Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:40

Shavkat Mirziyoev Bi-bi-si muxbiriga: "Odam urmaganman"


O‘zbekiston prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev Bi-bi-si muxbiri Pahlavon Sodiq bilan 1998 yilda bo‘lgan suhbatda go‘yoki qo‘l ostidagilarni do‘pposlagani haqida tarqalgan iddaolarni rad etgan. Bu, ehtimol, O‘zbekistonning yangi rahbari hozirga qadar matbuotga bergan yagona interv’yu bo‘lsa ajab emas, deb yozadi Pahlavon Sodiq.

Marhum prezident Islom Karimovning chorak asrlik boshqaruvi davrida bironta hukumat mulozimining o‘zicha matbuotga gapirishi, nafaqat xorijiy, xatto mahalliy jurnalistlar bilan ham muloqot qilishi udumga kirmadi. Mamlakatning ikkita sobiq bosh vaziri tarix qa’riga umrida bironta bayonot bermay, jim-jit kirib ketdi. Uchinchisi, joriy Bosh vazir va muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoevning ovozini esa, odamlar bu sukunatning me’mori Islom Karimovning janozasida eshitdi. Ammo hukumatdagi hamma ham mum tishlab olgandi, deyish adolatdan bo‘lmas. Masalan, sobiq Bosh vazir o‘rinbosari, marhum Alisher Azizxo‘jaevni istisno deb aytish mumkin edi. Tabiiy, u ham hukumat uyidan Karimovning yoniga, matbuot kotibi bo‘lib o‘tganidan keyin gapirishdan to‘xtadi. Bu Andijon voqealaridan keyin yuz berdi. O‘zining aytishicha, prezident Karimov hech qachon uni jurnalistlar yoki xorijiy radiolarga gapirgani uchun urishmagan, gapirishni taqiqlamagan ham. Demak, shaxslarga ham bog‘liq ekan. Ammo ne tongki, O‘zbekistonda ko‘pincha birinchi shaxsga bog‘liq bo‘lib kelgan. Sizning e’tiboringizga havola etilayotgan quyidagi hikoya ham birinchi shaxs, ya’ni Shavkat Mirziyoev haqida.

Bi-bi-si O‘zbek Xizmati tahririyatiga ushbu maqolani taqdim etgani uchun minnatdorchilik bildiramiz.

Shavkat Mirziyoev: "Odam urmaganman"

2000 yilning yanvarida hukumatning yil yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilishi har doimgidek, Vazirlar Mahkamasi binosida emas, balki Prezident devonining majlislar zalida o‘tkazildi. Bir yil avval xuddi shunday yig‘ilish o‘tadigan kun hukumat uyida portlashlar yuz bergan, rasmiylarga ko‘ra, Prezidentga suiqasd uyushtirilgandi. Ehtimol, xuddi shu manzaraga to‘g‘ri kelishi uchun ham boshqa binoda o‘tkazilgandir yig‘ilish. Bu yog‘i bizga qorong‘u.

Majlislar zali shinam, ayni paytda kichkinaligidan biz jurnalistlar hatto mulozimlarning yuzi qizarganigacha ko‘rib turardik.

Karimovning kayfiyati yo‘qmidi, vazirlar va hokimlarning bir chekkadan "po‘stagini qoqdi". Hatto o‘zining eng ishongan maslahatchilaridan Vyacheslav Golishevga ham tanbeh berdi. Ammo so‘z navbati Bosh vazir o‘rinbosari Rustam Azimovga kelganida, Karimovning yuzi birdan yashnab ketdi, majlislar zali ham yorishib ketgandek tuyuldi. "Yaxshiyam, oralaringda Azimov bor ekan. Hukumatda ishlaydigan bitta odam shu. Bilmadim, agar Azimov bo‘lmasa, respublikada ahvol nima bo‘lar ekan", deya so‘zni Rustam Azimovga berdi va notiqning ma’ruzasi tugagach, uni yana og‘zidan bol tomib maqtadi. Shunda yonimda o‘tirgan keksa jurnalist Vilor Niyazmetov sekin men tomonga egilib, "Rustam tamom bo‘ldi", dedi ruschalab. Vilor aka o‘z vaqtida deputat bo‘lgan, Karimov bilan yaqindan ishlagan, O‘zbekistonning "siyosiy oshxonasi"ni yaxshi biladigan odam edi. "Men nega unaqa deb o‘ylaysiz?" deb so‘radim. "Islom akaning fe’lini yaxshi bilaman, - deya davom etdi u pichirlab. Rustamni bo‘rilarning oldiga go‘sht tashlagandek tashladi. Endi uni g‘ajib tashlashadi. Agar omon chiqsa, kelajagi bor. Bo‘lmasa, bitdi..." dedi Vilor aka tagdor qilib. Hatto essiz, deya Azimovga astoydil achingandek, kallasini sarak-sarak qilib ham qo‘ydi. Gap orasida Karimovning o‘zi ham biz o‘tirgan tomonga qarab, "ana, Niyazmetovning tajribasi katta, yaxshi biladi, to‘g‘rimi, janob Niyazmetov?", deya luqma tashlab qo‘ydi.

Rustam Azimov Vilor aka aytgan "bo‘rilar"ning hujumidan omon chiqdimi, chiqmadimi, bu haqda ehtimol, hali ham xulosa chiqarishga ertadir, ammo majlisda yillar o‘tib, butun bu hujumlar-u,"gilam ostidagi" kurashlar yoki saroy o‘yinlaridan omon chiqadigan bir odam bor edi. U ham bo‘lsa, Shavkat Miromonovich...

Men bu yig‘inda Shavkat Mirziyoevni uzoqroqdan ko‘rdim. Ko‘zga tashlanib turgani uchun emas. Yo‘q. Mirziyoev jussasi kichik, qolaversa, u paytlar o‘rta bo‘g‘in amaldorlardan, mavqe’ jihatdan ham ko‘zga tashlanadigan odam emasdi. Men uni uzoqdan tanib oldim. Tanishishimiz esa, hukumatning bu majlisidan bir yarim yilcha avval, Jizzaxda yuz bergandi...

1998 yilning kech kuzida Jizzaxdan bir-biridan xavotirli xabarlar kela boshladi. Ulardan ikkitasi bevosita viloyat hokimining nomi bilan bog‘liq, hokim maktab direktori va fermerni shaxsan do‘pposlagani haqida edi. Xabarda do‘pposlanganlarning jarohatlangani va shifoxonaga tushib chiqqani aytilgandi. Ammo xabar bitta manbadan, uni tekshirish va tasdiqlash kerak edi. Men shaxsan hokimning odam urishiga ishonmaganimdan va xabarning manbasi ham zaifligidan avvaliga Jizzaxga borishga ikkilandim. Ammo so‘nggida baribir borib, xabarni tekshirishga ahd qildim. Hech qursa, qishloqdagi odamlarning muammolarini o‘rganib kelaman, degan fikrda Jizzaxga yo‘l oldim. Mavzu nozik bo‘lgani uchun Jizzaxdagi do‘stlarimga xabar bermagan, imi-jimida borib qaytaman, deb fikr qilgandim.

Noyabrning oxiri, sovuq tushgan, kunlar qisqarib qolgandi. Mening qo‘limda do‘pposlangani aytilgan forishlik maktab direktorining taxminiy manzilidan bo‘lak hech narsa yo‘q edi. Forishga yetgunimcha qosh qoraydi. Yo‘lda biz o‘tirgan mashina buzilib, boshqa yo‘lovchi mashinani tutishga to‘g‘ri keldi. Bu mashina haydovchisi ayol kishi edi. Menimcha, Forishda uni ko‘pchilik tanirdi. Mening hamrohlarim u bilan tog‘dan-bog‘dan, uloqdan-tuyoqdan gaplashib ketishdi. Men hokimdan so‘z ochmoqchi bo‘lib, bir-ikki og‘iz juftladim, ammo o‘zim va safardan maqsadimni fosh qilishdan qo‘rqqanim uchun indamay qo‘yaqoldim. Mashina almashtirganimni bir hisobda, "konspiratsiya" uchun yaxshi bo‘ldi, deb o‘yladim. Forish markazidan uncha uzoq bo‘lmagan bir erda mashinada tushib, qir yon bag‘irlab, aytilgan qishloqni topib bordim. Qishloq kichkina, unda o‘qituvchi ham ko‘p emas ekan. So‘rab-so‘rab, hokimdan kaltak yegani aytilgan o‘qituvchining uyini topib bordim. Uyda na devor, na darvoza bor edi. Hovlining o‘rtasida bir ayol bilan qizaloq o‘choqqa o‘t yoqish bilan ovora edi. Uzoqdan salom berib, o‘zimni tanishtirdim va domla bilan gaplashmoqchi ekanimni aytdim. Uyning xo‘jayini uyda yo‘q edi, uyga kirib turing, deyishdi. Men xonadonda erkak kishi yo‘qligidan hijolat qilib, ko‘chada turaqolaman, dedim. Oradan 15 daqiqa ham o‘tmadi, o‘rta yoshlardagi ziyolinamo bir kishi o‘zi qatori hamrohi bilan eshik oldida to‘xtadi. "Keling mehmon", - dedi men tomonga qarab. Men salomlashgach, o‘zimni tanishtirdim va nima uchun kelganimni ham yumshoqroq bir ohangda aytdim. Birdan u odamning yuzidagi ifoda o‘zgardi va "bo‘lmagan gap" dedi. "Sizga noto‘g‘ri yetkazishibdi...". Ammo ko‘zimga qaramasdi. Ko‘zini olib qochganida g‘ira-shirada bo‘lsa ham, yo ko‘zi yoki ko‘zining atrofi qizargandek ko‘rindi menga. Oraga jimlik cho‘kdi. Men bu haqda xabar qilish uchun kelmaganim, faqat xabarni tekshirayotganimni aytib, suhbatdoshni yana gapirtirishga harakat qildim. Ammo uy egasining suhbatlashishga hafsalasi yo‘q edi. Lekin yonidagi kishi "mehmon bo‘ling" degandek qildi. Men kech kirib qolgani, Toshkentga qaytishim kerakligini aytib, uzr so‘radim. Xayrlasharkan, xavotirga tushib qolgan o‘qituvchini tinchlantirishga harakat qildim. "Men kelganim uchun sizni bezovta qilishsa, ayting", deb telefon raqamimni qoldirmoqchi bo‘ldim. Ammo uy egasi o‘zining oldida hatto telefon raqamimni yozib berishimni ham istamayotgani ko‘rinib turar, tezroq ketishimni kutardi. Izimga qaytdim...

Yo‘l-yo‘lakay, o‘tin, tezak ortib borayotgan odamlar bilan suhbatlashdim. Gaz, suv muammolari haqida gapirishdi. Yozib oldim. Forish markaziga kelganimda, yo‘l bo‘yidagi, choyxonami, kichikroq oshxonada odamlar bilan yana ayni muammolar haqida gaplashdik. Bu yerdagilar ancha dadilroq edi. Gap orasida hokimdan kaltak yegani aytilgan o‘qituvchi va fermer haqida ham so‘radim. Biz ham eshitdik, deyishdi, ammo aniq ism-sharifi va manzilini hech kim bilmasdi. Men Toshkentdaligimda jizzaxlik jurnalist do‘stlarim yoki huquq faollari bilan bog‘lansam, ehtimol, ishim biroz engillashardi. Ammo ularning telefonlari eshitiladi va hokimning odamlari bilsa, halaqit berishlari mumkin, degan andishada bir o‘zim kirishgandim. Ustiga, safar bir kunlik va ertasi kuni muhim tadbir uchun Toshkentga etib borishim kerak edi. Yana yo‘lovchi mashinaga o‘tirib, avvaliga Jizzax shahriga yo‘l oldim.

Shahar avtobekatiga etib kelib, Toshkentga ketayotgan yo‘lovchi mashinalardan biriga o‘tirgan edimki, qo‘l telefonim jiringladi. Telefonda mening jizzaxlik do‘stim, viloyat televideniesida rais o‘rinbosari bo‘lib ishlayotgan kursdoshimning ovozi yangradi. "Ha jo‘ra, bizga aytmasdan kelib-ketadigan bo‘psanmi Jizzaxga?" dedi do‘stim mendan gina qilib. Men xizmat safari bilan shoshilinch kelganim, shaharga kirmay qaytayotganimni aytib, uzr so‘radim. Do‘stim "bilamiz, hammasidan xabarimiz bor, sen qaytishga shoshmay tur, ko‘rishamiz", dedi. Men hayron qoldim. Toshkentdan turib bu haqda hech kim bilan xatto telefonda ham gaplashmagan, Forishga borib-qaytguncha ortimdan birov kuzatganini ham sezmagandim. U payt hali mobil telefonlari ham ommalashmagan, bugungidek, odamning qaerdaligini bilib olish unchalik osonmas edi. Ammo anglashilgani-mening har bir qadamimni kuzatishgan, kerakli idoralar safardan xabar topgan edi. Men do‘stimning nimaning harakatida ekanini chamalagan holda, "do‘stim, men xizmat safari bilan keldim, choyni boshqa payt ichamiz, bu safar ko‘risholmayman", dedim. U bo‘lsa, to‘g‘ri mavzuga o‘tdi. "Menga qara jo‘ra, - dedi chapani ohangda. Senlar aytasan-ku, hamma tomonning fikrini eshitamiz, deb. Hokim urdi, deganlarni eshitgan bo‘lsang, endi hokimning o‘zini ham eshit-da". Do‘stim meni jon joyimdan ushlagandi. Ikkinchi tomonning fikrini eshitish taklifi menga ma’qul edi. Hatto xabar tasdiqlanmagan bo‘lsa ham, men hokimning o‘zidan bu haqda so‘rab olishim mumkin edi. "Shavkat aka seni kabinetda kutib o‘tiribdilar, biz 10 daqiqada etib boramiz" dedi do‘stim va telefonni qo‘ydi. Oradan 10 daqiqa ham o‘tmay, u xizmat mashinasida darvishlarga o‘xshab uzun soch qo‘ygan bir kishi bilan etib keldi. Keyin bilsam, bu odam do‘stimning boshlig‘i, Jizzax TV sining rahbari, yozuvchi Turob Maqsud ekan. Biz Turob aka bilan yaqindan tanishishga ham ulgurmay, bir zumda viloyat hokimiyati binosiga yetib bordik. Bu payt soat kechki 10 larga yaqinlashib qolgan, binoda 2-3 kishidan boshqa odam yo‘q edi. Bizga hokimning yordamchisi peshvoz chiqdi va hokimning kabinetiga taklif qildi. Endi kirib o‘tirgandik, eshikdan jussasi kichikkina, kalta qora palto kiygan, oyog‘ida yo qishki tufli yoki etik kiygan o‘rta yoshlardagi hokim kirib keldi. U menga xuddi to‘g‘ri daladan kelayotgandek tuyuldi. "Keling, xush kelibsiz Jizzaxga, o‘tiring", dedi Mirziyoev. Men "rahmat, xush keldimmi, xush kelmadimmi, ammo kelganimni hech kimga aytganim yo‘q edi", - dedim, qaerdan bilaqoldilaring, degandek. "Xabarim bor, - dedi Mirziyoev. Sizni eshitaman". Men ham to‘g‘ri maqsadga o‘tdim. Ortiq Forishga borganimni, odamlar bilan uchrashganimni yashirib o‘tirishdan ma’ni yo‘q edi. "Paxta kampaniyasi mahali bir o‘qituvchi va yana bir fermerni urganingiz haqida ma’lumot bor. Shuni tekshirayapmiz", - dedim. "Xo‘sh, borib gaplashibsiz, tasdiqlandimi?" deb so‘radi hokim. Men "tasdiqlanmadi, ammo odamlar qo‘rqitilgandek tuyuldi menga", - dedim umumiyroq qilib. "Hech kim qo‘rqitmagan. Men hech kimni do‘pposlamaganman aslida. Bu gaplarning hammasi ig‘vo", - dedi Mirziyoev. Uning ohangi ancha qat’iylashgandi. "Unda bu gaplar qaerdan chiqadi? Shamol bo‘lmasa, daraxtning uchi qimirlamaydi", - dedim men ham. "Siz Jizzaxni bilmaysiz uka, - deya yozg‘irgan ohangda so‘zini davom ettirdi Shavkat Miromonovich. Bu gaplarning ortida Jizzaxning oldingi hokimi turibdi. Hammasini o‘shaning odamlari tarqatgan". Men "nima uchun bunaqa gaplarni tarqatsin, hokimlikdan ketgan bo‘lsa", -dedim o‘zimni go‘llikka solib. "Hamma gap shunda-da, - deya tushuntira ketdi u, o‘zi ketgan bo‘lsa ham, odamlari ishlayapti, hamma erda quloqlari bor, ularning ham ishdan ketib qolishini istamaydi. Manfaatdor. Men bo‘lsam, hammadan ish talab qilayapman. Yoqmaydi, albatta. Chunki avvalgi rahbarning davrida ishlamay, tishlab o‘rganib qolgan hammasi", - dedi u.

Shundan so‘ng Jizzaxning o‘ziga xos sharoitlari, jumladan, viloyat azal-azaldan dotatsiyada ekani, uni davlatga foyda keltiradigan, hech qursa, o‘z-o‘zini ta’minlaydigan mintaqaga aylantirish kerakligi, cho‘l hududida paxta yetishtirishning mashaqqatlari, ishchi kuchi, mehnat zahiralarining yetishmasligi haqida so‘zladi. Men maktab o‘quvchilarining chopiq, paxta terimiga jalb etilishi haqida ham so‘radim. U buni rad etdi. "Yaqinda boshqa viloyatlardan hasharchilarga ham hojat qolmaydi. Qishloq xo‘jalik texnikasini qayta tiklayapmiz", - dedi. Men yana maqsadga qaytib, "o‘qituvchi yo fermerni urmagan bo‘lsangiz, qo‘l ostingizdagi odamlardan birontasini urgan chiqarsiz", dedim. U "hech qachon, hech kimni urmaganman", dedi qat’iy ohangda. "Xoh ishoning, xoh ishonmang, hayotimda birovni urmaganman". Men Jizzaxga kelishdan oldin Mirziyoev haqida biroz ma’lumot to‘plashga harakat qilgan, shu orada uning, adashmasam, Boks Federatsiyasining a’zosi ekanini aniqlagandim. "Unda Boks Federatsiyasida nima qilib yuribsiz?" dedim. Mirziyoev kuldi va "nima, boksni yaxshi ko‘rsa, albatta birovni uradi degani bo‘ladimi?" dedi. "Kim sizga xarakteristika bera oladi?" deb so‘radim. "Kim bersin, Jizzaxda xohlagan odamingiz bilan borib gaplashishingiz mumkin, - dedi u va shu zahotiyoq, xohlasangiz, maktabda menga rus tilidan dars bergan o‘qituvchim bilan gaplashing", - dedi. Hayoliga kelgan fikrdan o‘zi ham xursand bo‘lib ketgandek tuyuldi menga. Men mayli, deb, adashmasam, ism-sharifidan rus yoki tatar millatiga mansubligi anglashilgan o‘qituvchining telefon raqamini daftarchamga yozib oldim. Telefon qilish niyatim yo‘qligini o‘sha ondayoq anglagandim. Chunki albattaki, senga telefon bo‘ladi, deb oldindan ogohlantirib qo‘yilardi. Bechora nafaqaxo‘r o‘qituvchi, hokim o‘quvchisini maqtamay, nima qilsin. Erinmay, yozib olishimning sababi, hali bu mavzuni o‘rganish niyatidan voz kechmaganimni ko‘rsatib qo‘yish edi. Shu bilan urgan-urmagan mavzusiga uch nuqta qo‘yib, mavzuni hokimiyat va mahalliy guruhlarga burdim. O‘sha payt O‘zbekistonning amalda ikkinchi rahbari hisoblangan Bosh vazir o‘rinbosari Ismoil Jo‘rabekov yangi ishdan olingandi. Respublikadagi kadrlar, jumladan, viloyatlarning rahbarlari orasida Jo‘rabekovning odamlari ko‘p, deb ishonilardi. Men Mirziyoevdan "siz kimning odamisiz, Jo‘rabekovningmi, Karimovningmi?" deb so‘radim. U bo‘lsa, "viloyat hokimini kim tayinlaydi?" deya savolimga savol bilan javob qaytardi. "Rasman Prezident", - dedim men. "Prezident bo‘lsa, demak, meni ham Prezident tayinlagan", dedi u. Ammo tabiiyki, klanlar, hokimiyat ichidagi guruhlar haqida gapirishni istamadi. Suhbatimiz ikki soatdan ko‘proq davom etdi va to‘g‘risi, Mirziyoev menda siyosiy ambitsiyasi bor, yuksaklarga ko‘z tikkan odamdek taassurot qoldirmadi. Qaytaga, hokimlik lavozimidan mamnun, bu lavozimni yo‘qotib qo‘ymaslik uchun astoydil tirishayotgan odamdek ko‘rindi. Ehtimol, adashgandirman. Ehtimol, Mirziyoev siyosiy ambitsiyalarini yaxshilab yashirgan, shuning uchun ham hokimiyatda yashab qolgandir. Ehtimol, jizzaxlik huquq faollari va mustaqil jurnalistlar aytganidek, faqat siyosiy intilishlari emas, balki bu intilishlar yo‘lida to‘g‘anoq bo‘lishi mumkin bo‘lgan boshqa narsalarni ham ustalik bilan yashirishga muvaffaq bo‘lgandir. Men uning odam urgani haqidagi xabarlarni keyin ham tekshirishda davom etdim. Bu bilan mahalliy faollar ham shug‘ullanishdi. Ammo biz "Mirziyoev meni do‘pposladi" deya da’vo qilgan odamni topmadik. Oradan ko‘p o‘tmay, Mirziyoev Samarqandga hokim etib tayinlandi va Samarqanddan bunga o‘xshash xabarlar olganimiz yo‘q. Ammo 2003 yilda, Mirziyoev Bosh vazir etib tayinlanganidan keyin hokimlarning qo‘l ostidagilar va fermerlarni do‘pposlashi butun mamlakat bo‘ylab epidemiya singari yoyildi. Menda buni Mirziyoev sanktsiyalagan, deyishga asos bo‘ladigan dalil yo‘q. Ammo bu kabi tajriba na Bosh vazir va na Prezidentda e’tiroz uyg‘otmagani rost. Hozirda ham Bosh vazir va ham amalda Prezident bo‘lgan Shavkat Mirziyoev boshqaruvda islohotlar qilishning zarurligini ta’kidlayotgan ekan, bu kabi tajribaga ham barham beriladi, deb faqat umid qilish mumkin.

(Pahlavon Sodiq, Bi-bi-si, London)

XS
SM
MD
LG