Britaniyada 2005 yildan beri istiqomat qilayotgan 68 yashar o‘zbekistonlik tuproqshunos olim Ahmad hoji Xorazmiy (Ahmad Hasanov) O‘zbekistonga kiritilmasligi borasida O‘zbekiston Bosh vaziri virtual qabulxonasidan xat oldi.
Bundan oldin Ahmad hoji Xorazmiy Shavkat Mirziyoev nomiga maktub yozib¸ uni qo‘llab quvvatlashini izhor qilgan holda O‘zbekistonga safar qilib, yaqinlari bilan ko‘rishib qaytishga imkon berishini so‘ragan edi.
Tuproqshunos olim o‘z maktubiga Mirziyoevni maqtab gapirgan radiosuhbat matnini ham ilova qilgan.
Ahmad hoji Xorazmiyning Bosh vazir virtual qabulxonasidan olgan javob xatida “ Sizga O‘zbekiston Vazirlar mahkamasining 1996 yil 21 noyabrdagi 408-qarorining 19 moddasi asosida ya’ni “milliy xavfsizlik yoki jamoat tartibini muhofaza qilishni ta’minlash manfaatlari yo‘lida” O‘zbekiston republikasiga kelishingiz rad qilinadi, deb yozilgan.
Bundan oldin ayni mazmundagi rad javobi yozilgan maktub olimning Xorazm viloyatida istiqomat qiladigan o‘g‘li Oybekka viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sa’dullaev imzosi bilan kelgan edi.
Ozodlikning Xorazm viloyat ichki ishlar boshqarmasidagi manbalarining aytishicha¸ O‘zbekiston vatandoshi Ahmad hoji Xorazmiy MXXdan berilgan ro‘yxatga asosan O‘zbekistonga kiritilmasligi haqida yaqinlariga maktub yuborilgan.
2005 yilda Toshkent shahar hokimiyati binosi oldida ishdan bo‘shatilganidan norozi bo‘lib piketlar o‘tkazgani ortidan tazyiqqa uchragan Xorazmiy o‘sha yili Britaniyadan siyosiy boshpana olgan edi.
Joriy yil sentabrida O‘zbekiston rahbari o‘limi ortidan Shavkat Mirziyoevning iqdidorga kelishini Ahmad hoji Xorazmiy “ijobiy o‘zgarish” deb o‘ylab Bosh vazir virtual qabulxonasiga ariza yozdi. Ahmad hoji o‘z arizasiga xorij radiolari orqali Shavkat Mirziyoevni maqtab gapirgan suhbat matnini ham ilova qilganini ham aytadi:
-Muhtaram Shavkat Miromonovichdan vatanim O‘zbekistonga qisqa vaqtga borib kelishga izn berishini so‘rab murojaat qildim. Murojaatda vatanim rahbariyati va siyosatini qo‘llab quvvatlaganim aks etgan hujjatlarni¸ xususan Ozodlik radiosi orqali uni maqtab gapirgan suhbatlarim matnini ilova qildim. Yoshim yetmishga yaqinlashgani¸ uch marta infarkt bo‘lib yuragimda amaliyot o‘tkazilganini ham yozdim. Maqsadim qisqa muddatga O‘zbekistonga borib yaqinlarim bilan vidolashib kelish. Bu iltimosimga rad javob berishdi deydi ma’yuslik bilan Ozodlik bilan suhbatda tuproqshunos olim.
Qishloq xo‘jalik fanlari doktori¸ O‘zbekiston fanlar akademiyasining sobiq a’zosi, professor Ahmad hoji Xorazmiy Xorazm viloyat hokimligi agrosanaot majmuasida va boshqa hukumat tizimlarida ishlagan.
2005 yili ishdan bo‘shatilganida¸ norozilik piketlari o‘tkazib ishga tiklanish maqsadida tadbirlar o‘tkazgani va tazyiqlarga uchragani ortidan o‘sha yilning o‘zida Britaniyadan boshpana olgan.
Karimov o‘limidan keyin mamlakat tashqarisidagi faollar orasida o‘zgarishlardan umidvorlar paydo bo‘lgani kuzatildi.
O‘zbekiston Bosh vaziri Virtual qabulxonasiga muxolifatdagi “Birlik xalq harakati partiyasi ”ning shu kunlarda Daniyada istiqomat qiladigan faoli Akbarali Oripov ham O‘zbekiston pasportini yangilash uchun murojaat qilganida rad javobi olgan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi vakili Egamberdiev imzosi bilan kelgan rad javobini o‘zining Facebookdagi sahifasiga qo‘ygan siyosiy faol “javob keldi ,umidim chil-parchin bo‘ldi¸ deya yozdi.