Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:37

Rustam Azimov plastik karta “obnalini” yo‘q qilmoqchi


Plastik kartaga sotilaëtgan mollarga naqd pulda sotilganidan ko‘proq narx qo‘yilgani bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Rustam Azimov respublikadagi barcha rahbarlarga hukumat telegrammasi yubordi.

22 noyabr sanasi bilan yuborilgan 265-raqamli hukumat telegrammasida plastik kartadagi pullarni ustama berib naqd pulga almashtirish va mollarni plastik kartaga sotayotganda qimmat narx belgilash kabi holatlarga barham berish talab qilinadi.

Ozodlik tasarrufida nusxasi mavjud bo‘lgan bu telegrammada “Plastik kartani to‘lov uchun qabul qilishdan bosh tortgan” xodimlar va “Plastik karta orqali hisob-kitob qilishda naqd pulga nisbatan 20-25 foizga qimmat haq talab qilayotgan” shaxslar jazolanishi aytiladi.

Telegrammada plastik karta “obnali” bilan shug‘ullanayotgan va plastik kartaga sotiladigan molga qimmat narx qo‘ygan xo‘jalik sub’ektlari tekshirilib “prokuratura idoralariga taqdim qilinishi” talab qilinadi.

Bosh vazir o‘rinbosari Rustam Azimov imzo chekkan bu hujjatda plastik karta “obnali” bilan bog‘liq “salbiy holatlar” yuz bergan hududdagi “rahbarlar shaxsan javobgarlikka tortilishi” ta’kidlangan.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha respublikada plastik karta “obnali” bilan bog‘liq vaziyatni o‘nglash maqsadida Bosh vazir o‘rinbosari huzurida Yig‘ma axborot-tahlil departamenti ish boshlagan.

Departamentdagi Ozodlik manbasining aytishicha¸ viloyat¸ shahar va tuman hokimlari har kuni kechki 8 gacha plastik karta “obnalini” yo‘q qilish borasida qilgan ishlari haqida batafsil axborot bermoqda:

- Har bir rahbar o‘z hududida plastik kartadagi pullarni ustama evaziga naqd pulga almashtirayotgan va plastik kartochkaga sotilayotgan mol va hizmatlarga qimmat narx qo‘ygan shaxslarga ko‘rilgan choralar haqida ma’lumot taqdim qilmoqda¸ deydi manba.

Ozodlik Farg‘ona viloyat hokimligidagi mulozim bilan gaplashish asnosida “Plastik kartani to‘lov uchun qabul qilishdan bosh tortgan” xodimlarni fosh qilish kampaniyasi boshlanganini aniqladi.

Ismi sir qolishini istagan mulozimning aytishicha¸ Bosh vazir o‘rinbosari departamenti mulozimlari “ko‘proq fosh qilish bo‘yicha bosim o‘tkazmoqda”

- Telegramma 23 da qo‘limizga tegdi. Biz o‘nga yaqin obnal fakti aniqlandi deb hisobot bersak¸ nega kam¸ falon tuman 30 ta fakt berdi demoqda. Bu ishdan mavsumiy ho‘ja ko‘rsinlik hidi kelyapti¸ deydi mulozim.

Ozodlik suhbatlashgan toshkentlik xaridor esa plastikka obnal shu kunlarda 30 foizga chiqqanligini aytadi:

- Kichikroq tovarlar narxi 2 hil, katta hajmli tovarlarnikini 3 xilda. Masalan shakar naqd pulga 3600 bo‘lsa, plastikka 4500. Pul o‘tkazish yo‘li bilan olsa bo‘ladigan sovutgich¸ changyutgich¸ kompyuter, elektr plita kabi buyumlar esa 3 turdagi narx belgilangan. Bu narsa bugun juma kuni ham o‘zgarmasdan turibdi¸ deydi suhbatdosh.

O‘zbekiston qachon plastikistonga aylandi

O‘zbekistonda plastik kartalar muomalaga kiritilganidan beri boshlangan muammolar silsilasini bitta hukumat telegrammasi bilan hal qilishning murakkabligi aytiladi.

O‘zbekistonda milliy to‘lov tizimini plastik kartalarga o‘tkazish keng ko‘lamda 2004 yilda boshlandi.

Hukumat bu bilan 1996 yili O‘zbekiston banklarida joriy qilingan plastik kartalarga yashil chiroq yoqilishiga tashabbus ko‘rsatdi.

Savdo shohobchalarida plastik karta qabul qiladigan terminallarning mavjud bo‘lishini talab qiladigan Moliya vazirligi ro‘yxatining paydo bo‘lishi ham shu tashabus ijobini ta’minlashni maqsad qildi.

Chipta sotadigan kassalar¸ emakxona¸ restoran¸ mehmonxona va aptekalarda terminallar bo‘lishi majburiyatga aylantirildi.

Plastik kartani to‘lov sifatida qabul qilmaydigan sub’ektlarga nisbatan 200 minimal oylik jazo belgilandi.

Ammo shunga qaramasdan respublikadagi ulgurji bozorlar faqat naqd pul bilan savdo qilishda davom etayotgani kuzatiladi.

Ozodlik tinglovchilari Jizzax viloyatining Do‘stlik, Mirzacho‘l, Arnasoy tumanlarida plastik kartochkaga O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan unni sotib olishning imkoni yo‘qligini aytishadi.

Mavjud ahvolning tuzalishiga ishonmagan Toshkent tadbirkorlari bozorlarda terminal orqali sotib olinayotgan tovarga qo‘yilayotgan ustamani 25 foizdan oshirishga majbur bo‘layotgani va mijozlarni yo‘qotayotganidan arz qilmoqda.

Poytaxtda savdo qilayotgan bozorchilar buni naqd pulning taqchilligi va terminal orqali savdo qilayotgan nuqtalarning kamligi bilan izohlamoqda.

XS
SM
MD
LG