Линклар

Шошилинч хабар
24 январ 2021, Тошкент вақти: 18:27

Muhammad Solih: "Kiril - ishg‘olchi imperiya timsoli"


Shu hafta boshida, Karimov davrida joriy qilingan lotin alifbosini bekor qilib, kiril yozuviga qaytish tarafdori bo‘lgan bir guruh faollar O‘zbekiston bosh vaziri virtual qabulxonasiga maktub yo‘lladi.

Ulardan biri, filologiya o‘qituvchisi No‘’monjon Qosimov Ozodlik muxbiri bilan yozishib¸ "lotin yozuviga o‘tish boshidanoq noto‘g‘ri bo‘lgan", deya o‘z fikrlarini bayon qildi:

“Lotin yozuviga o‘tish boshidanoq noto‘g‘ri bo‘lgan va butun bir avlod savodsizligiga sabab bo‘lgan siyosiy xatodir. Bu xatoni tuzatish uchun biz bir guruh faollar bosh vazirning virtual qabulxonasiga maktub yozdik. Saylovdan keyin bizning istagimiz ijobat bo‘ladi, degan umiddamiz.Butun bir avlod savodsizga aylanib qolmasligi va kirilchada yozilgan kitoblar zoe bo‘lmasligi hamda kirilcha yozadigan ilm ahlini arosatdan qutqarish uchun harakat qilyapmiz,” dedi No‘’monjon Qosimov.

Bu asnoda lotin yozuvi masalasi siyosiy partiyalarning saylovoldi dasturiga ko‘chdi.

"Milliy tiklanish" partiyasidan prezidentlikka nomzod Sarvar Otamuratov¸ agar saylansam, “lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tishni to‘liq yakuniga yetkazaman”, deya joriy haftada baënot berdi.

Taniqli yozuvchi 1991 yildan 1998 yilga qadar O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi bo‘lgan va lotin yozuviga o‘tish jarayonini ichdan bilgan Murod Muhammad Do‘st o‘zining fasebook sahifasida lotin yozuvini mukammalashtirish zaruratini ochiqladi:

“Lotincha yozuvga haligacha o‘tmadik, deya xafa bo‘layotgan birodarlarimiz juda ko‘p. Lekin bizga hadya etilmish lotinchaga to‘liq o‘tishdan oldin uni jiddiy isloh qilish kerak ekanini kam gapiryapmiz. Men aqli oshib-toshib ketgan tilshunos olim emasman, lekin bugungi lotincha yozuvimiz o‘ta g‘aliz va zo‘raki ekaniga fahmim etadi. Turli apostroflar, "iks"lar, "sh" va "sh"larga to‘la grafikada yozish tugul, o‘qish ham malol keladi. Turklarga qasdma-qasd alifboda ham "o‘z yo‘limiz" va "o‘zbekcha modelimiz"ni qo‘llash shart emasdi. "Buyuk kelajak"ni oshiqcha entikib kutish asnosida mukammalroq yozuv haqida jiddiyroq o‘ylasak bo‘larmidi,” deb yozdi Murod Muhammad Do‘st.

Ozodlik bilan maktublashgan yozuvchi o‘zining tilshunos olim emasligini eslatgan holda bu muammoga jamoatchilik e’tiborini qaratish niyati borligini bildirdi:

"Maqsad - odamlarning fikrini bilish. Balki tuzukroq takliflarni jamlash imkoni bo‘lar, degan umidim bor. Muhokama asnosida kirilparastlar juda ko‘p ekani bilinyapti. Lotinchani mukammalroq qilish kerak. Kirilni biz o‘zimiz bilan olib ketamiz. Umuman, yangi grafika millatning o‘zini taniy boshlagani oqibatida yuzaga keldi¸" deb yozdi taniqli yozuvchi.

Murod Muhammad Do‘st ta’kidlagan muammolarni o‘zbekistonlik blogger Sanjar Said bir maktubga jamlab, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinovga yo‘lladi. Ochiq maktubda “lotin yozuvini bir yoqlik qilish” masalasi ko‘ndalang qo‘yilgan:

“Xabaringiz bor, 1993 yil 2 sentabrida "Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilingan edi. Vazirlar Kengashining shu kuni qabul qilingan qarorida esa 2010 yilning 1 sentabridan yangi alifboga to‘liq o‘tilishi belgilandi. Oradan olti yil o‘tdiki, jiddiy o‘zgarish yo‘q, hali hech kim, yurak yutib, ushbu masalani yuqori doiralarga olib chiqmadi. Qo‘lingizdan kelsa, ushbu masalani bir yoqli qilish bo‘yicha aniq takliflarni kerakli joylarga ko‘tarib chiqsangiz,” deyiladi maktubda.

Blogger Sanjar Said maktubining ikkinchi qismi zamonaviy axborot texnologiyalarining rivojlanishi lotin alifbosiga asoslangan o‘zbek tilida ko‘plab o‘zgarishlar, yangilanishlarni amalga oshirish ehtiyojini paydo qilganiga e’tibor qaratadi:

“Oddiy misol, bugun elektron OAVda lotin alifbosidagi so‘zlarni kirilcha bilan bog‘laydigan " ‘ " belgisi qo‘llaniladi. Qonun-qoidalarda esa u mavjud emas. Shuningdek, ikki harfdan iborat sh, ch, o’, g’ kabilar ham boshga bitgan balo bo‘layapti. Yosh avlodni ular o‘rniga w, 4, 6 kabi qisqartmalardan foydalanayotganidan nolib, ularni chalasavodlikda ayblaymizu, aslida bunga lotin alifbosiga asoslangan o‘zbek tilini tuzib chiqqan professoru mutaxassislar bosh aybdor ekanini inobatga olmaymiz. Xalq har doim o‘ziga qulay, oson yo‘ldan boradi. Bitta tovush uchun ikki harfni terish gohida tuppa-tuzuk ziyolilarga ham malol kelib qoladi. Yoshlarga nima, birov kelib ularni jazolaydimi? Xullas, qonunga o‘zgartish kiritish kerak. Aks holda hozirgi kabi keyingi avlodlar ham chalasavod bo‘lib qolaveradi. Ularni to‘g‘ri yozishga hech qachon majburlay olmaysiz!”

21 oktabr kuni yozilgan bu maktub haqida Ozodlik muxbiri Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori yordamchisi bilan bog‘landi.

Rektor yordamchisi “bu maktubdan bexabarman” deyish bilan kifoyalandi.

O‘zbekistonda lotin yozuviga o‘tish taklifi 1991 yilda Erk demokratik partiyasi dasturidan o‘rin olgan edi. Partiya raisi Muhammad Solihning eslashicha bu tashabbusni Karimov maqullagan:

- Lotinga o‘tish taklifini 1990 yilda Karimovni shaxsan o‘ziga aytganman. Karimov avvaliga buni maqulladi, ammo men parlamentni tark qilib mamlakatdan ketganimdan keyin o‘zbek tili hususiyatlarini ifoda qilishi qiyin bo‘lgan lotin yozuvini qabul qilishdi, - deydi Muhammad Solih.

Ozodlik bilan suhbatda Muhammad Solih O‘zbekistonda joriy qilingan lotin yozuvi turkiy tilga hos singarmoniya xususiyatini inobatga olmaganligini ta’kidlaydi:

- Hech shubhasiz, singarmonizm qonuniyatiga eng uyg‘un alifbo O‘rxun yozuvlari edi, ammo bu imlo allaqachon tarixga ko‘mildi, uni qo‘llashning imkoni yo‘q, zero so‘nggi ming yil ichida turk tili fonetik va morfologik jihatdan o‘zgardi, - deydi Muhammad Solih.

Unga ko‘ra, singarmonizm Sovet davrida yanada chuqurlashdi:

- 30-yillarda bolsheviklar tarafidan yuritilgan noto‘g‘ri til siyosati - o‘zbek adabiy tilining fonetika va morfologiyasi faqat Toshkent va Farg‘ona shevalari ustiga qurilib, qolgan shevalar iste’moldan chiqarilgani va kiril alifbosiga o‘tishi - oqibatida o‘zbekchada forscha talaffuzi unsurlari kuchaya bordi va adabiy tilimiz boshqa turk qavmlarining adabiy tilidan sezilarli darajada uzoqlashdi¸ - deydi Muhammad Solih.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston hukumatining 1995-yilda tasdiqlagan "O‘zbek tili grafikasi" tilni qashshoqlashtirishga olib kelgan:

- Mana shu qashshoqlashtirish so‘zidagi "sh" harfinng ikkita ieoraglif bilan qo‘llanilishi, hukumat alifbosining, aniqrog‘i, hukumatning basharasidagi qo‘tirning o‘zginasi emasmi? - deya savol beradi Muhammad Solih.

Muhammad Solih lotin yozuviga asoslangan alifbo mukammalashtirilishi lozimligini ta’kidlaydi:

- Alifboga 1939 yilda qabul qilingan kirilcha o‘zbek alifbosiga kiritilmagan 3 ta g‘oyat muhim unli tovush harf kiritilishi lozim:

1) Bu "gözal" (go‘zal), "söz" (so‘z), "ölim" (o‘lim), "öpka" (o‘pka), "ölka" (o‘lka) so‘zlaridagi "ö" harfi. Bu aslo “ortaq” (o‘rtoq), “oquvchi” (o‘quvchi), “otirmoq” (o‘tirmoq), o‘tloq (otlaq) dagi "O” emas.

2) Ustida nuqtasiz "I" harfi: "ısm", "ısırıq", "ıstak"dagi "ı". Bu aslo iymon (iymon), musiqiy (musiqiy), haqiqiy (haqiqiy) so‘zlaridagi "İ" emas. 3) Ustida ishoratli "Ü": bu harf "üstiga üstak", "ünli", "ündoş", ‘’tüşmoq’’, "Ürganç", "üka", "taşabbüs" so‘zlaridagi "ü". Bu aslo "usta", "uçmoq", "uçqun" so‘zlaridagi "U" emas.

Kirildagi "O‘" o‘rniga "O" taklif qilinayapti. O‘z navbatıda, “O” o‘rniga ustida ishoratli Ă (ă) taklif qilinayapti.

Bugungi Alifboning Undoshlaridagi o‘zgarish taklifi:

G’ o‘rniga Ğ,

CH o‘rniga Ç,

SH o‘rniga Ş shaklini taklif qilamiz.

Alifboda 1939-yildan beri qo‘llanilib kelgan kiril alifbosidagi "tsirk" so‘zining boshida keladigan "ts" sasini beruvchi bir harfdan tashqari barcha harflar mavjud. "Ts" harfini "S" harfi bilan ham ifodalasa bo‘laveradi, biz "tsirk" deganda ruslarga o‘xshab talaffuz qilishga mahkum emasmiz. Kirilda ishlatganimiz "yo" va "ya" harfi esa ikkita ishorat "yo" va "ya" bilan yoziladi. Kirildagi "sh" harfi Turkiya turkchasidagi dumli "Ş", kiriladagi "Ch" esa turkcha "Ç " harflari bilan almashtirilishi kerak¸ deydi suhbatdosh.

Муҳаммад Солиҳ билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:14:56 0:00
Бевосита линк

XS
SM
MD
LG