Линклар

Шошилинч хабар
31 декабр 2025, Тошкент вақти: 17:02

Samarqandda eshaklarning sirli kushxonasi va go‘ristoni yo‘q qilindi


Samarqanddagi eshaklar go‘ristoni
Samarqanddagi eshaklar go‘ristoni

Samarqand tumanining Xishrav posyolkasi yaqinidagi ko‘l bo‘yidan topilgan yuzlab eshak suyagi va bir necha jasadi bir joyga yig‘ilib yoqib yuborildi va ko‘mib tashlandi.​ Samarqand tumani ichki ishlar bo‘limi tergovchilari yil davomida bu joyda eshaklar nima uchun so‘yilgani va ularning go‘shti qaerda ishlatilganini tergov qilmoqda.

Bu haqda o‘zining http://rtoshpulat.blogspot.cz/ saytida yozgan samarqandlik jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullaevning Ozodlikka aytishicha, uning sirli eshaklar go‘ristoni(qironqora) haqidagi maqolasi chop bo‘lganidan so‘ng, mahalliy hokimiyat zudlik bilan chora ko‘rgan:

- Maqola 6 dekabr kuni chop bo‘lgan edi. 7 dekabr kuni tuzilgan ishchi guruh o‘sha joyga borgan. 8 dekabr kuni viloyat hokimi majlis chaqirib, bu ishda aybdorlarni topish, jazolash va o‘sha joyni yo‘q qilish haqida ko‘rsatma bergan. Shundan so‘ng, tegishli tashkilotlar vakillaridan 50-60 odam borib, eshaklarning barcha suyaklarini yig‘ib va ko‘ldagi eshaklar jasadlarini sudrab chiqib, to‘rt metr chuqurlikda yoqib yuborishgan va dezinfeksiyalab ko‘mib tashlashgan, dedi jurnalist.

Eshaklar suyaklari yoqilmoqda
Eshaklar suyaklari yoqilmoqda

Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimi hozircha mazkur voqea yuzasidan ma’muriy ish qo‘zg‘atilgani, ushbu harakatlarni sodir etgan gumonlanuvchilar so‘roq qilinayotganini Ozodlikka aytdi:

- Hozircha boshqa hech narsa deya olmayman. Natijalar yaqin kunlarda e’lon qilinadi, kutinglar, dedi ichki ishlar mulozimi.

Eshaklar suyaklari yoqilmoqda
Eshaklar suyaklari yoqilmoqda

Bloger ​Toshpo‘lat Rahmatullaev birinchi marta eshaklar go‘ristoniga borganida u erdagi manzaradan dahshatga tushganini aytadi:

- Manzara juda dahshatli edi. Rosti gap o‘sha kuni uyga keldim, tomoqdan na ovqat o‘tadi, na choy. Ko‘z oldimga yuzlab eshaklarning suyaklari, jasadlari kelaveradi. Ko‘lning ichida ham bir necha eshak jasadi yotardi. Qish bo‘lishiga qaramasdan uning hidiga chidab bo‘lmasdi. Bu hidning yozda qanday bo‘lganini tasavvur qilish qiyin, deydi Toshpo‘lat Rahmatullaev.

Eshaklar jasadi ko‘ldan olib chiqilmoqda
Eshaklar jasadi ko‘ldan olib chiqilmoqda

Jurnalistning aytishicha, eshaklarning suyaklari qaerdan paydo bo‘lgani va ularning nima maqsadda so‘yilgani hozircha sirli bo‘lib qolmoqda:

- Hozir eng asosiy savol ham shu. Suvning ichidan 3-4 ta eshakning suyagi topilgan bo‘lsa, qolganlarining go‘shti qaerga ketgan, nima maqsadda ishlatilgan? Axir bu bir necha yuz eshakning suyagi. Shu kuni o‘sha erda suyakni un qiladigan kichkina bir uskuna qurgan mahalliy odamlardan birini topib gaplashdim. U yigit “men shu erda turganimda to‘rtta baquvvat yigit qimmat moshinda kelib, bizning zooparkimiz bor, yirtqich hayvonlarimiz uchun eshaklarni shu yerda so‘yib ketsak, maylimi deb so‘radi. Men ularga, menga farqi yo‘q, bu meni yerim emas, dedim. Keyin, uch-to‘rt kundan keyin kelsam, hamma joy qon, eshaklarning kallasiyu, suyaklari qolgan, go‘shtini shilib olib ketishgan ekan”, deb aytdi. U yigit parrandachilik fabrikasida ishlaydi ekan, suyaklarni un qilib, fabrikaga topshiradi ekan, deydi jurnalist.

Ozodlik bu eshaklar go‘shti haqiqatan hayvonot bog‘i uchun ishlatilganmi yoki aholining umumiy ovqatlanish shoxobchalariga borib tushganmi, bu haqda aniq ma’lumotga ega emas.

Eshaklarning yoqilgan jasad va suyaklari ko‘milmoqda
Eshaklarning yoqilgan jasad va suyaklari ko‘milmoqda

​Toshpo‘lat Rahmatullaev Samarqandda hayvonot bog‘i yo‘qligi sababli, bu eshak go‘shtlarining nima uchun ishlatilgani yanada sirli bo‘lib qolayotganini aytadi. Jurnalist so‘zlariga ko‘ra, bu ish bilan shug‘ullanayotgan militsiya xodimlari gumonlanuvchilarning iziga tushganini aytgan:

- O‘sha kuni Samarqand tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosarini ham voqea joyida ko‘rdim. U kishidan bu ishni kimlar qilgani haqida so‘radim. Mulozim bu ishga aloqador odamlar hibsga olingani, hozir surishtiruv ishlari borayotganini aytdi. Lekin to‘liq tafsilotlar uchun boshliq nomiga xat yozishim kerakligini uqtirdi, dedi jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullaev.

Jurnalistga ko‘ra, Samarqandda oshkor qilingan eshaklar go‘ristoniga joriy yil davomida eshaklar olib kelib so‘yilganini mahalliy odamlar aytishgan.

O‘zbekistonda eshak eng arzon uy hayvonlaridan biri hisoblanadi. Samarqandlik Hasanboy ismli chorva mollari bozori dallolining aytishicha, ayni paytda Samarqand viloyatining Jomboy, Bulung‘ur tumanlarida eshakni 40-50 ming so‘mga, Jizzax viloyatining Do‘stlik, Mirzacho‘l tumanlarida esa eng sara eshakni 150 ming so‘mgacha sotib olish mumkin.

2015 yilning yanvarida Qirg‘izistonning Bishkek shahri chetida eshak boqib so‘yiladigan fermani qirg‘iz jurnalistlari oshkor etgan edi. Biroq bu ferma rahbarlari eshak go‘shti zooparklardagi yirtqich hayvonlarni boqish uchun xorijga eksport qilinishini aytgan edilar.

XS
SM
MD
LG