dasturi yordamida kontaktlar ilovasiga “@DTMbot” yoki “@DTMrobot”ni qo‘shish orqali bilib olish mumkin.

Bu bepul turadi. Lekin, uyali telefoningizda Telegram ilova-dasturi bo‘lishi kerak.

Davlat test markazi ma’lumotiga ko‘ra, 2016 yilda O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshirgan abiturientlar soni 663 mingdan ortdi.

Oliy o‘quv yurtlariga bir o‘ringa 11 nafar abiturient da’vogarlik qilayotir.

XS
SM
MD
LG