Линклар

Шошилинч хабар
26 декабр 2025, Тошкент вақти: 04:31

Yangiyo‘l hokimi metallolom topshirmagan fermerga yerini olish bilan tahdid qilmoqda


O‘zbekistonda metallolom topshirish nafaqat fermerlarga, balki maktab o‘quvchilariga ham majburiy qilib qo‘yilgan
O‘zbekistonda metallolom topshirish nafaqat fermerlarga, balki maktab o‘quvchilariga ham majburiy qilib qo‘yilgan

Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani hokimi Sodiq Abdullaev metallolom topshirish rejasini bajarmagan va hukumat gazetalariga obuna bo‘lmagan fermerlarni yerlarini olib qo‘yish bilan qo‘rqitmoqda. Bu haqda Ozodlikka shikoyat qilgan fermerlarning aytishlaricha, har uch fermerga bir tonnadan metallolom solig‘i solingan.

Ozodlikka murojaat qilgan fermerlar, tuman hokimi Sodiq Abdullaevning o‘z mansab vakolatini oshirib yuborayotganidan arz qildi.

“Metallolom berishga fermerlar majburmi yoki uni topib bermasa bu uning yeri olinishiga sabab bo‘ladimi? Tuman hokimi temir-tersak topib berolmagan fermerlarga yeringni olib qo‘yaman deb tahdid qilmoqda. Bundan tashqari har bir fermer hukumat gazetalariga obuna bo‘lishga majburlanmoqda", deb yozadi fermerlar.

Ismi sir qolishini so‘ragan yangiyo‘llik fermerlardan birining Ozodlikka aytishicha, har bir fermerga 330 kilodan metallolom solig‘i solingan:

- Hokim har uchta fermerga bir tonna temir solig‘i solgan. Shuni qilmasak, "yeringni olishga bir sabab topaman, ko‘zimga yomon ko‘rinib qolasan" deb, qo‘rqitish yo‘llarini qilyapti. Hozir bizda fermerlar ko‘payib ketgan. Hokim fermerlarni hududma hudud hokimiyatga yig‘ib oladida, shu gaplarni aytadi. O‘zi bo‘lmasa, qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i yoki fermerlar kengashi raisi hokimning nomidan aytadi, dedi fermer.

Uning aytishicha, ularga bu yil hisobidan ikkinchi marta metallolom solig‘i solinmoqda:

- Biz yil boshida metallolom topshirish rejasini bajarib qo‘ygandik. Lekin Sodiq Abdullaev avgust oyida Toshkent viloyati hokimligidan urilib, bizga hokim bo‘lib tayinlangandan so‘ng, "endi menga, yangi hokim hisobiga topshirasizlar" deb, yangi plan qo‘ydi. Lekin o‘sha temir-tersakning o‘zi yo‘q, deydi fermer.

Uning aytishicha, fermerlardan har biri kamida bitta hukumat gazetasiga yozilishga ham majburlanmoqda.

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa bir fermerning aytishicha, metallolom topolmagan fermerlar uning o‘rniga pul to‘lashi shart qilib qo‘yilgan:

"Metallolom topishning imkoni yo‘q. Bu yerda hamma narsani pul bilan hal qilsa bo‘ladi. Bizga aytishyaptiki, temir topshir yoki 100 ming so‘m ber. Metall qabul qiladigan vtorchermetga borib yuz ming so‘m bersang, senga metall topshirding deb qog‘oz yozib beradi. Yoki tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi va fermerlar kengashidagi yigitlarga ham yuz ming so‘m bersang, seni metall topshirdi, deb yozib qo‘yishadi. Tumanda uch mingga yaqin fermer bor. Buncha pul qaerga ketyapti, kim olyapti, hech kim bilmaydi", dedi fermer.

Yangiyo‘l tumani hokimligi iqtisod bo‘limining mutaxassisi Abdurashid Karimov Ozodlik bilan suhbatda fermerlar iddaolarini inkor qildi:

"Bizda fermerlarga metallolom topshirish va gazetalarga obuna bo‘lishi majburiy emas. Bu hammasi ixtiyoriy. Fermer agar metallolom topshirsa uning haqini oladi, obuna bo‘lsa o‘zi o‘qiydi. Hokimning majburiy temir topshirsin yoki obuna bo‘lsin degan gapi yo‘q", dedi hokimlik mulozim Abdurashid Karimov.

O‘zbekistonda nafaqat fermerlardan, balki o‘quvchilardan ham metallolom, makulatura yig‘ish yoki uning o‘rniga pul talab qilinishi muntazam davom etmoqda.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining metallolom jamg‘arish haqidagi qarorini bajarish mas’uliyati, asosan, fermerlar, maktab-kollejlar o‘qituvchiyu o‘quvchilari, tibbiyot muassasalarining shifokoru hamshiralari zimmasiga yuklangan.

Keyingi paytlarda hatto bog‘chalarga qatnaydigan bolalarning ota-onalariga ham metallolom solig‘i solinmoqda.

XS
SM
MD
LG